AQShda saylov mavsumida iqtisodiyot saylovchilar uchun eng muhim mavzudir. Fuqaro prezidentlikka nomzodlar iqtisodiyotni yaxshilash uchun qanday rejaga ega ekanini bilishni istaydi.
Demokratlardan nomzod Jo Bayden kampaniya paytida yangi texnologik sarmoyalar haqida gapirdi, Donald Tramp esa Baydenning infratuzilma uchun dasturini to’xtatib, neft qazishga e’tibor qaratishini bildirdi.
Jo Bayden Viskonsin shtatida saylovchilar bilan uchrashganida texnologiyaga sarmoyalar haqida gapirdi. “Microsoft” kompaniyasi shtatda yangi ma’lumotlar markazi uchun 3,3 milliard dollar sarflashni rejalamoqda.
"Mamlakat bo’ylab xususiy sektorga 866 milliard dollar sarmoya qilyapmiz. Bu salkam bir trillion dollar bo’lib, qisqa davr uchun tarixiy miqdordir. Natijada Amerikada yarimo’tkazgich, elektromobillar, batareyalar ishlab chiqaruvchi yangi zavodlarda yuz minglab odamni ish bilan ta’minlayapmiz”, - dedi Bayden.
“Microsoft” yangi ma’lumotlar markazini elektron jihozlar ishlab chiqaruvchi “Foxconn” kompaniyasi olti yil oldin qurmoqchi bo’lgan zavod o’rniga tushiradi. O’shanda Donald Tramp prezident edi. Viskonsinda 13 ming ish o’rinlarini yaratishga qaratilgan majmua qurilmadi. Bayden uni Trampning yana bir yolg’on va’dasi deb atadi.
“Tramp o’shanda shtatdan saylangan senator Ron Jonson bilan kelib, qo’lida oltin kurak bilan dunyoning sakkizinchi mo’jizasini qurishga va’da bergan. Nima bo’lganini ko’ryapsiz. Qo’lidagi tilla kurak bilan chuqur qazib, o’sha chuqurga tushib ketishdi keyin”, - dedi Bayden.
Tramp yillik inflyatsiya ko’tarilganiga ishora qilarkan, Bayden iqtisodiyotni yurgiza olmayotganini aytadi.
“Iqtisodiy ahvol yaxshi emas. Inflyatsiya osmonga qarab ketmoqda. Bunday sharoitda foiz stavkalarini tushira olishmaydi. Bunga siyosiy sabab bor. Tushirishsa, ahvol yanada yomonlashadi”, - deydi respublikachi nomzod.
Tramp Baydenning infratuzilma dasturiga, toza energiya, texnologiyaga katta pul sarflanishiga qarshi.
"Oq uyga kirishim bilan Jo Baydenning katta sotsialistik qonun loyihalari doirasidagi yangi xarajatlarni to’xtataman. Ancha pul tejaymiz”, - dedi u.
Bayden nazarida, infratuzilmaga sarmoya iqtisodiyotga yordam bermoqda.
“Yo’llar, trassalar, yana ko’plab boshqa narsalar Amerika mahsulotlari hisobiga, amerikalik ishchilar tomonidan quriladi, amerikaliklarni yaxshi maoshli ish bilan ta’minlaydi”, - deydi prezident.
Tramp neft quduqlarini burg’ulashga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilishga, amerikalik ishchilarni noqonuniy muhojirlardan himoya qilishga so’z berdi.
"Ish o’rinlarini yaratish uchun burg’ulashga ruxsat beraman, yoqilg’i narxini tushiraman, chegarani yopib, mamlakatimizga kirayotgan barcha jinoyatchilardan tozalayman”, - deydi Tramp.
Aprel oyida AQShda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, inflyatsiya saylovchilar uchun eng muhim mavzu. So’ralganlarning uchdan biri iqtisodiyotdan mamnun ekanini aytgan.