Vitse-prezident Kamala Harris prezidentlikka bag'oyat yaqin ekan, hind amerikaliklar chuqur hayajonda.
Harrisning onasi hind, otasi yamaykalik bo'lgan. Siyosatchi o'zini qisman hind deb tanishtiradi, shuningdek, qora tanli.
Respublikachilar tomonda esa vitse-prezidentlikka ko'rsatilgan J.D. Vens hind rafiqasini ko'z-ko'z qilmoqda. Partiya yulduzlaridan kamida ikkisi ham hindlar - Nikki Heyli va Vivek Ramasvomi.
"Hind amerikaliklar har sohada ilg'or", - deydi Shaker Narasimha, demokrat faol.
Narasimha deydiki, uning partiyadoshlari bir tomondan Jo Bayden poygadan chiqib ketganidan afsusda, boshqa tomondan esa uning o'rniga hind kelib chiqishiga ega odam qolganidan xursand.
Hind ayol prezident bo'lishi mumkin, aks holda esa vitse-prezidentning rafiqasi hind bo'ladi. Har ikki holatda yutadiganlar - hind amerikaliklar.
Bugun Amerikada qariyb 5 million hindistonlik yashaydi. Ular meksikaliklardan keyingi ikkinchi eng yirik immigrant guruh va osiyoliklar orasida eng katta jamoa.
Aksariyat hind amerikaliklar demokratlardir yoki bu partiyaga ovoz beradi. 20 foizi, hozirg so'rovlar natijalariga ko'ra, respublikachilarni yoqlaydi va ularga ovoz bermoqchi.
Ovoz berish huquqiga ega hind amerikaliklarning 90 foizdan ziyodi saylovga chiqishini aytgan, ammo kamida 40 foizi hali biror nomzod ularga murojaat qilmaganini aytadi.
2020-yilda AQShda saylovchilarning 1 foizi o'zini hind deb qayd etgan. Ularning uchdan bir qismi Jorjiya, Shimoliy Karolina va Pensilvaniya singari siyosiy jihatdan muhim shtatlarda yashaydi.
Bayden-Harris to'rt yil oldin Oq uyga saylanganida hind amerikaliklarning 70 foizdan oshig'i ularga ovoz bergan.
May oyida Kamala Harris jamoa tadbirida so'zlab, unga siyosiy quvvatlov uchun rahmat aytgan. Hind amerikaliklar bir necha senatorlar va vakillar saylanishi uchun ulkan hissa qo'shgan, deydi Harris.
Oq uyga kim kelishini belgilash uchun fuqaro bo'lishning o'zi yetmaydi, deydi Narasimha, ovoz berish kerak.
"Odamlar jarayonni tushunishi, vaqtida ro'yxatdan o'tib, berayotgan ovozi samara berishi uchun harakat qilishi lozim", - deydi faol.
"Tramp Hindistonga mehri baland va buning ta'siri bo'ladi", - Priti Pandya -Patel, respublikachi faol.
Yaqinda olib borilgan so'rovlarda hind amerikaliklarning 29 foizi Trampni olqishlayotganini aytgan.
Tramp Hindiston Bosh vaziri Narendra Modini do'st deb ta'riflaydi va uning siyosatini maqtab keladi.
Pandya-Patel fikricha, bunday yaqinlik hind amerikaliklar uchun muhim. Davlatlar orasidagi rishtalar ularning tirikchiligi bilan chambarchas bog'liq. Ko'plab muhojirlarning vatanda bizneslari, sarmoya va yaqinlari bor.
Hindu dinidagilarni AQSh siyosiy partiyalari xush ko'rmaydi, degan gaplar asossiz, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan faollar.
Turli izlanishlarda hind amerikaliklar orasidagi kayfiyat turlicha ko'rinadi, ammo liberal yo komservator, jamoa a'zolari siyosatga befarq emas.
Iqtisod, xavfsizlik, tashqi siyosat kabi yo'nalishlar hind amerikaliklar uchun yuqori o'rinlarda.