Breaking News

Yetim bolalarni begona qilmayotgan xalq


Kechasi hujumlardan so'ng harbiy litseyning ilk o'qish kunida, Kiyev, Ukraina, 2-sentabr, 2024.
Kechasi hujumlardan so'ng harbiy litseyning ilk o'qish kunida, Kiyev, Ukraina, 2-sentabr, 2024.

Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishi ortidan farzand asrab olish istagidagi ukrainaliklar soni keskin oshgan.

Akimovlarning uch nafar voyaga yetgan farzandi bor. Rus qo'shinlari bosqini paytida ular o’zlari yashagan Irpen shaharchasini tark etdi, shundan so`ng yana farzand asrab olishga qaror qildi.

“Urush bunga turtki berdi. Biz nogiron bolani farzandlikka asrab olishga qaror qildik”, - deydi Olga Akimova.

Akimova ijtimoiy tarmoqlarda 11 yoshli Yaroslav haqidagi postni o'qib qoladi. Bolalar uyi umurtqa pog'onasidagi jarohatdan tiklanish uchun xayriya yordami yig’ish maqsadida Yaroslav haqidagi postni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan edi.

Ukrainada farzand asrab olish istagidagi oilalar ko’paygan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

“Yaroslav 2021-yil daraxtdan yiqilishidan so`ng kasalxonaga yotqiziladi. Biz onasi uni tashlab ketganini, uning singlisi ham borligini bildik”, - deydi Akimova.

Shundan so`ng er-xotin ikkala bolani ham asrab olishga qaror qiladi. Hukumat vakillari Ukrainada bola asrab olish istagidagi yuzlab oilalar borligini aytadi.

“Biz ukrainaliklarda bunday xohish kuchayganini kuzatayapmiz. Farzand asrab olish uchun lozim so'rovnoma, kurslarga talab oshgan”, - deydi Ukraina Ijtimoiy siyosat vaziri Oksana Jolnovich.

Rasmiyning aytishicha, Ukrainada bir yil davomida farzand asrab olish istagidagi 2100 nafar ota-onalar ro‘yxatga olingan. Bu ko`rsatkich Rossiya bosqinidan avval 1600 atrofida bo`lgan.

Kiyev shahar ijtimoiy xizmatlar markazi vakili Lyuba Loriashviliga ko`ra, bu ko`rsatkich Kiyevda uch barobarga oshgan:

“Bir tomondan, bu albatta ijobiy holat. Ammo ko'pchilik nomzodlar asosan go’daklarni istaydi. Ularga kichkinalar bilan osonroq tuyuladi. Ammo haqiqatda bunday emas".

Ayni paytda, chet elliklar uchun bola asrab olish taqiq ostidaligicha qolayapti, chunki urush paytida bolaning butunlay yetim qolganligini aniqlash juda qiyin.

“Bu yil davomida hozirgacha 700 nafardan ortiq bola asrab olindi. Odatda yiliga mingdan ortiq farzand asrab olinadi. Ammo biz faqat Ukraina ichkarisidagi bola asrab olish ko`rsatkichi haqida gapirayapmiz”, - deydi Oksana Jolnochiv.

Vazirning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, urush davomida uch ming atrofidagi ukrainalik yetim bolalar evakuatsiya qilingan. Asosan Polsha va Germaniyaga. Hozirgacha ularning mingga yaqini qaytarilgan.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar ham jarayonda faol ishtirok etmoqda.

“Bolalarni qabul qiluvchi davlat ularning himoyasi va farovonligi uchun javobgar. Bu jarayon faqat hukumatlar ishtirokida amalga oshadi. UNICEF bunga ko’maklashadi, lozim paytda qo'llab-quvvatlaydi. Bolalar qaytarilganidan keyin oilalarga topshiriladi, shunday qilib ular avvalgi muassasalarga qaytarilmaydi”, -deydi UNICEFning Ukrainadagi vakili Munir Mammadzade .

Farzand asrab olish jarayoni taxminan bir yil davom etadi. Akimovaning aytishicha, bu vaqt kutishga arziydi:

“Bolalar sizning oilangizda, sizning bag’ringizda o’sadi, qarindoshlar topadi, moslashishni boshlaydi. Ularga mehr berish kerak, ular mehrga muhtoj”.

Ukrain rasmiylari aytishicha, ayni paytda yuzlab bolalar davlat qaramog’idagi bolalar uylarida tarbiyalanmoqda, farzandlikka berilishi mumkin, bola asrash istagidagi ko’plab oilalar bu jarayonga doir tegishli shartlarni bajarmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG