Breaking News

Ukrainada Rossiya bilan aloqador diniy guruhlar faoliyati taqiqlandi


Moskvaparast Rus pravoslav cherkovining ta'sirini yo'q qilishga qaratilgan yangi Ukraina qonuni Ukrainada keng jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda; biroq u xalqaro diniy erkinlik himoyachilari orasida shubha uyg'otmoqda.

Rossiya pravoslav cherkovi va Ukraina pravoslav cherkovi o‘rtasidagi ko‘p yillik munozaralar natijasida, Ukraina parlamenti tomonidan Moskva bilan aloqador diniy tashkilotlarni taqiqlovchi qonun qabul qilindi.

Qonun Ukraina Davlat etnopolitika va vijdon erkinligi bo‘yicha davlat xizmatiga diniy tashkilotlarni Rossiya bilan ehtimoliy aloqalari bo‘yicha tekshirish vakolatini beradi. Agar bunday aloqalar aniqlansa, avvaliga qonunbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma beriladi. Agar aloqalar davom etsa, xizmat diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatish talabi bilan sudga murojaat qiladi.

Benjamin Kardozo nomidagi Huquq maktabidan taklif etilgan professor Dmitriy Vovk “Amerika Ovozi’ga bergan intervyusida rasmiy nomi “Ukrainada diniy tashkilotlar faoliyati to‘g‘risidagi ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” bo‘lgan qonunning qanday amalga oshirilishini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunda uchta asosiy band mavjud.

“Birinchidan, bu rus pravoslav cherkoviga siyosiy va ramziy taqiq qo’yadi. Nega ramziy? Chunki bu qonunsiz ham bugungi kunda Ukrainada rus pravoslav cherkovi mavjudligining huquqiy mexanizmlari mavjud emas.

Ikkinchidan, qonun o'z hududlarini kengaytirish istagi bilan bog'liq bo'lgan neokolonial Rossiya siyosatining bir turi sifatida keng ta'riflangan "rus dunyosi" mafkurasi tarqalishini taqiqlaydi. Bunday mafkuraning tarqalishi diniy tashkilotni taqiqlash uchun asos bo'ladi.

Va nihoyat, uchinchidan, ushbu qonun Ukrainadagi Rus pravoslav cherkoviga aloqador bo'lgan va boshqa har qanday rus diniy tashkilotiga aloqador bo'lishi mumkin bo'lgan diniy tashkilotlarning faoliyatini taqiqlaydi”, - deydi u.

Prezident Volodimir Zelenskiy qonunni imzolab, “Ukraina ma'naviy mustaqilligi” haqidagi qonunni qabul qilganlari uchun qonunchilarni tabrikladi.

“Ukraina va jamiyatimizni mustahkamlashda davom etamiz”, - dedi u.

Ukraina diniy jamoalarining 90 foizdan ortig'ini tashkil etuvchi Ukraina cherkovlar va diniy tashkilotlar kengashi qonunning qabul qilinishini olqishladi.

“Biz Rossiya pravoslav cherkovining faoliyatini qat'iyan qoralaymiz. U Rossiya bosqinchilarining insoniyatga qarshi qonli jinoyatlariga sherik bo‘ldi, ommaviy qirg‘in qurollarini muqaddas deb biladi va Ukraina davlatchiligi, madaniyati, o‘ziga xosligini va so‘nggi paytlarda ukrainaliklarning o‘zini yo‘q qilish zarurligini ochiqchasiga e'lon qilmoqda”, - deyiladi bayonotda.

Rossiya pravoslav cherkovi faqat Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida va unga bevosita bo‘ysunadigan ba'zi monastirlarda faoliyat yuritadi. Shunday qilib, taqiq asosan Ukraina pravoslav cherkoviga taalluqli bo’ladi, chunki Ukraina hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, UPCh (Ukraina pravoslav cherkovi) hali ham Rossiya pravoslav cherkovi bilan aloqalarni saqlab qolmoqda. 2022-yilda Rossiya bosqinidan keyin UPCh bu aloqalarni uzganini e'lon qilgan edi.

Kiyev Xalqaro Sotsiologiya Instituti tomonidan may oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Ukraina fuqarolarining 83 foizi davlat UPCh faoliyatiga aralashishi kerak, deb hisoblaydi; respondentlarning 63 foizi esa uning taqiqlanishini xohlaydi.

Diniy erkinlik himoyachilari

Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi qonunning Ukraina aholisi orasida muntazam ibodat qiluvchilarga ta'siri haqida xavotir bildirdi.

“Qonunning so‘nggi tahriri butun diniy guruhlar jamoaviy jazoga tortilishi mumkinligi haqidagi oldingi xavotirlarni to‘liq bartaraf etmaydi. Shuningdek, u din va e’tiqod erkinligi hamda so‘z erkinligi himoyasiga xavf solishi mumkin bo‘lgan yangi muammoli jihatlarni ham keltirib chiqardi”, - dedi USCIRF raisi Stiven Shnek “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotida.

Komissiya qonun kuchga kirgandan keyin uning ijrosini kuzatib borishini aytib, Ukraina hukumatini “qonunchilikning Ukraina xalqaro huquq majburiyatlariga muvofiqligini ta'minlashga” chaqirdi.

Vashingtonda joylashgan Diniy Erkinlik instituti katta ilmiy xodimi Monika Palotai ushbu qonunchilikni “nifoq soluvchi”, “ajratuvchi” deb atadi.

“Bu odamlarni ajratadi. Bu xalqaro hamjamiyatni ham bo‘ladi. Ushbu cherkovga mansub bo‘lgan odamlar taqdiri endi nima bo‘ladi, degan savollar paydo bo‘ladi. Ularning qanday tanlovi bor?” – deydi u.

Ukraina Davlat etnopolitika va vijdon erkinligi xizmati rahbari Viktor Yelenskiy "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida Ukraina o‘z qonunlari va xalqaro majburiyatlariga rioya qilishini aytib o’tdi.

“Ukraina Shimoliy Koreya emas, - dedi Yelenskiy. - Ushbu qonunda belgilangan tartib juda demokratik. Mazkur tashkilot bizning talablarimizni turli bosqichlarda sudda rad etishi mumkin. Agar UPCh Rossiya pravoslav cherkovi bilan aloqalarni uzishni istamasa, faqat sud uning faoliyatini to‘xtatishi mumkin”.

Aksariyat ukrain pravoslav xristianlari Rossiya pravoslav cherkovi bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan jamoatlarning a’zolari hisoblanadi.

Asrlar davomida rus pravoslav cherkovi Ukrainada asosiy xristian dini bo'lgan. Ukraina pravoslav cherkovi 1990-yilda rus cherkovi bilan aloqalarni saqlab qolgan holda alohida tashkilot sifatida ajralib chiqdi.

2022-yil may oyida uning yetakchilari Rossiya cherkovidan to‘liq mustaqilliklarini e'lon qildi. Bunga sabab cherkov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainani bosib olish strategiyasini qat'iyan qo‘llab-quvvatlashi bo’ldi.

Ukraina: din, siyosat va urush
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Kiyev Xalqaro Sotsiologiya instituti so‘roviga ko‘ra, Ukraina aholisining atigi 4 foizi o‘zini UPChga tegishli deb hisoblaydi. UPCh esa haqiqiy raqamlar bundan yuqori ekanini ta'kidlamoqda.

Mamlakatda yana bir pravoslav cherkovi bor — Ukrainaliklar pravoslav cherkovi; unga 2019-yilda Konstantinopol Patriarxati mustaqillik berdi. O'shandan beri ko'plab jamoatlar va shaxslar UPChdan yangi tashkilotga o'tishdi va bu jarayon davom etmoqda.

UPCh vakili mitropolit Klimentning aytishicha, yangi qonun Ukraina fuqarolari va UPChga e'tiqod qiluvchilarni vijdon va diniy e'tiqod erkinligidan mahrum qiladi. U qonunchilar Ukraina jangchilari tomonidan ushbu cherkovga yo'llangan murojaatlarni e'tiborsiz qoldirganini va UPChni Moskva bilan mavjud bo'lmagan aloqalar uchun nishonga olganini ta'kidladi.

“Ukrainada Moskva cherkovlari yo‘q. Bizning cherkovimiz Ukrainada qadim zamonlardan beri faoliyat yuritib keladi, uning ruhoniylari va millionlab e’tiqod qiluvchilari chet elliklar emas, balki ongli Ukraina fuqarolaridir. Biz bu Oliy Radani urush paytida ruslar bosib olingan hududlarda qilayotgani kabi, bizning cherkovlarimizni tortib olishi uchun saylamadik”, — deb yozdi u “Amerika Ovozi”ga.

2024-yil mart oyida Moskva Patriarxiyasi Ukrainadagi urushni rasman "muqaddas" deb e'lon qildi. Jahon rus xalqi kengashi "zamonaviy Ukrainaning butun hududi faqat Rossiyaning ta'siri ostida bo'lishi kerak" degan rezolyutsiya chiqardi.

Ukraina Pravoslav cherkovi ertasi kuni e’lon qilgan bayonotida yuqoridagi bayonotni qat'iyan rad etib, qoraladi:

“Biz, Rossiyadagi Pravoslav cherkovi ruslarning harbiy tajovuzini ideologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va oqlash o‘rniga, ushbu tajovuzkor urushga qarshi o‘z ovozini baland ko‘tarishi kerak edi, deb hisoblaymiz”.

Biroq Rossiya bosqin boshlaganidan beri, Ukraina hukumati Ukraina Pravoslav cherkovining 100 dan ortiq ruhoniylarini davlatga xiyonat, tajovuzkor davlatga yordam berish, hamkorlik va o‘qotar qurol savdosi kabi jinoyatlarda ayblab, ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Masalan, 2023-yil may oyida Kirovograd viloyati Kirovograd tuman sudi UPCh ruhoniysi, mahalliy epaxiyaning sobiq rahbari mitropolit Ioasafni (Nikolay Guben) Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi targ‘ibotni tarqatish va dinlararo adovatni qo‘zg‘atishda ayblab, uch yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Mazkur qonun loyihasi ustida ishlagan Gumanitar va axborot siyosati qo‘mitasi raisi, Ukraina deputati Nikita Poturayev “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida, qonun UPChni taqiqlamaydi, deb aytdi. Qonunning so‘nggi versiyasi Rossiya bilan hali ham aloqador bo‘lgan Ukraina tashkilotlariga aloqalarni uzish va o‘z kelajagini belgilash uchun to‘qqiz oylik imtiyozli davrni belgilagan.

“Ular Istanbul, Konstantinopol patriarxi bilan muloqot o‘rnatishlari yoki Ukrainaliklar Pravoslav Cherkovi bilan muloqot boshlashlari mumkin”, — dedi u.

U qonunning diniy urf-odatlar yoki e'tiqodlarga tegishli emasligini, faqat dushman bilan hamkorlikka qaratilganini ta'kidladi.

“Agar biz FSB yoki boshqa Rossiya davlat idoralariga hozir Ukrainada faoliyat yuritishiga ruxsat bergan bo‘lsak, g‘alati bo‘lardi, chunki ular endi dushman”, - dedi u.

Ukrainalik ilohiyotshunos va Stokgolm universitet kolleji professori Arximandrit Kirill Govorun, Rossiya pravoslav cherkovi tomonidan keltirilayotgan muammo faqat Ukrainaga tegishli emasligini, ammo Ukraina uchun boshqa davlatlarga qaraganda dolzarb ekanini ta'kidladi.

“Moskva Patriarxati sezilarli darajada mavjud bo‘lgan barcha Yevropa mamlakatlari bir xil dilemmaga, ya’ni uning ta'sirini inson huquqlarini buzmasdan qanday neytrallashtirish mumkin, degan muammoga duch kelmoqda”, - dedi u.

Uning aytishicha, hech bir davlat, jumladan, Ukraina ham, bu masalaga hozircha mukammal yechim topmagan.

“Ammo qabul qilingan qonunda Rossiyaning yomon ta'sirini mamlakatdagi diniy erkinlikka zarar yetkazmasdan tiyib turishga yordam beradigan mexanizmlar mavjud”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Rus pravoslav cherkovi ukrainaliklar haqida nima dedi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:51 0:00

“Biroq yangi qonun Rossiya propagandasiga to’siq bo’la olmaydi, - deb hisoblaydi Benjamin Kardozo nomidagi Huquq maktabining professori Dmitriy Vovk. - Rasmiy huquqiy taqiqlar bilan bu taqiqlarga aloqasi bo‘lmagan biror ta’sirni yo‘q qilib bo‘lmaydi. Putin Ukrainaga qarshi tajovuzni oqlash uchun diniy tarafdan foydalanmoqda va u faydalanishda davom etadi. Hozir esa Rossiya bu taqiqni, ehtimol: “Mana ko‘rdingizmi, biz sizlarga aytgan edik, u yerda cherkovni ta’qib qilishmoqda!” – targ’ib qilishi mumkin. Ammo biz bu propagandaning aslida bo’layotgan voqealarga aloqasi yo’qligini tushunamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG