Michiganning Dirborn shahri arablar poytaxti nomini olgan.
Qariyb 400 ming arab fuqarolar yashaydigan bu shahar musulmonlari AQShning G’azodagi urushga doir siyosatidan norozi.
“Jarayonlardan mamnun emasman, yaqin fursatda biror o’zgarish bo’lishidan umidim uzilgan. Hatto Kamala Harris hokimiyatga kelsa ham, arzigulik o’zgarish qila olmaydi”, - falastinlik amerikalik Abdulloh Dolih.
Harris saylov kampaniyasi musulmonlar ovozini olish uchun g’azoliklar dardiga sherik ekanini namoyish qilmoqda.
Musulmonlarga ta’sir o’tkazishga urinayotgan respublikachilar guruhi esa Harrisning eri Dag Emhoffning yahudiy ekani va Isroilni so’zsiz dastaklashiga urg’u bermoqda.
Demokratlar qurultoyida Michigan shtatida 100 ming fuqaro birorta ham nomzodni tanlamagan. Ular Bayden ma’muriyatining Isroilga yordamiga shu tariqa boykot e’lon qilgan.
Harris 19-sentabr kuni Michigan shtatida bo’ldi: Boykot guruhi uni dastaklamasligini e’lon qildi.
“Asli falastinlik amerikalik sifatida uzoq vaqt demokrat bo’lganman. Ilk qora tanli ayol prezidentga ovoz bergim bor, afsuski, u men qayg’urgan xalq uchun qayg’urmaydi”, - deydi falastinliklar jamiyati faoli Layla Elabed.
Harris Isroil xavfsizligini va Falastin huquqlarini himoya qilishini aytadi.
“Prezident Bayden va men Isroil xavfsizligini ta’minlash, garovdagilarni ozod etish, G’azoda zulmni to’xtatib, falastinliklarga xavfsizlik, ozodlik va o’z taqdirini belgilash huquqini berish uchun ishlayapmiz”, - deydi u.
Harrisni tanqid qilayotgan boykot guruhi Donald Trampni Isroilning yanada ashaddiy tarafkashi sifatida qoralaydi.
“Oq uyga qaytsam, Isroilning terror ustidan g’alaba qozonish huquqini dastaklayman”, - deydi Tramp.
“Harrisdan voz kech” deb nomlangan guruh uchun Harris mag’lubiyati Tramp g’alabasidan afzalroq.
“Falastin bo’yicha har ikki nomzod siyosati bir xil. Ular birday zulmkor. Shunday ekan, kim prezident bo’lishining farqi yo’q”, - deydi guruh vakili Farah Xan.
“Harrisdan voz kech” kampaniyasi urushga qarshi uchinchi partiya nomzodi Jill Staynni qo’llab-quvvatlashga undamoqda.
Beqaror Michigan shtatidagi so’rovlarda Harris va Tramp teng ketmoqda. Shtatda 2020-yil Bayden 154 ming ovoz farqi bilan Trampdan ustun kelgan. 2016-yil Hillari Klinton 11 ming ovoz farqi bilan Trampdan ortda qolgan.
Biroq Michiganda Harris boshqa qatlam hisobidan ustun kelishi mumkin.
Shtatda siyosiy kuchga ega Avtosanoat ishchilari uyushmasi Harris tarafida. Ular qora tanlilar ovozini to’plash bilan Harrisni dastaklamoqchi.
“Saylovda qora tanlilar faollashib, arablar ovozi kamaysa, muvozanat yuzaga keladimi bilmayman. Eshikma-eshik yurgan uyushmalar saylov taqdiriga ta’sir qilishi muqarrar”, - deydi Michigan universiteti professori Ronald Stokton.
Yana bir ssenariy Trampning musulmonlar ko’ngliga yo’l topishi bilan bog’liq.
Yaqinda Tramp bilan uchrashgan mer Amir G’olib respublikachi nomzod tarafiga o’tgan.
Uning tanlovi ko’plab musulmon yashaydigan, 30 ming aholiga ega Xamtramk shahri tanloviga ham bevosita ta’sir qiladi.
Shahar kengashi esa to’liq musulmon vakillardan iborat.