Breaking News

Rossiya va Xitoy demokratik dunyo tartibini “himoya qilmoqchi”mi?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) va Xitoy rahbari Si Zinpin Pekindagi Tyananmen maydonidagi Xalq majlislari zali oldida, 2024-yil, 16-may.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) va Xitoy rahbari Si Zinpin Pekindagi Tyananmen maydonidagi Xalq majlislari zali oldida, 2024-yil, 16-may.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pekinga ikki kunlik tashrif bilan bordi. Tashrifi davomida u AQShni tanqid qilib, Moskvaning harakatlarini global munosabatlarda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida koʻrsatdi.

Moskva va Pekin 2022-yil 4-fevralda Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli harbiy bostirib kirishidan bir necha hafta “cheklovlardan xoli” va “chegarasiz do’stlik” aloqalarini e’lon qilgan edi.

Pekin Moskva urushini diplomatik va moddiy tarafdan qoʻllab-quvvatlayotgan bo’lsa ham, Putin Xitoy-Rossiya hamkorligi boshqa davlatlarga tahdid solmasligini taʼkidlamoqda.

"Rossiya-Xitoy munosabatlari vaqtinchalik aloqalar emasligi va hech kimga qarshi qaratilmagani bilan juda muhim", - dedi Putin.

“Dunyo munosabatlaridagi hamkorligimiz xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi asosiy omillardan biridir. Birgalikda biz ko‘p qutbli voqeliklarni va xalqaro huquq asosida adolat tamoyillari va demokratik dunyo tartibini himoya qilamiz”, - dedi u.

Ammo bu so’zlar haqiqatdan yiroq.

Rossiya va Xitoy avtoritar davlatlar bo'lib, Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan beri AQSh va uning G'arbdagi hamkorlari "global tinchlik va farovonlik poydevori" sifatida saqlab kelayotgan xalqaro tartibni faol ravishda o’zgartirishga urinib kelmoqda.

Xitoy ham, Rossiya ham xalqaro tashkilotlarga bo’ysunmay, qoʻshnilariga nisbatan hududiy daʼvolarni ilgari suradi. Rossiya o'z maqsadlariga erishish uchun xalqaro huquqni muntazam ravishda buzib kelgan.

Jumladan, Rossiyaning 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirishi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini buzdi; bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish oʻsha yilning aprel oyida Xavfsizlik Kengashida gapirgan edi.

Nizom BMTning ta'sis hujjati bo'lib, a'zo davlatlar uchun majburiy bo'lgan xalqaro huquq tamoyillarini mustahkamlaydi.

Nizomning 2-moddasi 4-bandi “xalqaro munosabatlarda kuch ishlatish tahdidini yoki kuch ishlatishni taqiqlaydi va barcha aʼzolarni boshqa davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligini hurmat qilishga chaqiradi”.

Kreml hozirgi urushni Ukraina sharqidagi rusiyzabon fuqarolar va etnik ruslar Ukraina hokimiyati ostida "genotsid"ga duch kelgani vaji bilan oqlashga urindi.

BMTning oliy sud organi bo'lgan Xalqaro Sud bu da'volarni asossiz deb bir necha bor rad etdi.

Xalqaro sud 2022-yil mart oyida Rossiyani Ukrainadagi barcha harbiy amaliyotlarni "zudlik bilan to'xtatishga" chaqirdi. Faqat Rossiya va Xitoy sudyalari bu qarorga qarshi ovoz berishdi.

2014-yilda Ukraina Qrim yarimorolining Rossiya tomonidan bosib olinishi, 2022-yil sentabr oyida Ukraina to'rt viloyatining noqonuniy ravishda tortib olinishi ham xalqaro huquqning buzilishidir.

“Xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan eng og‘ir jinoyatlarni sodir etgan” shaxslarni sud qiluvchi xalqaro tribunal - Xalqaro jinoiy sudi Putin va uning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani noqonuniy ravishda ukrainalik bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilish kabi harbiy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topib, hibsga olishga order ham berdi.

Mart oyida shu sud Rossiyaning ikki oliy harbiy amaldorini Ukrainadagi harbiy jinoyatlarda aybladi.

Xalqaro tergovchilar Rossiya harbiy kuchlarining Ukrainadagi urush jinoyatlariga aloqadorligini aniqladi.

BMT bolalarni himoya qilish agentligi YUNISEFning xabar berishicha, 2022-yilda urush avj olganidan beri 2000 ga yaqin ukrainalik bolalar halok bo‘ldi yoki yaralandi; bu kuniga kamida ikki bola jabrlandi degani.

Xalqaro aloqalar boʻyicha kengash ‘Global Conflict Tracker”ning hisobotiga ko’ra, Rossiya havo hujumlari natijasida kamida 30 ming ukrainalik tinch aholi halok boʻlgan yoki yaralangan; Ukraina harbiylari safidan esa 130 ming kishi o’lgan yoki mayib bo’lgan. Juda ko’p ukrainaliklar uysiz qolgan va 15 millionga yaqin inson gumanitar yordamga muhtoj.

Rossiya xalqaro huquq me’yorlarini buzayotganiga qaramay, Pekin Moskva bilan qoʻshma bayonotida “Rossiyaning xavfsizlik va barqarorlik, milliy taraqqiyot va farovonlik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini hamda uning ichki ishlariga tashqaridan aralashuvga qarshi ekanligini taʼkidladi”.

Yaqinda Xitoy AQShni “odatdagi Rossiya-Xitoy savdo aloqalarini Ukrainaga harbiy yordam”- deb atagani uchun ikkiyuzlamachilikda aybladi.

AQShning Ukrainaga yordami Kiyevning bosqinchi armiyaga qarshi mudofaasini moliyalashtirish uchun ajratilgan bo’lsa, Xitoyning yordami tajovuzkor armiyaga berilgan.

2022-yil mart oyida “Just Security” onlayn tahliliy forumi tahlilchilari “Xitoynning Rossiyaga Ukrainadagi operatsiyalar uchun harbiy yordam koʻrsatishi BMT Nizomining 41-moddasida koʻrsatilgan asosiy majburiyatlarga zid kelishi”ni taʼkidladi.

“Poligraf.info” va boshqa nashrlar xabar qilganidek, Xitoy Rossiyaning bosqinchilik urushini qo'llab-quvvatlash maqsadida qurol va harbiy qismlar yetkazib bergani haqida muhim dalillar mavjud.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o'tgan oy “BBC” bilan suhbatda Xitoy "Ukrainada foydalanish uchun Rossiyaga haqiqiy qurol bermayotgani"ni aytgan bo'lsa-da, u qurol uchun texnik qismlarni muntazam yetkazib berayotgani aniq ekanini ta'kidladi.

“Xitoy Rossiyaga Ukrainaga qarshi tajovuzni davom ettirishga yordam bermoqda; bu Rossiyaning Yevropaga bo’lgan tahdidi kuchayishiga ham xizmat qilmoqda”, - dedi Blinken.

Xitoy, shuningdek, Rossiyaga qarshi G'arb sanksiyalarining ta'sirini yumshatishga yordam berdi. Pekin Moskvani qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan muhim komponentlar bilan ta'minlab kelmoqda, shu bilan birga, Rossiya iqtisodiyotini barqaror ushlab turish uchun savdoni, ayniqsa, neft va gaz importini kuchaytirmoqda.

AQSh razvedkasining hisob-kitobiga ko'ra, 2023-yilda Xitoy Rossiyadagi raketalar, tanklar va samolyotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan mikroelektronika importining 90 foizini va ballistik raketalarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dastgohlarning 70 foizini yetkazib bergan.

Shuningdek, Pekin BMT Xavfsizlik kengashida o’z ovozini doim Rossiya uchun berib, Kremlning Ukrainaga qarshi urushiga diplomatik yordam berdi.

Xitoy ham Rossiya kabi qo'shnilariga nisbatan tajovuzkorlikni kuchaytirmoqda.

Pekin BMTning dengiz hududlari haqidagi qarorlarini doimiy ravishda e’tiborsiz qoldirib, Xitoyga dengiz tarafdan qo'shni davlatlarning hududiy huquqlarini buzib keladi.

Xitoy sohil qo'riqlash xizmati muntazam ravishda g'arbiy Tinch okeanida va undan tashqarida Xitoyning hududiy va tabiiy resurslarini himoya qilish uchun bosqinchilik harakatlari bilan shug'ullanadi.

Xitoy hududiy da'volarni ilgari surishni tobora kuchaytirib, ko'plab qo'shnilari bilan yer bo'yicha nizolarga kirishmoqda. Bu nizolar ba’zan kichik to'qnashuvlarga olib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG