30 yildan ortiq vaqt davomida Senzel Shefer Demokratik partiyani o'zining siyosiy uyi deb atagan; barcha saylovlarda u doimiy ravishda partiya nomzodlariga ovoz bergan.
Ammo bu yil unday bo’lmaydi. Shefer kabi ko’plab musulmon amerikalik saylovchilar Isroil-Xamas urushiga barham berishni eng muhim vazifa deb hisoblamoqda va ular Bayden ma'muriyatining mojaroga munosabatidan keskin norozi. Noyabrda boladigan prezidentlik saylovida Shimoliy Virjiniyadagi afg'on amerikalik Shefer uchinchi tomon nomzodi uchun ovoz berishni rejalashtirmoqda.
"Amerikalik saylovchi sifatida men uchun bu hozir qabul qilish eng qiyin bo’lgan qarordir", - dedi u intervyuda.
Shefer yolg'iz emas. Qariyb bir yildan beri davom etayotgan G'azo urushi 3,5 million musulmon amerikaliklarni demokratlar sifatida birlashtiruvchi va parchalovchi voqeaga ham aylandi.
Aksariyat musulmon saylovchilar urushni asosiy muammo deb bilsa-da, nomzodlar bo'yicha ikkiga bo'lingan. Ko'p sonli saylovchilar ikki asosiy partiya nomzodlarining Isroilni qo'llab-quvvatlovchi pozitsiyasidan norozi bo'lib, uchinchi partiya variantlarini ko'rib chiqmoqda.
Amerika Islomiy aloqalar kengashi (CAIR) tomonidan 25-29-avgust kunlari oʻtkazilgan soʻrovda Vitse-prezident Kamala Harris va Yashillar partiyasi nomzodi, Isroil siyosatini ashaddiy tanqid qiluvchi Jill Shtayn taxminan 29 foiz ovoz oldi; Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp esa 11 foiz to’plagan. Qatnashchilarning 16 foizdan ortig'i bir qarorga kelmagan.
Bu so’rov G‘azo urushi musulmonlarning demokratlarni qo‘llab-quvvatlashini qanchalik kamaytirganini ko‘rsatdi.
2020-yilda Bayden musulmonlarning 65 foiz ovozini qo‘lga kiritgan. Bu yil bu qo'llab-quvvatlov keskin kamaydi. Partiya ichki saylovlaria 700 000 dan ortiq demokrat saylovchilar – ularning ko'pchiligi shtatlardagi musulmonlardan iborat – Baydenga ovoz berishdan bosh tortdi.
Iyul oyida so'rov o'tkazgan Musulmon tadqiqot guruhi Ijtimoiy siyosat va tushunish instituti ularni G'azo mojarosi bilan bog'liq muammolarga jiddiy e’tibor qaratgan "musulmon saylovchilar" deb atadi.
"Qaysi nomzod G'azodagi urush va o't ochishni to'xtatish nuqtai nazaridan o'zgarishlar qilishini ko'rsata olsa, bu musulmon saylovchilarga va ular kimga ovoz berishiga ta'sir qiladi", - dedi tadqiqot instituti direktori Saher Selod.
Saylovga uch oydan kamroq vaqt qolgan bo'lsa-da, musulmon saylovchilar kimni tanlashi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.
Baydendan ko'ra falastinliklarga xayrixoh deb qaraladigan Harris musulmon saylovchilar orasida prezidentdan ko'ra ko'proq ustunlikka ega.
Ammo faollar uchun bu yetarli emas. Ular Isroilga sulh va qurol embargosini talab qilmoqda.
Otashkesim va qurol embargosisiz, Xarris "noyabr oyida g'alaba qozonish uchun kerak bo'lgan ovozlarni ololmaydi", - deydi Viskonsin shtatidan kelgan delegat Roman Frits.
Harris qurol embargosiga qarshi, lekin otishmani to'xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo'yicha kelishuvni qo'llab-quvvatlaydi.
"Vitse-prezident Harris G'azoda doimiy o't ochishni to'xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo'yicha hozirda muhokama qilinayotgan kelishuvlarni qo'llab-quvvatlaydi", - dedi Harris-Valz kampaniyasi vakili "Amerika Ovozi" so'roviga javoban.
So'nggi oylarda Harris kampaniyasi bu masalaga e’tiborni kuchaytirdi. Kampaniya menejeri Juli Chaves Rodriguez yaqinda Michiganda arab va yahudiy liderlari bilan uchrashdi.
Matbuot kotibining ta'kidlashicha, Harris "o'zining vitse-prezidentligi davrida bo'lgani kabi, Falastin, musulmon, isroillik va yahudiy jamoalari rahbarlari bilan uchrashishda davom etadi".
Harris tarafdorlari
Shimoliy Virjiniyadagi IT-dastur menejeri Arif Xon uchun prezidentlik saylovlari “ikki yomonlikdan kamrog’ini tanlash” imkoniyatidir.
G'azo mojarosi uning siyosiy faolligini oshirdi; ikki o'smir o'g'li bilan Falastinni qo'llab-quvvatlovchi mitinglarda qatnashdi.
“Men hech qachon turli norozilik namoyishlarida bunchalik ishtirok etganimni eslay olmayman”, - deydi u.
U "genotsid"ga barham berish uchun Isroilga bosim o'tkazishga tayyor nomzod qidirayotganini aytadi. Isroil bu ayblovlarni rad etadi.
Bunday nomzod yo’qligi bois Xon noyabr oyida Harrisga ovoz bermoqchi. Unga ko’ra, Harris Isroilni qo'llab-quvvatlashda Baydenga qaraganda "kamroq radikal" va Trampdan ko'ra tinchlikka ochiqroq.
"Men Kamala Harris yanada muvozanatli yondashuvni qo'llab-quvvatlashiga ishonaman", - dedi Xon.
Tramp tarafdorlari
Ayrimlar Harris va Tramp o'rtasida Isroilga nisbatan siyosatda unchalik farq ko’rmaydi. Vashingtondagi restavrator Sami Xon G'azo urushini musulmon saylovchilar uchun "eng katta muammo" deb biladi, ammo saylov natijalaridan qat'i nazar, AQSh siyosatida jiddiy o'zgarishlar bo'lishiga ishonmaydi.
"Bu yerda bizda tanlov yo'q, - deydi Sami Xon. - Saylovda kim g'alaba qozonishidan qat'i nazar, bu hukumatning hozirgi siyosati davom etsa kerak".
AQShning Isroilga nisbatan siyosati o'zgarishi dargumon bo’lgani bois, Xon Trampga ovoz berishini aytmoqda.
"Iqtisodiyot juda muhim, - deydi u. - Gap shundaki, agar Trump g'alaba qozonsa, u iqtisodiyot uchun juda yaxshi".
Mintaqada o'ndan ortiq restoranga egalik qiluvchi Xon respublikachilarga moyil bo'lgan musulmon saylovchilardan biri. Garchi hamma ham Trampni qo‘llab-quvvatlamasa-da, so‘rovlarga ko‘ra, sobiq prezidentning musulmonlar orasida obro’si oshib bormoqda.
Musulmon amerikaliklar demografik jihatdan xilma-xil. G'azo ularning ustuvorliklari ro'yxatida birinchi o'rinda tursa-da, ularning asosiy tashvishlari ko'proq saylovchilarning umumy xavotirlarini aks ettiradi: iqtisodiyot, ish joylari, immigratsiya va atrof-muhit.
Tramp "biznesmen va u iqtisodiyotni qanday tuzatishni biladi”, - deydi Sami Xon.
Respublikachilarga moyil demokratlar
Respublikachilarga moyil bo'lgan boshqa musulmonlarga sobiq prezidentning dunyo tinchroq, farovonroq joy ekani haqidagi da'vosi ma’qul.
"Ishlar to'g'ri ketayotgan edi, lekin to'satdan hamma narsa barbod bo’ldi”, - deydi Virjiniya shtatidan doktor Rashid Chotani.
Ilgari respublikachiga ovoz bergan, ammo so‘nggi saylovlarda demokrat nomzodlarni qo‘llab-quvvatlagan Chotani yana o‘z ovozini o’zgartirmoqda.
"Bayden bu falokatga chek qo'yishini kutgan edim, – deydi Chotani. – U Falastinda bo'layotgan voqealar haqida gapirishini kutgandim. U “biz bu haqda biror narsa qilamiz”, deb aytadi, lekin hech narsa qilinmadi”.
Chotani Trampga ovoz bermoqchi. Ammo boshqalar hali bir qarorga kelmagan.
Delegatlar va ekspertlar fikriga ko'ra, sulh tuzilsa, ba'zi musulmonlar Harris tomon siljishi mumkin.
Ammo sulh bo'lsa ham, ko'pchilik uchinchi partiya nomzodlarini tanlashi yoki musulmonlarning ovozini parchalab, saylovda qatnashmasligi ham mumkin.
Ba'zilar bu 3,5 million kishilik jamiyatning siyosiy nufuzini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotirda. Ularning ovozlari bo'linsa, saylovlarga ta'sir qilish qobiliyati susayishi mumkin.