Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya agressiyasiga qarshi NATOning sharqiy chegaralarini mustahkamlashmoqda. Rossiya va Belarus bilan chegaralar bo'ylab cho’zilgan bu mudofaa tizimi NATOni ehtimoliy hujumlardan himoya qilishga qaratilgan.
Latviya Boltiqboʻyi mudofaa tizimining bir qismi sifatida Rossiya va Belarus chegarasida “ajdar tishlari” deb nomlangan beton to’siqlar o‘rnatyapti.
Latviya Mudofaa vaziri Andris Sprudsning aytishicha, Rossiya tajovuzkorligi fonida Boltiq davlatlari NATOning sharqiy qanotlarini mustahkamlashga kelishishgan:
“Biz bir necha yildirki dezinformatsiya, noqonuniy migratsiyadan qurol sifatida foydalanish, kiberhujumlar, muhim infratuzilmalarni nishonga olishni ko’zda tutayotgan gibrid urush ostidamiz. Bu agressor davlat o’z g’arazli harakatlarini amalga oshirmasligi uchun bizning zimmamizga qo’yilgan vazifalardan biriga misoldir. Albatta, biz NATOdagi ittifoqdoshlarimiz bilan mudofaamizni mustahkamlashda davom etamiz”, - deydi u.
Sprudsning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Latviya, Litva, Estoniya va Polshani o’z mudofaasini kuchaytirish, chegaralarini mustahkamlashga undagan.
“Ukraina voqealari buni imkon qadar tezlikda amalga oshirish lozimligiga qo’shimcha tajriba, zarur qarorni berdi. Bu voqealar mamlakatni, NATO hududlarining har bir qarichini himoya qilish qanchalik muhimligini ko’rsatdi. Va biz aynan shunday qilyapmiz”.
Latviyaning Rossiya va Belarus bilan chegarasi taxminan 450 kilometrga cho'zilgan.
"Umumiy mudofaaning tarkibiy qismi sifatida biz o'z vazifamizga o’ta mas'uliyatli bo'lishimiz kerak. Biz, albatta, NATOga tayanamiz, shu bilan bir qatorda o’zimizga tegishli vazifani ham uddalaymiz”, - deydi Latviya Qurolli kuchlari polkovnigi Andris Rieksts.
Latviya mudofaa vazirligi keyingi besh yil ichida chegarani mustahkamlash uchun 300 million dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalanayotganini aytadi.
“Bu yil byudjetning 3 foizi mudofaa xarajatlariga ajratildi. Biz NATOda xuddi shunday ko’rsatkichga ega bo`lgan olti davlatdan birimiz”, - deydi mamlakat mudofaa vaziri.
Andris Spruds boshqa ittifoqchilar o'z iqtisodining kamida 2 foizini NATO mudofaasiga yo’naltirishiga umid qilmoqda, bu alyans tomonidan belgilangan miqdor.
“Urush boshlangan paytlarda sakkiz-to‘qqizta davlat 2 foizlik miqdorni bajarayotgan edi. Hozir ular soni 20 dan oshdi. Ha, albatta, biz o‘z hamkorlarimiz, ittifoqchilarimiz mudofaaga sarmoya kiritishni qat’iy-qo‘llab-quvvatlaymiz, olqishlaymiz, chunki gap yaxlit NATO, uning kuchi, samaradorligi va mustahkamligi haqida ketmoqda”, - deydi u.
NATOdagi, Yevropadagi sharqiy davlatlar Yevropaning Rossiya-Belarus chegaralaridagi mudofaasini mustahkamlash uchun Yevropa Ittifoqidan molivayiy yordam so’ragan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko`ra, bu yordam 2,5 milliard dollardan oshadi.