Breaking News

Xalqaro hamjamiyat Isroilni Eronga hujum qilmaslikka chaqirmoqda


Eronning Isroilga dron va raketa hujumlari ketidan Isroil armiyasining Bosh shtabi boshlig’i Xersi Xalevi Eron qilmishi uchun javob berishini bildirdi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu urush mahkamasi a’zolarini to’plab, javob choralarini muhokama qilgan.

Xalqaro hayot - 16-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:37 0:00

AQSh va mintaqadagi davlatlar Isroilni bosiqlikka da’vat etmoqda. Amerika Prezidenti Jo Bayden uning mamlakati Isroilning Eronga qarshi hujumida qatnashmasligini bildirgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon Isroil Eronga hujum qilsa, javob hujumi yanada kuchliroq bo’lishi haqida ogohlantirdi.

Eron Isroilga 300 dan ortiq dron va raketa otgan. Isroil aksariyati urib tushirilganini, sahrodagi harbiy bazasiga kichik zarar yetganini, 7 yashar qiz yaralanganini bildirmoqda.

“Agar qaysidir mamlakat bu to’qnashuvda sionist rejimni qo’llab-quvvatlasa, biz ularni va manfaatlarini nishonga olamiz”, - deydi Eron tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Ali Bag’eri Qani.

Isroil Eronning o’nlab dron va raketalarini AQSh, Britaniya va Iordaniya yordamida urib tushirdi. Xalqaro hamjamiyat Isroilni Eron hujumiga javob bermaslikka chaqirmoqda, biroq isroilliklar hukumatidan qattiq zarba berishni talab qilmoqda.

“Bunga javob bermasdan masalani ochiq qoldira olmaymiz. Isroilning javobi mintaqaviy urushga yetaklaydigan darajada bo’lmasligi kerak”, - deydi Isroil razvedkasining sobiq rasmiysi Yossi Kupervasser.

Isroil matbuotiga ko’ra, urush mahkamasiga kirgan ikki sobiq general Eron hujumi paytida unga zarba berishni taklif etgan, biroq Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bunga ko’nmagan.

Ayrim isroillik tahlilchilar Eron hujumlaridan ko’rilgan zarba cheklangan bo’lganiga ishora qilarkan, unga javob berishga hojat yo’qligini aytadi.

“Aminmanki, Isroil kelajakda boshqa yo’l bilan javob berishga imkon topadi. Salohiyatimiz keng. Agar Isroil buning uddasidan chiqsa, Eron jiddiy zarar ko’radi. Isroil bu bilan Yaqin Sharq arxitekturasini o’zgartirishga muvaffaq bo’ladi. Shunda boshqalar ham Eron va uning proksilariga qarshi hamkorlik qilishga kelishadi,” – deydi Eron bo’yicha ekspert Sima Shayn.

Ayrimlar nazarida, agar Isroil Eronga hujum qilsa, xalqaro hamjamiyat undan qo’shinlarini G’azodan chiqarishni talab qilib, bosim qo’yadi. Isroil harakatlari tufayli G’azo gumanitar inqirozga yuz tutmoqda va Eronga hujum uning xalqaro sahnadagi obro’sini yanada tushirib yuborishi mumkin.

Baydenning Oq uyda Iroq rahbari bilan Eron-Isroil mojarosi bo'yicha muloqoti

Eron Isroilga hujum uyushtirgan bir paytda AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda Iroq Bosh vaziri Shia al-Sudaniyni qabul qildi. Ikki tomonlama munosabatlardan tashqari, rahbarlar mintaqadagi vaziyat xususida gaplashgan, regionda kattaroq urush boshlanishi ehtimolini xavotir bilan tilga olishgan.

Al-Sudaniy Vashingtonga yetganida Prezident Jo Bayden bilan uchrashuv chog’ida muhokama uchun jiddiy mavzu topildi – Eronning Isroilga hujumi va Isroilning bunga kutilayotgan javobi mintaqani kattaroq urush xavfi bilan yuzlashtirmoqda.

Shu bilan birga, Sudaniy Isroil-XAMAS ixtilofini mintaqa uchun jiddiy muammo deb atadi.

"Urush to’xtashini juda istaymiz. Bu urushda minglab fuqaro, ayollar va bolalar nobud bo’ldi. Mojaroning kengayishiga chek qo’yishga qaratilgan barcha harakatlarni olqishlaymiz”, - dedi u.

AQShning Irodagi ko’p yillik harbiy harakatlari ketidan ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar nozik pallada. Eron Isroil tomon otgan raketalarning ba’zilari Amerikaning Iroqdagi harbiy bazasidan urib tushirilgan.

Baydenga ko’ra, Iroq tinchlikni saqlashda muhim rol o’ynaydi.

“Oddiy so’z bilan aytganda, bizning hamkorligimiz mamlakatlarimiz, Yaqin Sharq va, nazarimda, butun dunyo uchun muhimdir”, - dedi Bayden.

Al-Sudaniy Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ham uchrashdi. Blinken Eron hujumini qaytarishda mintaqaviy hamkorlikni olqishladi, deeskalatsiyaga da’vat etdi.

"Bo’lgan voqealar Isroil bosqinga, hujumga uchraganda o’zini yolg’iz himoya qilmasligi kerakligini namoyish etdi. Shundan keyingi 36 soat davomida eskalatsiyaning oldini olish uchun diplomatik harakatlarimizni muvofiqlashtiryapmiz. Kuch va donolikni har tarafga, tanganing har ikki tomoniga yo’naltirish kerak”, - dedi Blinken.

"Barcha taraflarni bosiqlikka, qoidalar va xalqaro normalarni hurmat qilishga chaqiramiz”, - dedi Iroq bosh vazirining muovini Muhammad Ali Tamim.

Tahlilchilar shu tobda Iroq rahbariyatiga ko’p narsa bog’liq ekanini aytadi.

“Iroq eskalatsiyaning susayishi tarafdori ekanini aniqroq bildirishi kerak. Buning uchun Eron bilan, boshqa arab davlatlari bilan, AQSh bilan gaplashishi, mavjud vaziyatning Iroq nazarida salbiy ekanini aytishi, eskalatsiyani pasaytirishda barcha taraflar mas’uliyatli choralar ko’rishi kerakligini aytishi kerak”, - deydi vashingtonlik siyosatshunos Daniel Baymen.

Isroil Eron hujumiga qanday javob berishni o’ylayotgan bir paytda mintaqadagi davlatlar jim o’tirgani yo’q. Iroq prezidenti Iordaniya qiroli bilan gaplashib, mojaroni so’ndirish muhimligiga urg’u berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG