Belarus muxolifati vakillarini o’zida yig’gan “Yangi Belarus” 3-konferensiyasi doirasida ishtirokchilar quyidagi mavzularni muhokama qilishdi: “Bugungi kunda belarus bo'lish nimani anglatadi va bizning o'zligimizni nima kafolatlaydi?”; “Madaniyat, tarix va tilni o'rganishni belaruslarning hayoti va ta'limiga qanday integratsiya qilish mumkin?”; “Internetda belarus tilidagi sifatli kontentni yaratish va tarqatishni qanday rag‘batlantirish mumkin?”; “Belarus va belaruslarning obrazi biz va chet elliklar uchun qanday bo‘lishi kerak?”
Belarus muxolifatchilari Minsk rejimining repressiv siyosati natijasida milliy til hozirgi vaqtda Belarusda boshqa postsovet mamlakatlariga qaraganda sezilarli darajada kamroq tarqalganini afsus bilan ta'kidladi. Ayrim jamoat hayoti sohalarida esa belarus tili nafaqat rus tili bilan yonma-yon mavjud, balki u tomonidan siqib chiqarilmoqda. Belarus tilini erkin bilish esa hukumat va huquqni muhofaza qilish vakillari tomonidan sodiq emaslik belgisi sifatida qabul qilinmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari bunga javoban belarus tilini ommabop va jozibador qilishga intilish kerakligini taklif qildi. Shuningdek, respublika aholisi bolalikdan boshlab belarus tilini o‘rganishi uchun belarus tilida multfilmlar va komikslar chiqarishni tavsiya qilishdi.
“O’rta qatlam vakillari milliy o‘zligini ta'kidlash uchun belarus tilida gaplashmoqda”.
Munozara ishtirokchilaridan biri, sotsiolog va Yangi G‘oyalar markazining katta tadqiqotchisi Gennadiy Korshunov fikricha, Rossiya armiyasining Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bosqinidan so‘ng Belarusga Rossiya Federatsiyasidan katta miqdorda fuqarolar kelgan, ammo ularning aniq sonini aytish, temir yo‘llar va aeroportlarda chegara nazorati yo‘qligi sababli, juda qiyin.
“Urushdan oldin ruslarning soni unchalik ko'p emas edi. Ular mulk sotib olishlari, bu yerda biznes boshlashlari mumkin edi, shunga qaramay ularning soni hozirgidek ko’p emas edi”, - deya ta'kidladi u “Amerika Ovozi” rus xizmati muxbiri bilan suhbatda.
Shu bilan birga, Korshunov Belarus poytaxtiga tashrif buyurayotgan sayyohlar Minskni rus tilida so'zlashuvchi shahar deb atashsa, adashmagan bo’lishini ta’kidlaydi.
“Lukashenko belarus tilida so'zlashadigan sohalarni ataylab yo'q qilgan. Belarus tilida ta'lim beradigan maktablar soni boshidanoq keskin qisqartirildi. 2020-yildan keyin esa belarus tilida gapirish juda xavfli bo'lib qoldi. Qayerda bo'lishidan qat'i nazar - belarus tilida so'zlashuvchini ishga qabul qilishmaydi”, - deydi sotsiolog.
Shunga qaramay, Gennadiy Korshunovning ma'lumotlariga ko'ra, respublika fuqarolarining aksariyati rus va belarus tillarini teng darajada biladi.
“Belarus tilini ko’proq qishloq joylarda eshitish mumkin, ammo bu faqat keksa odamlardan emas. So'nggi 10 yil ichida belarus tili nafaqat ziyolilar orasida, balki oddiy aholi orasida ham kengroq tarqala boshladi. O‘rta sinf deb hisoblanadiganlar belarus tilidan o‘z milliyligini, o’zligiuni ta’kidlash uchun foydalanmoqda,” - deya ta'kidlaydi Yangi G'oyalar markazi katta tadqiqotchisi.
“2020-yilning ikkinchi yarmida bo'lib o'tgan ommaviy noroziliklardan keyin Belarusda davlat tilida gapiradiganlar o’zini xavf ostida hisoblaydi”, - deya qo’shimcha qiladi u.
“Hayoti xavf ostida bo’lganlarni evakuatsiya qilamiz”
Muhokamaning asosiy mavzularidan biri belaruslik siyosiy mahbuslarning ahvoli bo‘ldi. BELPOL tashabbusi vakili, ilgari Lukashenko rejimining asiri bo‘lgan Aleksandr Kabanov, belaruslik siyosiy mahbuslarni ozod qilish juda murakkab va og‘riqli masala ekanligini, bu savolga hech kimda aniq javob yo‘qligini ta’kidladi.
“Lukashenkoning nuqtai nazarida, ular almashtirilishi mumkin bo'lgan “tovarlar” yoki garovga olinganlar”, - deydi Kabanov.
Uning fikricha, hozirgi kunda siyosiy mahbuslarni ozod qilish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan professional tuzilma yo‘q. Ammo shunday tashabbuslar borki, ular birgalikda ishlasa, natija keltirishi mumkin.
Aleksandr Kabanov, shuningdek, Lukashenko 90-yillardan boshlab o'z siyosiy raqiblarini o'ldirib kelganini eslatib o'tdi.
“Odamlar qotilning qo'liga tushgan. U bilan qanday gaplashishni bilish uchun psixologlarning maslahatlari kerak”, - deydi BELPOL tashabbusi vakili va so’zining yakunida, Belarusning taqdiri hozir Ukrainadagi jang maydonlarida hal qilinayotganini ta'kidlab o’tdi.
Munozara yakunida BYSOL jamg‘armasi rahbari Andrey Strijak tomonidan Xalqaro gumanitar yordam jamg‘armasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Amerika Ovozi”ning rus xizmati muxbiri bilan suhbatda u o‘z tashkilotining siyosiy mahbuslar va ularning oilalariga, shuningdek, Belarus qamoqxonalaridan chiqqanlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishini aytib o‘tdi.
“Agar bu odamlar xavf ostida bo‘lsa, biz ularni evakuatsiya ham qilamiz. Bizda o‘zimizning mablag’ yig’ish platformamiz bor, unda bu odamlar o‘zlari uchun shaxsiy mablag‘ yig‘ishni boshlashi mumkin. Biz oddiy odamlardan bu maqsadlar uchun yiliga o‘rtacha 1 000 000 – 1 200 000 yevro yig‘amiz, bu Belarus jamiyatida birdamlik juda yuqori ekanligini ko‘rsatadi”, — dedi Andrey Strijak.
Shuningdek, u BYSOL jamg‘armasining asosiy maqsadi siyosiy mahbuslarni ozod qilish emasligini aytdi:
“Biz siyosiy mahbuslar bilan ishlayotganimiz uchungina bu masalaga juda chuqur kirishganmiz. Shu sababli “Yangi Belarus” konferensiyasi panellarida ishtirok etaman va bu masalalarga oid savollarga qaysidir darajada javob beraman, chunki bu borada o’z tajribam va o‘z pozitsiyam bor”.
Xalqaro gumanitar yordam jamg‘armasiga kelsak, hozircha uning ishida ishtirok etishga Norvegiya va Shvetsiya rozi bo‘ldi, yana uchta davlat bilan muzokaralar olib borilmoqda.
“Asosiy vazifa – bu “saylov” natijalari tan olinishiga yo‘l qo‘ymaslik”
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan “Platforma 2025” deb nomlangan hujjat qabul qilindi. Unda, xususan, shunday deyilgan: “Biz, belaruslar — ozodlik va adolat huquqiga ega bo‘lgan Yevropa xalqimiz. 2020-yilda biz o‘z qobiliyatimizni namoyon etdik. Biz yaxshiroq kelajakka loyiqmiz va unga intilamiz. Aleksandr Lukashenko jinoiy yo’l bilan hokimiyatni ushlab turibdi, u repressiyalar va Kremlning qo‘llab-quvvatlashiga tayanmoqda, ammo u ham, uning nazorati ostidagi organlar ham saylovlarni tayinlash yoki o‘tkazish huquqiga ega emas”.
Hujjat mualliflarining fikricha, 2025-yilgi saylov kampaniyasi saylovlarning soxtalashtirilgan ko‘rinishidir. Qattiq bosimlar tufayli belaruslar byulletenlarda demokratik nomzodlarni ko‘ra olmaydi va yaqinlashib kelayotgan saylov tadbiri Belarusda bo’lgan oldingi saylovlarga nisbatan yana ham haqiqatdan yiroq bo’ladi.
“Amerika Ovozi”ning rus xizmati muxbiri Svetlana Tixanovskayaning bosh maslahatchisi Franak Vyachorkadan 2025 yilgi "saylov tadbiri"dan Belarus muxolifati nima kutayotgani va unga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida so‘radi.
Uning fikricha, eng muhimi — bu “saylovlar”ni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishiga yo‘l qo‘ymaslik.
“Ular noqonuniy va Lukashenko ularni o‘tkazishga haqli emas, xalqning 2020-yildan beri talablari o‘zgargan emas, ya’ni siyosiy mahbuslarni ozod qilish, ommaviy qatag’onlar uchun mas'ul bo'lganlarni jazolash va erkin saylovlar o‘tkazish. 2025-yildagi bu “saylovlar” bunday bo‘lmaydi”, — deydi Tixanovskayaning bosh maslahatchisi.
Belarus oppozitsiyasi jamiyatni safarbar qilishning bir nechta mumkin bo‘lgan ssenariylarini ishlab chiqmoqda. Bu saylovlarni faol ravishda e'tiborsiz qoldirish va boykot qilish yoki ularni buzish kampaniyasi bilan saylov uchastkalarida faol harakatlar qilish bo’lishi mumkin.
“Hozirda belaruslik faollar va mamlakat ichidagi belaruslar o‘rtasida demokratik kuchlar qanday yo‘l tutishi kerakligi haqida so‘rovlar o‘tkazilmoqda. Ammo, takrorlayman, asosiy vazifa — bu “yolg’on saylovlar” natijalarining tan olinishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, — deya ta'kidlaydi Franak Vyachorka.
“Platforma 2025”da, shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Belarusning demokratik kuchlari institutlari - Svetlana Tixanovskaya, Birlashgan o‘tish kabineti, Muvofiqlashtiruvchi kengashni, shuningdek, Belarusda demokratik o‘zgarishlar uchun kurashni davom ettirayotgan partiyalar, tashkilotlar va jamoat tashabbuslari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashlarini ta'kidlab o‘tgan.
Svetlana Tixanovskaya nafaqat Birlashgan o‘tish kabineti rahbari, balki Belarusning Umummilliy yetakchisi sifatida ham tanishtirildi. Shu maqomda, “Amerika Ovozi” rus xizmati muxbiri undan Lukashenko va Putinning hokimiyatdan ketganidan keyin Belarus va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni qanday ko‘rishini so‘radi.
Javob qisqa bo‘ldi: “Rossiya o‘zining imperiya ambitsiyalaridan voz kechib, o‘z xalqini, qo‘shnilarining suverenitetini, xalqaro huquqni hurmat qiladigan, urush olib bormaydigan demokratik davlatga aylangan taqdirda, u bilan oddiy va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bo‘lishi mumkin”.