Belarus muxolifati lideri Svetlana Tixanovskaya shu kunlarda Vashingtonda Amerika qonunchilari va hukumati bilan muloqot qilar ekan, mamlakatida demokratik harakat so'nmaganini va xalqi Ukrainadagi urushga qarshi ekanini aytdi.
Tixanovskaya Belarusni 2020-yilda prezident saylovida uzoq yillik rahbar Aleksandr Lukashenko bilan kurashgach, tark etgan. Uning harakati Lukashenkoni hozirgacha soxtakorlik va yolg'onda ayblaydi.
Lukashenko g'alabasi haqiqatga asoslangani ta'kidlab keladi. Mart oyi boshida Belarus sudi Tixanovskayani hukumatni ag'darishga uringanlikda aybdor deb topib, 15 yillik qamoqqa hukm qildi. Sud Tixanovskaya xorijda bo'lgani bois usiz o'tgan. Muxolifat nazarida bu mahkama Minksdagi yana bir tomosha.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Tixanovskaya Belarus hukumatini diktatura va aggressor deb atadi.
"Belarus xalqi va Belarusdagi rejim bir-biridan tubdan farq qiladi. Hukumat Ukrainadagi urushga sherik va u yerda to'kilayotgan qon uchun javob berishi kerak. Belarus xalqi bu mojaroga qarshi. Odamlar Ukraina tarafida. Rejimga siyosiy va iqtisodiy bosimni oshirish kerak", - deydi u.
Belarus ommasi tinimsiz tazyiq ostida, ammo baribir Ukrainani quvvatlashini bildirib kelmoqda, deydi Tixanovskaya.
"Fuqarolarimiz har kuni hibs qilinadi, chunki hukumatga va urushga yo'q deb chiqmoqda. Rahbariyat Rossiyaning sherigi, Belarus xalqi emas".
Uning aytishicha, belaruslarni ruslar bilan tenglashtirish ham xato. Belarusda ommaviy so'rovlarda 98 foiz respondent Rossiyaning urushini keskin qoralagan. Rossiyani olqishlovchi “Z” va “V” belgilarini Belarus ko'chalarida ko'rmaysiz, deydi Tixanovskaya.
"Ukraina ahli bizga qo'shni, qardosh va aslo dushman bo'lmaydi. Ular singari biz ham Rossiyaning imperialistik orzulari qurbonimiz. Kurashishimiz kerak", - deydi muxolifatchi.
Tixanovskaya nazarida Lukashenko Rossiya rahbari Vladimir Putinning qo'g'irchog'i.
"Biz Belarus erkinligi, suvereniteti, mustaqilligi va tinchligi uchun harakatdamiz. Biz kelajagimizni Yevropa bilan ko'ramiz. Hammasi oydek ravshan: Rossiya bu urush va qashshoqlik. G'arb esa biz uchun tinchlik, xavfsizlik va farovonlik demakdir",- deydi Tixanovskaya.
"Lukashenko va Putin orasidagi kelishuvlar kelajakda nolga aylanadi. Belarus kelajagi demokratiyadir. Rossiya unga faqat zarar keltiradi".
Tixanovskaya ham boshqalar singari Belarus yaqin kelajakda Ukrainaga qarshi Rossiya bilan yonma-yon urusha boshlaydi, degan xavotirda.
"Belarusdagi rejim shunday qilishi mumkin, lekin xalqimiz buni aslo ismaydi. Lukashenko va uning atrofidagilar bizning hududimizni Rossiya uchun infrastrukruraviy imkoniyat maydoniga aylantirdi. Rossiya u yerdan turib, qo'shnimizga qarshi qonli harakatlar olib bormoqchi", - deydi oppozitsiya lideri.
Tixanovskaya deydiki, Minsk buning uchun avvalo o'z xalqi oldida, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga javob berushi kerak.
"Lukashenko va bu ishda qo'li bor hamma maxsus tribunalda sudlanishi zarur. Lukashenko - terrorizm homiysi. Uni shunday tamg'alab, jazolash kerak", - deydi lider.
"Belarus askarlari ham Ukrainaga qarshi kurashishni istamaydi, bu aniq. Xalqim Lukashenko va Putin uchun o'lishni yoki o'ldirishni xohlamaydi".
Tixanovskaya urushda Belarus armiyas qatnashishi ehtimolini minimal deb hisoblaydi. Biroq, deydi u, Rossiya Belarus yeridan foydalanmoqda.
"Bunga esa Lukashenko aybdor", - deydi u.