Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi uchinchi yilga kirar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida aytilishicha, Rossiya Federatsiyasida barcha norozilik ovozlari bostirilgan, fuqarolik va siyosiy huquqlar cheklangan hamda mamlakatdagi inson huquqlari holati “sezilarli darajada yomonlashgan”.
“Hozirda mamlakat davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan qo'rquv va jazo tizimi asosida boshqarilmoqda, qiynoqlarga asoslangan bu tizim mutlaq jazosiz qolmoqda” - deydi BMTning Inson huquqlari kengashi topshirig‘i bo‘yicha Rossiyadagi huquqlarni kuzatib boruvchi Mariana Katsarova.
Katsarovaning aytishicha, bir yil oldin o‘zining birinchi hisobotini kengashga taqdim etganidan beri Rossiyada fuqarolik va siyosiy erkinliklar yanada ko‘proq cheklangan.
“Hukumatning inson huquqlarini buzish holatlari kuchaygan va uning repressiv ichki siyosati hamda urushga asoslangan tashqi siyosatiga qarshi noroziliklarni bostirish uchun qo‘llayotgan vositalari kengaygan”, - deydi u.
O‘tgan yilgi hisobotda bo‘lgani kabi, Katsarova bu yilgi 23 betlik hisoboti uchun ham Rossiya Federatsiyasi ichkarisidagi va tashqarisidagi turli manbalardan ma'lumot to‘plashga majbur bo‘lganini ta'kidladi.
Uning aytishicha, ko‘p bor murojaat qilganiga qaramay, unga Rossiyaga kirish imkoni berilmagan. Shu sababli Katsarova hukumat va boshqa manfaatdor tomonlar bilan muloqot o‘tkazib, ularning pozitsiyasini ushbu hisobotda aks ettira olmagan.
Hisobotda Rossiya fuqarolari o‘z fikrlarini erkin ifoda eta olmaydigan, davlat tomonidan inson huquqlarining buzilishi yangi yoki o‘zgartirilgan qonunlar bilan qonuniylashtiriladigan, urushga qarshi jamoatchilik fikri yoki har qanday norozilik jinoyatga tenglashtiriladigan, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan zo‘ravonlik qo‘llanilishiga ko‘z yumiladigan va “mutlaq jazosizlik muhiti yaratilgan” distopik jamiyat tasviri chizilgan.
Urush senzurasi
Katsarovaning ta'kidlashicha, Rossiyaning “urush senzurasi” qonunchiligi doirasida Ukrainaga qarshi urushda sodir bo‘layotgan voqealar haqida “haqiqatni aytishga jur'at etgan” yuzlab odamlar jazoga tortilgan; ularga uzoq muddatli qamoq jazosi berilgan va mol-mulklari hamda aktivlari musodara qilinib, “og‘ir moliyaviy jazo”ga duchor etilgan.
Hisobotda aytilishicha, kamida 1372 nafar inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va urushga qarshi tanqidchilar siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olingan va “soxta sud jarayonlarida uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan; ko‘pincha, qiynoqlarga duchor bo‘lgan.
Katsarovaga ko’ra, Rossiya hukumati ushbu “an'anaviy muxolifat manbalari'ga qarshi tazyiqni kuchaytirgan bir paytda, shoirlar, dramaturglar, rassomlar, diniy arboblar, tub aholi guruhlari, muhojirlar va chet elga qochib ketganlar ko‘pincha qat'iy senzura, qo‘rqitish va har qanday taxminiy qoidabuzarlik uchun jazoga tortilish xavfiga duch kelmoqda.
“Alohida tashvish uyg‘otadigan jihat — fuqarolarga qarshi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan zo‘ravonlik va qiynoqlar haqidagi dalillarning mavjudligidir. Ular o‘z inson huquqlarini tinch yo‘l bilan himoya qilgani uchun hibsga olingan, - dedi u. - Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olinganlarga nisbatan shafqatsiz hujumlar jazosiz qolmoqda; qamoqxonalarda yolg’iz saqlash va boshqa qasddan yomon munosabat ko‘rsatish, qiynoqqa teng munosabat tobora kengayib bormoqda”.
Hisobotda inson huquqlarining ko‘plab buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kamsituvchi siyosatlar haqida batafsil bayon etilgan; ular yordamida ayollar va qizlar, LGBT shaxslar, tub aholi, ozchilik guruhlar va muhojirlar kabi zaif qatlamlarni qo‘rqitish, ta’qib qilish va jazolash amalga oshirilmoqda.
“Har qanday jamoat noroziligi uchun og‘ir jazo xavfi juda yuqori, ayniqsa, jins, jinsiy orientatsiya, siyosiy qarashlar, din, tub aholi maqomi yoki ozchilik guruhiga mansublik asosida kamsitishga moyil bo‘lgan shaxslar va guruhlar uchun”, - deyiladi hisobotda. Hisobotning katta qismi Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush oqibatida xalqaro inson huquqlari va gumanitar qonunlarning keng ko‘lamli buzilishi masalalariga bag‘ishlangan.
Ukraina bilan bog‘liq huquqbuzarliklar
Hisobotda asossiz ravishda hibsga olingan ukrainalik tinch aholi vakillari haqida alohida tashvish bildirilgan, chunki “Rossiya hokimiyatlari ularning soni, taqdiri yoki qaerdaligi haqida ma'lumot bermaydi va ko‘plab odamlar majburiy ravishda yo‘q qilinmoqda”.
Hisobotga ko‘ra, Rossiya hukumati tomonidan kamida 1 672 nafar ukrainalik tinch aholi vakili asossiz ravishda hibsga olingan va Rossiya, Belarus hamda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida joylashgan “jazoni o‘tash koloniyalari, tergov hibsxonalari va vaqtinchalik chodir lagerlarida” saqlanmoqda. Shuningdek, taxminan 14 ming ukrainalik tinch aholi vakili bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi.
Shuningdek, hisobotda asir olingan harbiy va tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar Rossiya Federatsiyasiga majburiy ravishda ko‘chirilgani yoki deportatsiya qilingani haqida hujjatlar keltirilgan.
Ukraina hukumatining ma'lumotlariga ko‘ra, 2024-yil iyul oyining oxiriga kelib, 19 546 nafar bola Rossiya bosib olgan Qrim shahriga majburiy ravishda ko‘chirilgan yoki Rossiya va Belarusga deportatsiya qilingan, ularning faqat 388 nafari qaytarilgan. Minglab boshqa bolalarning qayerdaligi va taqdiri noma'lumligicha qolmoqda, ba'zilari esa Rossiya oilalariga farzandlikka berilgan deb hisoblanadi.
Hisobotda qaytarilgan bolalarning ba'zilari bilan suhbat o'tkazilgani va ular “Rossiya muassasalarida bo'lgan vaqtlarida jinsiy zo'ravonlikka duch kelganliklarini, ayrimlari esa xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan jismoniy zo'ravonlik va tahdidlarni boshdan kechirganliklarini yoki guvoh bo'lganliklarini” aytganlari ta'kidlangan.
O‘tgan yili Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belovaga qarshi “Ukrainaning bosib olingan hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va noqonuniy ko‘chirish” kabi harbiy jinoyatlari uchun hibsga olish orderlarini chiqardi.
Katzarova kengash aʼzolariga: “Rossiya hukumati bu qiynoqlarni sodir etgan va shafqatsiz munosabatda boʻlgan barcha aybdorlarni javobgarlikka tortishi va barcha ukrainalik mahbuslarni, ayniqsa, bolalarning xavfsiz qaytishini taʼminlab, ularni zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilishi kerak”, - dedi.
“Rossiya Federatsiyasidagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma'ruzachi sifatida men ushbu jinoyatlar uchun javobgarlikni talab qilishda davom etaman”, - dedi u.
Bu chaqiriq Rossiya tomonidan e’tiborsiz qoldirilishi kutilmoqda, chunki Rossiya yig‘ilishni boykot qilgan va uning so’rovlariga javob bermaydi.