Breaking News

Barensburg: Norvegiyaning ruslar hukmron shahri


Norvegiyada rus-ukrain ixtilofi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00

Arktikadagi Barensburg shaharchasi Norvegiyaga qarashli. O’ziga xos huquqiy maqomga ega shahar. Vizasiz zona hisoblanadi. Shaharda shu paytgacha ruslar, ukrainlar yonma-yon yashagan. Rossiya-Ukraina urushi bu yerdagi ruslar va ukrainlarning o’zaro munosabatiga ham ta’sir qildi.

Barensburg - Arktikadagi ko'mirga boy shahar. Bu yerda rus bayroqlari, sovet davridan qolgan tasvirlar ko’p. Masalan, Lenin byusti. Ammo Barensburg Rossiyada emas, Norvegiyada.

Barensburg Norvegiyaning Shpisbergen arxipelagida joylashgan, Norvegiyaning asosiy hududlaridan 600 km shimolda. Bu orollarning g'ayrioddiy huquqiy maqomi har qanday millat vakillariga bu yerda yashash imkoniyatini beradi.

Bu yer aholisi soni taxminan 400 kishidan iborat bo’lgan. Aksariyati ruslar va ukrainlar. Lekin keyingi vaqtlarda ukrainlar bu yerni tark etdi.

Katerina Shabratska ukrainalik. Barensburgni Rossiya-Ukraina urushi boshlangunga qadar tark etgan. Hozir Shpisbergendagi yirik aholi punkti bo’lmish Longyerbiyen shahrida yashaydi. Urush boshlanganidan so’ng ko'plab ukrainlar Longyerbiyenga ko'chib o'tdi.

“2022-yil hamma narsani o'zgartirdi. Ular bu yerda qolishni ortiq istamadi, chunki 2022-yilda ko’p muammolar bo’ldi. Men buni his qildim, o’zimni ham endi ruslar bilan gaplashgim kelmay qoldi”, - deydi Shabratska.

Mahalliy aholi vakili bu yerda ruslar va ukrainlar o’rtasidagi qarama-qarshilik 2022-yildan oldin boshlanganini aytadi.

"Ular 2021-yildayoq ko'chishdi, Navalniy bilan bog’liq vaziyat tufayli", - deydi u.

Rossiyalik muxolifatchi faol Aleksey Navalniy 2021-yil surgundan Moskvaga qaytib keldi va darhol hibsga olindi. 2024-yilning fevralida Arktikadagi jazo koloniyasida vafot etdi.

Mahalliy aholining aytishicha, Barensburgda ko‘pchilik Navalniyni ochiq qo‘llab-quvvatlagan, boshqalari esa Putin tarafdori bo‘lgan va bu o’zaro bahs, qarama-qarshilikni keltirib chiqargan.

Longyerbiyendagi ruslarning aytishicha, ular joriy voqealar haqida gapirishga qo’rqadi, sababi Rossiyada oilalari bor.

Rossiyaning Barensburgdagi konsuli "Amerika Ovozi"ga intervyu berishni istamadi.

Norvegiyaliklar fikricha, oroldagi norveg va rus aholining o’zaro munosabati doim yaxshi bo’lgan, hatto sovuq urush davrida ham. Ammo Rossiya-Ukraina urushi boshlangan so’ng Barensburg va Longyerbiyen o'rtasidagi madaniy va biznes aloqalari uzilib qoldi.

"Balki Sovuq urush davri hozirgi urushga o’xshamagani uchundir, hozir qotilliklar sodir bo'lmoqda. Hozir Yevropada guvoh bo’layotganimiz Sovuq urush davrida bo’lmagan. Dahshatli bombardimonlar bu yerdagi odamlarga ta'sir qilyapti”, - deydi Longyerbiyenda yashovchi fuqaro.

Longyerbiyendagi ukrainaliklar Ukraina mudofaasi uchun pul yig’ib, vatanga yordam berishga harakat qilmoqda.

"Kechki ovqatlar tashkillashtirdik. Konsertlar uyushtirdik. Birga shunday ishlayapmiz", - deydi Shabratska.

Taxminan, bir asr oldin tuzilgan Shpisbergen shartnomasi Norvegiyaga ushbu orollar ustidan suverenitet o'rnatish imkonini berdi. Bu yerlar hamma uchun ochiq, vizasiz kelish va yashash mumkin. Bu yerda harbiy harakatlar taqiqlanadi.

Rossiya va Ukraina aholisi o'rtasida ham shu paytgacha ochiq adovat bo'lmagan.

Ammo Ukraina urushi bu yerdagi ruslar va ukrainlar o’rtasida bir-biriga nisbatan salbiy kayfiyat qo’zg’atdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG