Breaking News

Rossiyada iqtisodchining mudofaa vaziri etib tayinlanishida qanday ma'no bor?


Andrey Belousov (chapda) - Rossiyaning yangi mudofaa vaziri
Andrey Belousov (chapda) - Rossiyaning yangi mudofaa vaziri
Xalqaro hayot - 17-may, 2024-yil - G'azodagi vaziyat. Ukrainada kim ustun?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:15 0:00

Ayrim tahilchilar nazarida, Rossiyada mudofaa vaziri lavozimiga iqtisodchi amaldorning tayinlangani har ikki tarafga qimmatga tushayotgan urush Ukrainada hali ancha davom etishini anglatadi.

Ba’zilar Andrey Belousovni Rossiyaning G’arb sanksiyalaridan chora topgan mutaxassislaridan biri deb biladi, uning mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishini urush xarajatlarini to’g’ri hisob-kitob qilish zarurati bilan izohlashmoqda.

“Rossiya uzoq muddatli urushga hozirlanmoqda. Unga pul yetishiga ishonch hosil qilishmoqchi, buning uchun esa iqtisodchiga ehtiyoj bor”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlilchisi Kir Gayls.

AQSh rasmiylari hisobicha, Rossiya Ukrainadagi urushga shu kunga qadar 200 milliard dollardan ko’p pul sarflagan.

So’nggi haftalarda Rossiya armiyasi Ukrainaning shimoli-sharqdagi Xarkov oblastida hujumlarini kuchaytirib, Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra 12 ta aholi punktlarini ishg’ol etgan, ukrain qo’shinlari chekinmoqda.

Rossiyaning so’nggi hujumlari, deydi ayrim tahlilchilar, uning tinchlikka tayyor emasligini ko’rsatmoqda.

“Putin mudofaa byudjetidan yaxshiroq foydalanishga harakat qilmoqda. Uning Ukrainadagi strategiyasi o’zgaradi deb o’ylamayman”, - deydi Tbilisida joylashgan Xavfsizlik masalalarini o’rganish bo’yicha mintaqaviy institut direktori Natiya Seskuriya.

Juma kuni Xitoyga safari chog’ida Prezident Putin Xitoy rahbari bilan Ukraina mojarosini muhokama qilganini bildirdi.

"Qo’shinlarimiz Kiyev ostonasida turganida G’arbdagi hamkorlarimiz askarlarimiz ortga qaytmasa, tinchlik bitimini imzolash mumkin bo’lmasligini aytishgan edi bizga. Qo’shinlarni Kiyevdan olib chiqishga qaror qildik. Ammo ertasiga ular hamma kelishuvlarni axlat qutisiga tashlab, “endi oxirigacha jang qilamiz” deyishdi. Ukrainaning G’arbdagi murabbiylari Rossiyani jang maydonida mag’lub etishdan, unga strategik mag’lubiyat yetkazishdan iborat pozitsiyani egalladi”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini, aslida Ukraina muzokara jarayonidan chiqqanini aytadi.

Putin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Parij Olimpiadasi paytida otashkesim taklifiga ham munosabat bildirdi.

"Prezident Si bilan buni muhokama qildik. Olimpiya tamoyillari, Olimpiada paytidagi otashkesim g’oyasini to’g’ri deb bilaman. Jahon hamjamiyati uni asrlar davomida targ’ib qilayotgani bejiz emas. Ammo hamma ham unga amal qilmaydi”, - dedi Putin.

Unga ko’ra, vaqtinchalik otashkesim Ukraina va uning G’arbdagi hamkorlariga kuch yig’ishga va hujumga hozirlanishga imkon beradi.

Putin shu oy oxirida prezidentlik muddati yakunlanayotgan Vladimir Zelenskiy vakolatining qonuniyligini savol ostiga qo’ydi. Ukrainada 2022-yilda joriy etilgan va bir necha bor uzaytirilgan harbiy holat sabab saylovlar bekor qilingan.

Zelenskiyning Kiyev meri Vitaliy Klichko kabi siyosiy raqiblari saylov bo’lmasligini tanqid qilarkan, prezidentni avtoritarizmda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG