Breaking News

Jo Bayden Donald Tramp bilan teledebatda bahslashishga rozi bo'ldi


AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden 15-may kuni raqibi Donald Tramp bilan televideniye orqali bahslashishga rozi bo’ldi.

Xalqaro hayot - 20-may, 2024-yil - Eronda motam. Netanyaxu qidiruvga beriladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:56 0:00

“Donald Tramp 2020-yilda ikkita teledebatda menga boy berdi. O’shandan beri birorta debatda qatnashgani yo’q. Hozir o’zini men bilan yana bahslashmoqchi bo'lgandek tutyapti. Qani, og’ayni, qaddingni ur”, - dedi Bayden.

Birinchi teledebat 27-iyunga, ikkinchisi 10-sentabrga belgilandi. Respublikachilar partiyasidan nomzod Tramp Baydenning ruhiy salomatligini savol ostiga qo’ydi.

“U bilan bahslashishni istayman, ammo debatdan oldin giyohvand moddaga analiz topshirishini talab qilaman. Gapim jiddiy. Debatga Kongressdagi yillik ma’ruzaga kelayotgandek kelishini istamayman. O’sha tadbirda u xuddi nasha chekib olgandek ko’ringandi”, - deydi Tramp.

Demokrat senator Kris Van Xollen sobiq prezidentning bahslashish taktikasi bo’yicha shubha bildirdi.

“U sirkka o’xshagan muhit yaratishni xohlaydi. Ammo odamlar kimga ovoz berishini yaxshi biladi. Jo Baydenni nazarda tutyapman. U Pensilvaniyaning Skrenton shahrida tug’ilgan, o’rta sinf uchun kurashib keladi, mehnat va odobning qadriga ishonadi. Donald Tramp esa tartibsizlik agenti”, - deydi qonunchi.

Tramp saylov shtabida ilgari ishlagan Mark Lotter nomzodlar teledebatga rozi bo’lganini olqishladi.

“Debat jonli bo’ladi. Donald Tramp har hafta 2-3 martadan sahnaga chiqib, 90 daqiqadan ma’ruzalar qilmoqda. Jo Bayden esa kamdan-kam hollarda qattiq intervyular beryapti. Prezidentga ancha qiyin bo’ladi debatda”, - deydi Lotter.

Bu galgi debatlarda zalda tomoshabin bo’lmaydi. Agar nomzodlar bir-birining gapini bo’ladigan bo’lsa, CNN va ABC telekompaniyalarining debatni olib boruvchi boshlovchilari mikrofonni o’chirib qo’yish vakolatiga ega bo’ladi.

Debatlardan maqsad, deydi Roud-Aylend shtatidagi Rojer Uilyams universitetining siyosatshunos professori Jun Spikmen, saylovchilarga har bir nomzod haqida tasavvurini yaxshiroq shakllantirishga imkon berish.

“Tramp mavzularga kamroq e’tibor berib, raqibining salbiy tomonlariga zarba berishni qoyillatadi. Bayden mavzularga, iqtisodiy ko’rsatkichlarga urg’u berishga harakat qiladi, Trampning nomzod sifatidagi xususiyatlariga kamroq e’tibor qaratadi deb o’ylayman”, - deydi Spikmen.

“Amerika tadbirkorlik instituti” tahlilchisi Jon Fortyening aytishicha, debatlar saylovchilar fikrini o’zgartirishi uchun to’g’ri vaqtda o’tkazilihi kerak.

“Debatlar saylovga oz vaqt qolganda va saylovchilar unga ko’proq diqqat qilayotganda o’tkazilsa, ko’p odam ularni tomosha qiladi, kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilar oxirgi daqiqada bir qarorga kelishi mumkin”, - deydi mutaxassis.

23-may kuni Tramp Nyu-York shahrining Bronks rayonida tashviqot olib boradi, Bayden esa 21-may kuni avval Nyu-Gempshir shtatida, so’ng qo’shni Massachusetsda bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG