Prezident Vladimir Putin yana dunyoni, xususan, Ukrainani yadro quroli bilan qo’rqitmoqda. Buni Rossiyaning navbatdagi vahimasi sifatida baholayotgan ekspertlar ham bor. O’z navbatida, bu safar AQSh razvedkasi tahdid jiddiyligidan ogohlantirgani ham e’tiborga molik.
Putinning yadroviy tahdidi prezident Zelenskiyning AQShga safari, G´arb raketalari bilan Rossiyadagi obyektlarni nishonga olishga ruxsat so’rashi, Rossiyada esa yadro qurolidan foydalanishga doir mudofaa doktrinasiga o’zgartirishlar kiritilishi fonida kuzatilmoqda.
G’arb va AQSh hozircha o’z raketalari bilan Rossiya bo’ylab zarba berishga ruxsat bergani yo`q, ammo Moskva yadro qurolidan foydalanish vakolatida o’zgarishlar qildi.
Avval mamlakat mustaqilligi xavf ostida qolganda yadro qurolidan foydalanish nazarda tutilgan bo`lsa, yangi o'zgartirishlarga ko`ra, Rossiya boshqa bir yadroviy davlat ko`magida, yadroviy qurolga ega bo`lmagan davlat tomonidan hujumga uchrasa, shuningdek, mamlakat havodan, samolyotlar, boshqa turdagi qurollardan ommaviy hujumga tutilgan taqdirda ham yadro quroliga murojaat qilish mumkin bo`ladi.
Rossiya hozirgacha ham bir necha bor Ukraina dronlari vositasida hujumga tutilgani inobatga olinsa, yadro qurolini ishlatish chegarasi yanada torayganini, shuningdek, Moskva bu qurolni qachon, qanday vaziyatda ishlatishga qaror qilishini yanada mavhumlashishini aytish mumkin.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning matbuotdagi izohiga ko`ra, mudofaa doktrinasidagi yangi o’zgarishlarga muvofiq, yadro qurolidan foydalanish qarori harbiylar tomonidan aniqlashtiriladi, yadroviy davlatlar Ukraina urushiga tobora ko’proq tortilayotgani Rossiyani bu boradagi siyosatida o’zgarishlar qilishga undagan.
Rossiya-Ukraina urushidagi vaziyat taranglashgan, xususan, Ukrainaga harbiy yordam ko`rsatayotgan G’arb davlatlari qizil chiziqlarni bosib o’tgan taqdirda, Moskva yadro qurolidan foydalanishi haqida birinchi bor tahdid qilayotgani yo`q.
Ukrainaga “F-16” harbiy uchoqlari taqdim qilinishi arafasida ham shunday tahdidlar avjga chiqqan edi, ammo bu tahdidlar, tahdidligicha qoldi. Moskva ommaviy qirg’in quroliga murojaat qilishga jazm qilgani yo’q. Shu sababli ayrim ekspertlar Moskva tomonidan yadro tahdidiga doir bayonotlar qaytarilayotganini uzoq masofali raketalar ishlatilishiga ruxsat berish arafasida turgan G’arb davlatlariga bosim sifatida baholamoqda.
G’arb harbiy yordami miqyosini kengaytirishiga, jumladan, raketalar bilan Rossiyadagi harbiy obyektlarni nishonga olish ruxsatini berishiga umid qilayotgan prezident Volodimir Zelenskiy ham Putinning yadro tahdidlarini chetlab o’tgani yo`q.
Zelenskiyga ko`ra, Putin shaxsan uning o’z hayotiga ham xavf tug’diruvchi ommaviy qirg’in quroliga murojaat qilishga jazm qilmaydi, chunki hayotni sevadi. Ammo gap Putin haqida ketganda, aniq xulosalar chiqarish o’ta qiyinligini ham nazarda tutish kerak.
Dunyodagi asosiy yadroviy qudratlardan biri bo`lgan Rossiya 2022-yil Ukrainaga bostirib kirdi. Ukraina uch yildirki dunyoning eng qudratli armiyasiga qarshilik ko’rsatishni davom ettirmoqda. AQSh va Yevropa davlatlari Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashida asosiy ittifoqchilarga aylangan.
Prezident Zelenskiyning AQShga safari davomida Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam ajratildi. Ammo bu yordam qatorida AQSh raketalari bilan Rossiya hududlarini nishonga olishga ruxsat yo´q.
Ukrainaliklar AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirokida Germaniyada kutilayotgan uchrashuvda ittifoqchilar raketa zarbalariga qo’yilgan taqiqdan voz kechishidan umid qilmoqda.