Breaking News

Rossiya iqtisodiyoti o'smoqda, soliqlar oshishi kutilyapti


Rossiya iqtisodi o’sishda davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:45 0:00

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi keskin iqtisodiy sanksiyalar qo’lladi. Ammo urush boshlanishidan ikki yil o’tib ham Rossiya iqtisodi barqaror, o’sishda davom etmoqda.

Ukrainaga urush ochilishidan so’ng bir yil davomida Rossiya hukumati, kompaniyalari va xususiy shaxslarga nisbatan 15 mingdan ortiq sanksiya joriy etildi. Ammo Rossiya iqtisodiyoti o’sishdan to’xtagani yo’q.

Bunda Eron va Shimoliy Koreya tomonidan Rossiyaga ko’rsatilgan harbiy yordamning o’rni bor, albatta. Shuningdek, rossiyalik mutaxassislarning uddaburonligi ham vaziyatga ancha ko’mak berdi.

Zirhli mashinalar ishlab chiqaruvchi zavod, Tatariston
Zirhli mashinalar ishlab chiqaruvchi zavod, Tatariston

“Rossiyaliklar maishiy texnikadagi yarimo’tkazgichlardan foydalanish yo’llarini o’ylab topishdi. Ular xo’jalik uchun mo’ljallangan maishiy texnikalardan yarimo’tkazgichlar, chiplarni yechib, harbiy texnika uchun ishlatishni boshlashdi”, - deydi Vilson markazi eskperti Klaus Larres.

Ko’plab taniqli xalqaro korxonalar ham Rossiyani boykot qilishdi. “Prada”, “IKEA”, “LG” kabi minglab taniqli brendlar Rossiyadagi faoliyatini chekladi yoki mamlakatni tark etdi. Rossiya, asosan Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirish evaziga bularning hammasiga chidadi.

2021-yildan Xitoyning Rossiyaga eksport hajmi 120 foizga oshdi, Rossiya nefti esa Xitoyga oqa boshladi.

“Xitoy bilan hamkorlikda masalaning eksport va import tomoni ham bor. Importga keladigan bo’lsak, Xitoy Rossiyadan neft va ko’mir sotib olayotgan dunyodagi eng yirik xaridorga aylandi”, - deydi Chikago universiteti eksperti Kennet Pomerants.

G’arb Rossiya Markaziy banki aktivlarini ham muzlatdi, Rossiya neftiga eng yuqori narx chegarasi o’rnatildi, Rossiya samolyotlari uchun Yevropa Ittifoqi osmoni yopildi. Bularga qaramasdan, Rossiya iqtisodi o’sishda davom etyapti.

“Bu yerda Rossiya Markaziy banki o’rnini e’tirof etish kerak. Xorijdagi rezervlari muzlatilganiga qaramasdan, zudlik bilan munosabat bildirdi, vaziyatni o’nglash uchun tezkorlik bilan turli choralarni amalga oshirishga kirishdi”, - deydi Sietl universiteti tahlilchisi Vladimir Dashkeyev.

Rossiya sanksiyalarni chetlash yo’lini ham topdi, Gruziya, Belarus, Qozog’iston kabi qo’shni davlatlar orqali taqiq ostidagi G’arb mahsulotlarini mamlakatga olib kirdi.

Mavjud sanksiyalarga qaramasdan, Xalqaro valyuta jamg’armasi joriy yilda Rossiya iqtisodi 1,1 foizdan 2,6 foizgacha o’sishi ehtimolini qayd etmoqda.

Ammo urush mamlakat byudjetiga og’ir tushmoqda. Xarajatlarning uchdan bir qismi mudofaaga to’g’ri keladi. Inflyatsiya Markaziy bank ko’zlagan 4 foizlik ko’rsatkichdan yuqori, 2022-yilda inflyatsiya 11,9 foizni, 2023-yilda esa 7,4 foizni tashkil etgan.

Prezident Vladimir Putin kompaniyalar va badavlat fuqarolarga ko’proq soliq solinishiga ishora qilmoqda. Deputat Anatoliy Aksakov so’zlariga ko’ra, 5 million rubldan oshiq daromad oladiganlar solig’i 17 foizga, 10 milliondan oshiq topadiganlar solig’i 20 foizgacha oshadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG