Breaking News

Rossiya-Xitoy aloqalaridan kim ko’proq manfaatdor?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o’tgan hafta Xitoyga tashrifi Moskva va Pekin o’rtasida iqtisodiy va geosiyosiy aloqalar kuchayib borayotganini ko’rsatdi.

Xalqaro hayot - 22-may, 2024-yil - Blinken Isroil himoyasida. Yevropa Falastinni tan olmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:32 0:00

Odatda xorijiy rahbarlar bilan o’zini ancha bosiq tutadigan Si Zinpin Vladimir Putinni o’z bag’riga bosib, ikki tomonlama munosabatlar darajasini oshkor etdi.

“Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish, o’zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, dunyoda tarixan odatga kirgan ko’p qutbli siyosat olib borish, iqtisodiy globalizatsiya mamlakatlarimiz qilgan mushtarak strategik tanlovdir”, - dedi Xitoy rahbari.

Putin Rossiya va Xitoy o’rtasida savdo hajmi yiliga 240 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi.

“Rossiya Xitoy iqtisodiyoti, korxonalari, shaharlarini ekologik toza, arzon energiya, chiroq va issiqlik bilan uzluksiz ta’minlashga tayyor va qodir”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari ikki davlat o’rtasidagi diplomatik aloqalarning 75 yilligi munosabati bilan Xitoyga Si Zinpinning Yevropaga safari ketidan tashrif buyurdi. Yevropa rahbarlari Sini Rossiyaga Ukrainadagi urushda yordamni to’xtatishga ko’ndirishga urinib ko’rdi, biroq tahlilchi Velina Chakarovaning aytishicha, bu ularning qo’lidan kelmadi.

“Xitoy Rossiyaning asosiy madadkoridir, uni xalqaro sahnada yakkalanib qolishdan qutqardi. Rossiya urushda g’alaba qozonishini, urush uzoq davom etishini bildirdi va ko’ryapmizki, Xitoy uning yonini olmoqda”, - deydi mutaxassis.

Chakarova bunday ittifoqni “Ajdarho ayiq” deb ataydi, uning oqibatlari Ukrainadan nariga o’tishini aytadi.

“Yevropa va Yaqin Sharqda kechayotgan bu kabi urushlar, Hind va Tinch okeani mintaqalaridagi ziddiyatlar bir tarafda AQSh, ikkinchi tarafda Xitoy va Rossiya yoki “Ajdarho ayiq” o’rtasida vujudga kelayotgan ikkinchi Sovuq urush doirasidagi harbiy mojarolar va urushlar deya ko’rilishi kerak”, - deydi Chakarova.

Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskining rafiqasi, amerikalik tarixchi An Aplbaumning aytishicha, Si Zinpin va Vladimir Putin mushtarak geosiyosiy maqsadlarni ko’zlamoqda.

“Ular demokratik dunyoni, demokratik tilni, erkinlik, adolat, qonun ustuvorligi va shaffoflik ideallarini yomon ko’rishadi. Bu narsalar ularning avtoritar dunyosiga tahdiddir”, - deydi mutaxassis.

Aplbaum nazarida, Xitoy-Rossiya ittifoqidan ko’proq Pekin foyda ko’rmoqda.

“Xitoy Rossiyaning zaiflashishini istaydi. Chunki zaifroq Rossiya ularga neft va gazni arzon narxda sotadi. Zaifroq Rossiya ancha yumshoq ittifoqchi hamdir”, - deydi u.

Si Zinpin oktabr oyida BRIKS tashkilotining Rossiyada bo’ladiigan sammitida Putin bilan yana ko’rishishi kutilmoqda. Yaqin orada esa Putin O’zbekiston va Shimoliy Koreyaga borishi rejada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG