Breaking News

Finlyandiya: Rossiya muhojirlarni ataylab chegaramizga yo'naltiryapti


Finlyandiya: Rossiya migrantlarni qurolga aylantirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Finlyandiya Moskvani boshpana izlovchilarni mamlakat chegarasiga yo’naltirayotganlikda ayblab, Rossiya bilan 1340 kilometrlik chegarasini yopgan.

Finlyandiya chegara xizmati maʼlumotlariga koʻra, noyabr oyida mamlakatga Rossiya orqali Keniya, Marokash, Pokiston, Somali, Suriya va Yaman kabi davlatlardan 900 dan ortiq boshpana izlovchilar kirib kelgan. Ilgari ba’zi kunlar bir kishi kelardi xolos.

Noyabr oxirida Finlyandiya Rossiya bilan mavjud sakkiz chegara punktlaridan barchasini yopdi.

“Rossiya aralashuvi haqida gap ketmoqda. Va biz uni qabul qilolmaymiz. So'nggi kunlarda bu favqulodda holat emas, balki uyushtirilgan ishlar ekanligi yaqqol sezilmoqda”, - deydi Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo.

Rossiya migratsiyani qurolga aylantirishga urinmoqda, deydi tahlilchi Charli Salonius-Pasternak, Finlyandiya xavfsizligi bo'yicha ekspert.

“Muhojirlar bilan intervyulardan ma’lum bo’lishicha, ularning ayrimlariga Ukrainadagi frontga borish, yoki avtobus, yoki harbiy yuk mashinasiga minib, Arktika halqasigacha yoki yanada shimolroqqacha yetib olib, velosiped sotib olish va chegaradan o'tishga harakat qilish tanlovi berilgan. Bu ishni ruslar uddaburonlik bilan tashkil qilgan”.

Bu ruslarning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Finlyandiyaning betaraflik maqomidan voz kechishiga, NATOga qoʻshilishiga Rossiyaning javobidir, deydi Salonius-Pasternak.

“Rossiya Finlyandiyani dushman davlat sifatida ko’radi”, - deydi ekspert.

Finlyandiya chegarani qo'riqlashda polshalik harbiy maslahatchilar taklif qilgan yordamni rad etdi. 2021-yilda Polsha Belarusni minglab muhojirlarni umumiy chegaralariga jo‘natganlikda ayblagan. Rossiya muhojirlar oqimini Finlyandiya chegarasiga yo’naltirish ayblovlarini rad etib keladi.

“U yerda hech qanday tahdid ham, keskinlik ham yo'q. Keskinlik qo'shimcha bo'linmalar chegaramizda to'plansa, chindan paydo bo'lishi mumkin, bunday holat biz uchun xavf tug'dirishidan finlar ogoh bo’lishlari kerak”, - deydi Dmitriy Peskov, Kreml matbuot kotibi.

Finlyandiya va Rossiya 1340 kilometrlik umumiy chegaraga ega. Ayrim muhojirlar o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, noqonuniy kesib o‘tishga urinishi mumkin, degan xavotirlar bor.

“Havo harorati minus 25 darajagacha tushgan. Chegarani kesib o'tmoqchi bo'lganlar uchun juda noqulay sharoit. Bu kimsasiz biyobonlarda muzlab qolgan odamlar videosi yoki suratlarini ko’rishni boshlasak ajab emas”, - deydi Pasternak.

Muhojirlar oqimi koʻpaysa, Estoniya ham Rossiya bilan chegarasini yopishga tayyorligini bildirdi va fuqarolariga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG