Breaking News

Zelenskiy “G’alaba rejasi”ni oshkor etdi


Yaqinda Yevropaning bir necha mamlakatiga safar qilib, “g’alaba rejasi” haqida ko’p gapirgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy chorshanba kuni Ukraina parlamentida nihoyat bu reja nimadan iborat ekanini oshkor qildi.

Xalqaro hayot - 16-oktabr, 2024-yil - Zelenskiy “G’alaba rejasi”ni oshkor etdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:29 0:00

Zelenskiy “g’alaba rejasi” besh punktdan iborat ekanini aytarkan, NATOga shartsiz a’zo bo’lish uning muhim qismi ekanini bildirdi.

"Ikkinchi punkt – mudofaa. Ukrainaning bosqinchiga qarshi mudofaasini kuchaytirish. Ukrainadagi jang maydonida pozitsiyalarimizni mudofaa qilish bilan bir paytda urushni Rossiya hududiga ko’chirishni imkonsiz deb bilmayman”, - dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari mamlakatini Rossiya harbiy qudratini yo’q qilishga qodir yadroviy bo’lmagan salohiyat bilan ta’minlash, Ukraina tabiiy mineral resurslarini himoya qilishda G’arbdan yordam olish hamda urushdan so’ng mamlakatni qayta qurishni ham “g’alaba rejasi”ning muhim shartlari deb biladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning rejasini izohlarkan, Kiyevni o’ziga kelishga chaqirdi, hozirgi siyosatining foydasiz ekanini ta’kidladi, “g’alaba rejasi” AQShning urushni so’nggi ukrainalikgacha olib borish rejasi bilan hamohang ekanini aytdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining so’zlovchisi Mariya Zaxarova Zelenskiyning rejasi Rossiya va NATO o’rtasida yuzma-yuz to’qnashuvga olib kelishi haqida ogohlantirdi.

"Bu Zelenskiyning “g’alaba rejasi” emas. Bu Ukraina va ukrain xalqining baxtsizligi rejasidir. Undan maqsad shunchaki qo’shimcha pul undirish”, - dedi Zaxarova.

Zelenskiy “g’alaba rejasi”ni o’tgan oy Vashingtonga borganida AQSh Prezidenti Jo Baydenga ham taqdim etgan, Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya rahbarlari bilan muhokama qilgan, payshanba kuni esa Bryusselga borib, Yevropa Ittifoqi rahbarlarining sammitida uni olg’a surishini aytdi.

“G’alaba rejasi”ni amalga oshirsak, urushni kelasi yil oxirigacha tugatishimiz mumkin bo’ladi”, - dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy “g’alaba rejasi”ni tuzish bilan ovora bo’lgan bir paytda rus qo’shinlari frontda muvaffaqiyat qozonishda davom etmoqda. Ukrainaning “Telegram”dagi kanallaridan biri bergan infografikadan ma’lum bo’lishicha, so’nggi ikki oyda rus armiyasi Ukrainada 2023-yil davomida ishg’ol etilgan hududlardan 5,5 baravar ko’p yerlarni qo’lga kiritgan.

Chorshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Lugansk viloyatining Nevskiy qishlog’i zabt etilganini, bungacha esa Donetsk viloyatining Krasniy Yar qishlog’i rus qo’shinlari nazoratiga o’tganini ma’lum qildi. Rossiya Lugansk va Donetskni 2022-yildan beri o’z hududlari deb biladi.

Ukraina sharqida muhim hisoblangan Ugledar shahrini qo’lga kiritishi ketidan Rossiya qo’shinlari tepalikda joylashgan Toretskni ham olishga yaqin turibdi, shahar ichida janglar kechmoqda.

Toretsk qulasa, Rossiya armiyasi Ukraina kuchlarining ta’minot yo’llarini o’qqa tutish imkoniga ega bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG