Breaking News

“Putinning miyasi” deya nom olgan olim xitoyliklar tanqidiga uchradi


Rossiyalik mafkurachi Aleksandr Dugin
Rossiyalik mafkurachi Aleksandr Dugin

Rossiyalik milliy mafkurachi va Prezident Vladimir Putinning kuchli tarafdori Aleksandr Dugin Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida qattiq hujumga uchradi. Tarmoq foydalanuvchilari Xitoy parchalanishi haqida u bir paytlar aytgan gaplarni tanqid ostiga olib, masxara qildi.

Putinning Ukrainaga bosqinidan ikki yil o'tib, Xitoy internetida rossiyaparastlik kayfiyati keng tarqaldi.

Duginga bo’lgan bu munosabat, Pekinning so’nggi yillarda ommaga ko’rsatmay kelayotgan, Xitoy millatchilari va ularning rus hamkablari o’rtasidagi – Pekinning ko'p asrlik hududiy nizolari va siyosiy qarama-qarshiliklari natijasi bo’lgan yashirin dushmanlik taraflarini yaqqol ko’rsatib qo’ydi.

6-may kuni Dugin Xitoyning ikkita eng mashhur ijtimoiy media ilovasi bo’lgan “Weibo” sayti va “Bilibili” video tarmog’ida o’z sahifasini ochdi.

“Weibo” va “Bilibili”da joylashtirilgan birinchi videoda Dugin xitoyliklar bilan salomlashdi va Pekinning so'nggi o'n yilliklardagi iqtisodiy va siyosiy yutuqlarini yuqori baholadi.

Xuddi shu videoda u aprel oyida Shanxaydagi Fudan universitetida Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Feng Yujunning “Economist” jurnalida chop etilgan maqolasini ham tanqid qildi. Feng maqolada Rossiyaning Ukraina urushida yutqazishi muqarrar ekanini aytgan.

Dugin e’tirozicha, “Feng va ba’zi xitoyliklar Rossiyaning “kuchi va qat’iyati”ni munosib baholamagan”.

Video xitoyliklar tomonidan tezda qoralanib, “Rossiya mag‘lub bo‘lishi kerak” degan izohlarga to’ldi va minglab “layk” to‘pladi.

“Weibo” platformasining "Zhixingbenyiti" taxallusli foydalanuvchisi o’z sahifasida Duginni - “Xitoyga nafrat ko’zi bilan qaraydigan, uning parchalanishini reja qilayotgan ekstremist”, - deb haqoratlagan.

62 yoshli Dugin Moskvada tug'ilgan. 1980-yillarda u kommunizmga qarshi dissidentga aylangan.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin u rus ekspansionizmini (Rus yerlarini kengaytirishni) targ'ib qila boshladi. Uning fikricha, Moskva Yevrosiyoda hududiy jihatdan kengaysa, AQSh boshchiligidagi G‘arb kuchlariga qarshi turishi oson bo’ladi.

O’zining 1997-yilda chop etilgan “Geosiyosat asoslari” kitobida Dugin Xitoyni bo’lib yuborish Rossiyaning kuchli bo‘lishi uchun zarur qadam ekanligini yozgan. Xabar qilinishicha, Putinga yaqin doiradagi odamlar Duginning bu kabi fikrlariga e’tiborini qaratib, unga “Putinning miyasi” laqabini berishgan.

Biroq Duginning Xitoyga nisbatan munosabati so'nggi yillarda sezilarli darajada o'zgardi. 2018-yilda u ilk bor Xitoyga bordi. Fudan universitetida so‘zlagan nutqida Xitoyning iqtisodiyoti, madaniyati va mustamlakachilikka qarshi kurashdagi yetakchiligiga yuqori baho berdi

Shuningdek, Xitoyni qo’lga olish haqidagi avvalgi fikrini o’zgartirib, aksincha, Xitoy va Rossiya o’rtasida teng do’stlik munosabatlarini o’rnatib, G’arb kuchlariga qarshi birga harakat qilish muhimligini ta’kidladi.

Dugin hozirda Xitoydagi Fudan universitetining katta ilmiy xodimi va Xitoy milliy nashri “Guancha”ning kolumnistlaridan biridir.

2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin, Dugin oʻz maqolasida Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi ittifoq – “Gʻarb hukmronligining mag’lubiyati”dir degan edi.

“Geopolitik risklar va strategiya” amaliyoti asoschisi, rus-xitoy tahlilchisi Filipp Ivanov “Amerika Ovozi” bilan bo’lgan suhbatda Duginga opportunist deb baho berdi:

“Dugin opportunist. Ukraina urushi tufayli Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi munosabat yana-da yaxshilashgani sababli, uning pozitsiyasi ham oʻzgara boshladi. Natijada u Xitoydagi keng jamoatchilik va intellektual qatlam bilan aloqalar o’rnatishga harakat qilyapti”.

Shuningdek, Ivanov Duginning Kremlga ta'sirini bo'rttirilgan deb hisoblaydi.

Xitoy ijtimoiy tarmoqlariga qo‘shilganidan beri Dugin “Weibo”da 100 000 dan ortiq, “BiliBili”da esa 25 000 dan ortiq obunachiga ega bo‘ldi. U “Weibo”da beshga yaqin post qo’ygan, ularning deyarli har birida 1000 dan ortiq izohlar bor, biroq aksariyatida uni tanqid qilishgan.

Dugin Putinni beshinchi prezidentlik muddatini qoʻllab-quvvatlagan post ostida odamlar “Rossiya urushda magʻlub boʻlish arafasida” va “Doʻzax eshiklari sizni kutmoqda” kabi izohlar qoldirilgan.

Xitoyning eng nufuzli millatchi olimi Van Xiaodong “Weibo”da ikki yil avval Dugin va Xitoyning rossiyaparast guruhlarini tanqid qilib post yozgan edi.

“Duginning g’oyalarini Kreml amalga oshiradi deb o’ylamayman. Unda faqat g’oya bor, lekin kuch yo’q. Men Xitoy xalqiga ba'zi ruslar, jumladan, qudratli departamentlardagi elitalarning munosabatini ko’rsatmoqchiman. Ularning bu kabi munosabati biz xitoyliklarning jon kuydirishimizga arziydimi?”, - deydiu o’z postida.

Rossiya-Xitoy harbiy hamkorlik modeli dunyoga namunami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:55 0:00

Xitoy internetida Duginga qilingan hujumlar Ivanov uchun kutilmagan holat bo’lmadi.

“Xitoylik internet foydalanuvchilari Putinning Gʻarbga qarshi,AQShga qarshi harakatini qoʻllab-quvvatlasa-da, Dugin olg’a surayotgan Rossiyaning mustaqil davlat suverenitetiga tajovuz qilishi va rus ekspansionizmi, millatchiligi va shovinizmiga shubha bilan qarashadi, unga toʻgʻridan-toʻgʻri salbiy munosabatda boʻlishadi”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali.

Uning aytishicha, Xitoy va Rossiya munosabatlari tarixi asosan qarama-qarshilik, raqobat va ishonchsizlikdan iborat.

Duginga qilingan hujumlar orasida ko'plab internet foydalanuvchilari Rossiya so'nggi 200 yil ichida bosib olgan sobiq Xitoy hududlarini ham eslab o’tgan.

"Xitoy va Rossiya o'rtasidagi abadiy do'stlik uchun Saxalin va Vladivostok qaytarilsin", deydi “Weibo” sharhlaridan birida "lovejxcecil” taxallusli foydalanuvchi.

Urushda ishtirok etmayotgan bo'lsa-da, Rossiya-Ukraina urushi Xitoy internetida dolzarb mavzu bo'lib kelmoqda.

“Weibo”ning sobiq tahrirchisi Erik Liuning aytishicha, Dunginning platformaga obuna bo’lishi “Weibo”ga ko’plab foydalanuvchilarni jalb qildi. Ammo “Weibo” muharrirlari uning Pekin “nozik” deb hisoblaydigan masalalarni e’lon qilishiga e’tiborli bo’lishi kerak.

“U xorijlik. Xitoyning “siyosiy jihatdan nozik” masalalarida chegaralar qayerdaligi haqida tasavvurga ega emas. “Weibo” shu chegaralar buzilmasligining oldini olishi kerak”, - deydi Liu.

Dugin payshanba kuni “Weibo”da e’lon qilgan postida Xitoy va Rossiya birlashsa, “hamma narsa”ga erishishi mumkinligini aytgan. Izohlar bo’limini esa yopib qo’ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG