Rossiya-Ukraina urushi ukrain armiyasini yillar davomida shakllangan, hozir ham sobiq ittifoq uchun andoza sifatida qolayotgan sovet harbiy taktikasidan voz kechishga majbur qildi.
Armiyaning yangi bosqichga chiqishida nafaqat zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslaha, balki askarlar ruhiy holati ham muhim ahamiyat kasb etadi.
NATO standartiga o´tayotgan Ukraina armiyasidagi yangliklardan biri bu kapellanlik, ya’ni askarlar e´tiqodini qadrlash, armiyada, frontda ruhoniylar, imomlar xizmatini tashkillashtirish.
Dinni inkor etgan sovet armiyasi bundan mutlaqo voz kechgan edi. Ukraina armiyaga rasman diniy xizmatni qaytardi, harbiy kapellan lavozimi joriy etildi.
Ukrain armiyasida e´tiqodiga ko`ra, musulmon, nasroniy va boshqa din vakillariga xizmat qiluvchi kapellanlar bor.
“Amerika Ovozi” avvalroq ukrain armiyasida xizmat qilayotgan musulmon kapellani, imom Murad Putilin haqida hikoya qilgan edi. Shu mavzudagi navbatdagi lavha nasroniy ruhoniy, kapellan Yevgeniy Savchenko haqida.
Yevgeniy Savchenko 30 yildirki Luganksdagi ona shahri Rubejniy baptistlar cherkovida ruhoniylik qiladi. Sakkiz nafar farzandning otasi 50 yoshli Savchenko 2017 yildan ukrain jangchilariga ham ibodat xizmati ko`rsatgan.
Uning ta’kidlashicha, u yetti yil davomida norsamiy kapellan vazifasini bajarib kelgan. 2023 yildan, Ukraina qurolli kuchlari safiga qo‘shilgach rasman frontdagi kapellan vazifasini bajarmoqda.
“Men jangchilarimiz, askarlarimiz bilan uchrashuvlar o`tkazaman, ular butin kuchini berayotgan jangchilar, insonlar sifatida ham qadrli ekanligini aytaman”, - deydi Savchenko.
U yarador jangchilar bilan ham uchrashuvlarda bo`ladi.
“Shafqating uchun minnatdormiz. Xudoyim, uning tiklanishiga, sog’ayib ketishiga ham kuch ber!” - deb yarador jangchiga taskin beradi Savchenko .
Harbiy kapellanlik xizmati – Ukraina armiyasidagi yangilik.
2021 yilning noyabrida Ukraina oliy radasi NATO davlatlarida mavjud bo`lgan qonunga mos qonun qabul qildi. Mohiyat aniq bir din haqida emas, bali soldatlar yonida ruhoniylar bo’lishi haqida.
“Kapellanlik bu birodarlikni, bag’rikenliglikni ham ifodalaydi. Chunki turli diniy konfessiyalarga, masalan musulmon kapellanlar ham bor. Biz bir birimizni juda yaxshi tushunamiz, qo’llab quvvatlaymiz”, - deydi Savchenko.
Uning xizmati faqatgina ruhiy, diniy ehtiyojga bog`liq emas, masalan mana bu g’ildirakli hammom g’oyasi Savchenkoga tegishli.
“Jangchilarimizni hammom qabul qilishi, shundan so`ng “Go’yo uyga borib kelgandek bo`ldim ”, degan olqishlarini eshitish men uchun eng katta mukofot”, - deydi u.
Mobil hammom birdaniga 5 kishini sig’dirishi mumkin. Bu yerda nafaqat yuvinish, shuningdek ular foydalanishi uchun kir yuvadigan mashina o’rnatilgan.
“Menga hammom juda yoqdi. Issiq, toblandim yaxshilab, ertaga qaytaman, hali kiyimlarimni yuvishga ham ulgurishim kerak”, - deydi hammom qabul qilgan askarlardan biri.
Savchenkoning aytishicha, kapellanlik vaqt, fidoyilik talab qiladi.
“Ya`ni senda oilang, kundalik hayoting uchun vaqt qolmaydi. Uyni, oilani qoldirib har doim brigadada jangchilar bilan birga bo`lish kerak. Afsuski, hamma ruhoniylar ham bunga tayyor emas ”.
Savchenkoni uyda oilasi, sakkiz nafar bolasi kutishmoqda. 20 yoshli katta o’g’li otasini izidan bormoqda, ko’ngilli tarzda kapellan yordamchisi sifatida frontga otlanmoqchi.