16-may kuni respublikachi qonunchilar ko’pchilikni tashkil etgan AQSh Vakillar palatasi Prezident Jo Baydenni Isroilga qurol yuborishga majburlovchi qonun loyihasini qabul qildi. Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasidan norozi Bayden ma’muriyati o’tgan hafta unga hujumkor qurollar berishni to’xtatib qo’ygan.
Palata spikeri Mayk Jonson Isroilga yordam muhim ekanini aytadi.
“Bayden o’z harakatlari bilan yordamni to’xtatib qo’ymoqda. Bu qarorining global oqibati yomon bo’ladi. Albatta bu siyosiy maqsadlarda qilinmoqda”, - dedi u.
Oq uy shu hafta Isroilga mudofaa uchun bir milliard dollarlik qurol uzatishga ruxsat berdi, AQShning Isroil bilan ittifoqi mustahkam ekanini ta’kidladi.
Isroil hujumlarida G’azoda oddiy odamlar o’lishda davom etarkan, Kongressdagi ayrim demokrat qonunchilar Isroilni tinch aholi xavfsizligini o’ylamayotganlikda ayblamoqda.
“Bosh vazir Netanyaxu dunyoni o’ziga qarshi qilib qo’ydi. U garovdagi vatandoshlarini ozod etishga e’tibor berish o’rniga harbiylarining kasalxonalar, tez tibbiy yordam mashinalari, turar-joylarni bombardimon qilishiga, jurnalistlar, gumanitar xizmatchilar, jumladan amerikaliklarni o’ldirishlariga mone’lik qilmadi”, - deydi kongressmen Xoakin Kastro.
Tarixchi Barbara Perrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Isroil demokratiyasini qo’llab-quvvatlash va uni harakatlari uchun javobgar tutishni muvozanatlab kelgan.
“AQSh Isroilga uzatayotgan yordamiga doim shart qo’yib kelgan. Xoh 50-yillarda bo’lsin, xoh 60, 70 yoki 80-yillarda bo’lsin va shu paytga qadar. Eyzenxauer, Ford, Reygan kabi prezidentlarimiz va ayniqsa respublikachi rahbarlar Isroilga Yaqin Sharqdagi siyosatidan noroziligini bildirib kelishgan”, - deydi Virjiniya universiteti olimasi.
Isroil Rafahga qo’shin kiritish rejasidan qaytmasligini bildirishda davom etarkan, Vakillar palatasida qabul qilingan qonun loyihasi demokratlar ko’pchilikni tashkil etgan Senatda ma’qullanmasligi mumkin.
“AQSh Isroilning minglab begunoh insonlar o’limiga olib keluvchi va G’azodagi gumanitar dahshat ko’lamini oshiruvchi Rafahga hujumida ishtirok etmasligi kerak. Bu AQSh uchun ham, Isroil uchun ham ma’naviy va strategik ofat bo’ladi”, - deydi demokrat senator Kris Myorfi.