Breaking News

Rossiya iqtisodiyotining “shirin eyforiyasi” tugamoqda


AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi yangi keng ko‘lamli sanksiyalar paketini e’lon qilishi fonida G‘arb ommaviy axborot vositalari sanksiyalar rejimining qanchalik samarali bo'layotganini muhokama qilmoqda.

AQShning Ukraina mustaqillik kuni arafasida e'lon qilgan yangi sanksiyalar paketidan Rossiyada va uning tashqarisidagi deyarli 400 kishi va tashkilot o‘rin olgan. AQSh hukumati, shuningdek, asosan Rossiya va Xitoyga tegishli bo‘lgan yana 123 kompaniyaga nisbatan savdo cheklovlarini joriy qildi.

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiya rejimini kuchaytirishda banklar borasida ham yanada qat'iyroq chora ko'rishga tayyor. “Gap faqatgina sanksiyalar ostidagi banklar haqida emas”, - deb ta'kidladi AQSh Moliya vazirining o‘rinbosari Uolli Adeem “The Financial Times” nashriga bergan izohida.

Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlarni sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘z mamlakatlarida Rossiya banklarining filiallarini ochishga ruxsat bersa, ular ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Biz ular ochgan har bir idorani, shuningdek, ular bilan ishlaydigan boshqa kompaniya va tashkilotlarni ham kuzatib boramiz”, - dedi amaldor.

“Amerikaning banklarga nisbatan sanksiyalari samaradorligini Rossiya VTB rahbari Andrey Kostin ham tan oldi”, - deyiladi maqolada. Nashrda, shuningdek, Kostinning: “Iyul oyida vaziyat kundan-kunga yomonlashayotgani va qanday qadam tashlamasak ham, G‘arb juda tez javob qaytarmoqda”, degan gaplari eslatib o’tilgan.

“The Economist” o‘z maqolasida Rossiya iqtisodiyotining o‘sishiga sanksiyalarning cheklangan ta’sirini dalil sifatida keltirib, Yevropa sanksiyalar rejimini kuchaytirish uchun jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini shubha ostiga oldi. Nashrning qayd etishicha, Rossiya Yevropadan ilgari kelgan tovarlarni boshqa yo‘llar – Markaziy Osiyo, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali eksport qilish bilan Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tmoqda. Maqola mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilda Yevropa Ittifoqidan ushbu mamlakatlarga eksport hajmi 46 milliard yevroga oshgan, bu 2021-yildan buyon Yevropaning Rossiyaga eksporti qisqarishining uchdan ikki qismini tashkil etadi.

Sanksiya rejimini kuchaytirish uchun mualliflar Yevropaga Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari bilan hamkorlik qilishni tavsiya qiladilar. Ularning aytishicha, muvaffaqiyatli hamkorlikka misol sifatida Armanistonni keltirish mumkin: Yevropa Ittifoqi mamlakatga 27 million yevro miqdorida yordam, kreditlar va shartnomalar taqdim etganidan keyin, Armaniston Rossiya bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalarni yopishni boshladi. Shuningdek, mualliflar yevropaliklar uchinchi mamlakatlarga reeksportni taqiqlashlari yoki ularning banklari faoliyatini cheklashlari mumkinligini ta'kidlaydi.

“Rossiya iqtisodiyotining o‘sishiga sabab bo’lgan asosiy omillardan biri davlatning urush uchun yuqori xarajatlari bo‘ldi, garchi dunyodagi eng qattiq sanksiyalar rejimi qo‘llanilgan bo‘lsa ham”, - deya tushuntirdi Xalqaro valuta jamg‘armasi.

Nemis tadqiqotchisi Yanis Klyuge bu omilga energiya resurslari narxining yuqoriligini ham qo‘shadi, ammo sanksiyalarning ta'siri tobora yaqqol namoyon bo'layotganini ham ta'kidlaydi.

“So'nggi ikki yil ichida sanksiyalar Rossiyaga zarar yetkaza olmaydigandek tuyuldi, — deydi tahlilchi. — Rossiya iqtisodiyoti energiya bozorlaridagi bum sababli “shirin eyforiya” davrini boshdan kechirdi. Ammo hozirda vaziyat o'zgarmoqda”.

Klyuge Rossiyaga qarshi sanksiyalarni vaziyatga qarab qo‘llanadigan choradan tiyib turish strategiyasiga aylantirishga chaqiradi, xususan, neft va gaz eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni oshirishni taklif qiladi.

“Sanksiyalar tufayli, - deydi Klyuge o‘z tvitlarida, - Rossiya Markaziy banki kapital oqimini cheklashni joriy qilmoqchi. Ularga yordam bermaslik kerak, aksincha, kapitalning Rossiyadan chiqib ketishiga va “bekorchi import”, jumladan, haddan tashqari qimmat hashamatli buyumlar sotib olishga ko‘maklashish kerak”.

“Ruslar chet elda sarflaydigan yoki jo‘natadigan har bir dollar — bu qurol uchun kerakli qismlarga sarflanmaydigan dollardir”, - deydi u.

“Aksariyat hollarda, tahlilchilar Rossiya iqtisodiyotining ahvoliga juda optimistik qarashadi”, deydi Yevropa lttifoqi universiteti professori Jeffri Sonnenfeld.

“Rossiya iqtisodiyotining asl holati ancha murakkabroq va ayrimlaringiz o'ylaganingizdan ko'ra ko'proq xavotirli, — deb yozadi Sonnenfeld “Fortune” nashri uchun maqolasida. — Rossiya iqtisodiyotining ishlab chiqaruvchi yadrosi jiddiy zarar ko'rgan, chunki Putin barcha resurslarni o'choqqa tashlamoqda”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG