Breaking News

Qo'mondonlar: NATO Rossiya tahdidiga tayyor turishi kerak


Qo’mondonlar: NATO Rossiya tahdidiga tayyor turishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00

Rossiya Ukraina sharqidagi hujumlarini kuchaytirar ekan, AQShning Sharqiy Yevropadagi qoʻmondonlari NATO ehtimoliy ixtiloflarga tayyor turishi kerakligi haqida ogohlantirmoqda.

Polshada AQShning 100 ming askari bor. Polsha NATO uchun front chizig’i. AQSh armiyasi NATO bilan yaqindan hamkorlik qiladi. AQShning Yevropada V-korpusi mavjud bo’lib, Yevropa missiyasida Qo’shma Shtatlar armiyasining 1-otliq diviziyasi ishtirok etmoqda.

V-korpus qo‘mondoni general-leytenant Charlz Kostanzaning aytishicha, Rossiya NATO uchun tahdiddir, uning tez oradagi amaliyotlariga tayyor turish kerak.

“Fikrimcha, biz “hali vaqtimiz bor, Rossiya juda koʻp yoʻqotishlarga uchradi, unga o’zini tiklashga vaqt ketadi” deb o’ylab adashyapmiz. Shaxsiy fikrimcha, unday emas. O'ylaymanki, tez oradagi amaliyotlariga tayyor turishimiz kerak”, - deydi qo’mondon.

NATO harbiy mashqlari, Polsha, 4-mart, 2024
NATO harbiy mashqlari, Polsha, 4-mart, 2024

G'arbning razvedka ma'lumotlariga ko'ra, Rossiya Ukrainada katta yo'qotishlarni boshidan kechirdi. Minglab askari halok bo'ldi.

Ammo Kostanzaning aytishicha, Rossiya armiyasi o’zini tez tiklamoqda. NATO qo'shinlari kabi tayyorgarlikka ega bo’lmasa-da, urush boshlanganidan beri qo’shinlarining soni oshdi.

"Ular Ukrainadagi janglardan saboq olib, armiyasini modernizatsiya qildi, bu biz uchun G'arbda muammo bo'ladi. Chunki Ukraina G'arb uskunalaridan foydalanmoqda. Ular G'arb texnikasidan foydalanishyapti. Rossiya buni qanday yengishni o‘rganmoqda”, - deydi u.

Qo’mondon NATO Rossiyaning ehtimoliy ixtiloflariga tayyor turishi kerak, deb hisoblaydi. Polsha ham shu fikrga qo'shiladi. Polsha Rossiyaga doim tahdid sifatida qaragan. Polsha armiyasining 11-zirxli texnika diviziyasi qo'mondoni Pyotr Faykovskiyning aytishicha, NATOning barcha ittifoqchilari tahdidning jiddiyligini tan oladi.

“Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, barcha niqoblar yechildi. Endi biz hamma narsani bilamiz. Ruslar qanday fikrlashini, qanday harakat qilishini ko'rsatdi, hamma narsa ravshan”, - deydi Faykovskiy.

Faykovskiy AQSh armiyasining Polshada mavjudligi juda muhim, deb hisoblaydi.

"Biz ruslarga "Mana, biz tayyormiz. Bizni bosib ololmaysan. Agar Latviya yoki Estoniya kabi kichik davlatga ham bostirib kirsang, biz tahdidga qarshi turishga tayyormiz, deb ko’rsatishimiz kerak", - deydi Polsha armiyasi rasmiysi.

Polsha harbiylarining ta'kidlashicha, mamlakat Yevropa yuragida bo’lgani uchun azaldan doim urushlar o’chog’i bo’lgan, birinchi bo’lib hujumga uchragan mamlakatlardan. Shu sabab ham hukumat mudofaaga ko’p mablag’ ajratadi. Yalpi ichki mahsulotining deyarli 4 foizini mudofaaga sarflaydi.

Ikkinchi jahon urushidagi fashistlar istilosi, undan keyin Sovetlar davrida Moskva hukmronligi Polsha uchun achchiq saboq bo’lgan. Shu sabab ham Polsha hozir Ukrainani eng birinchilardan bo’lib qo’llab-quvvatlayotgan davlatlardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG