Breaking News

AQSh saylovi: Bayden e’tiborni ichki masalalarga qaratmoqda


AQSh Prezidenti Jo Bayden Filadelfiya shahrida saylovchilar bilan uchrashmoqda
AQSh Prezidenti Jo Bayden Filadelfiya shahrida saylovchilar bilan uchrashmoqda

Ukraina va G’azoda urushlarning keti ko’rinmas ekan, 2020-yil saylov kampaniyasida abadiy urushlarga chek qo’yishga va’da bergan Jo Bayden saylovga besh oy qolganda saylovchilar diqqatini tashqi siyosatdan ichki masalalarga qaratishga urinmoqda.

Xalqaro hayot - 29-may, 2024-yil - AQSh Isroilni jazolamadi. Putinning ogohlantirishi. Amerika saylovi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:05 0:00

Isroilning G’azoda harbiy kampaniyasi davom etmoqda, AQShning diplomatik harakatlariga qaramay XAMAS bilan otashkesim evaziga garovdagilarni ozod etishga qaratilgan kelishuvdan hamon nishon yo’q.

Ukraina ham salkam 2,5 yillik urushdan so’ng boy berilgan hududlaridan voz kechish niyatida emas, Rossiya bilan bevosita muzokaradan bosh tortmoqda.

“Har ikki holatda AQSh o’z siyosatining oqibatlari qanday bo’lishini o’ylamasdan aralashgan deb aytishingiz mumkin. Har ikki holatdan ham chiqish yo’li yo’q va bu nazarimda, Bayden uchun muammo”, - deydi Vashingtondagi Stimson markazi tahlilchisi Emma Eshford.

Prezident Bayden bu ikki mojarodan hech biriga amerikalik askarlarni jalb qilgani yo’q.

"Ukrainadagi urushda birorta amerikalik askar qatnashayotgani yo’q. Shunday bo’lishini nazorat qilaman. Ukraina bilan birgamiz, uni qattiq qo’llab-quvvatlayapmiz”, - deydi Bayden.

Ukraina uchun 61 milliard, Isroil uchun 26 milliard dollarlik yordamni o’z ichiga olgan, ammo Kongress Vakillar palatasida oylab turib qolgan qonun loyihasi aprel oyida tasdiqlanganida Bayden muhim siyosiy ochko to’plashga muvaffaq bo’ldi.

Shundan keyingi chiqishlarida u xorijdagi urushlar haqida kamroq gapira boshladi.

“Agar Bayden ikkinchi muddatga saylanishni istasa, xalqaro sahnadagi emas, ichki siyosatdagi yutuqlarga urg’u berishi kerak. Unda ikkilanib turgan muhim shtatlarda vaziyatni yaxshilash uchun hali ham imkon bor. Buning uchun Bayden demokratlar qarashlari bilan hamohang mavzular, masalan, abort masalasiga urg’u berishi kerak”, - deydi Virjiniya universiteti professori Larri Sabato.

So’nggi haftalarda Bayden tashviqot ishlariga faolroq yondashmoqda, ma’ruzalarida iqtisodiyot, abort huquqlarini himoya qilish, talabalar qarzidan kechish, xaridorlar yuzlashayotgan yashirin narxlarga qarshi kurash, ishlab chiqarishni kuchaytirish haqida ko’p gapirmoqda.

“Ular o’zlarining kuchli tomonlariga e’tiborni kuchaytirishga harakat qilyapti. Ammo bu faqat ularga bog’liq emas. Dunyo ishlari ta’sir qilib turadi”, - deydi Xalqaro siyosat markazi eksperti Mett Dass.

Shunga qaramasdan, Bayden ichki masalalarga urg’u berishda davom etadi. May oyida o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ko’p amerikaliklar urushlardan norozi bo’lsa-da, inflyatsiyani mamlakat yuzlashayotgan eng katta muammo deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG