Breaking News

Eron va Rossiya Raisiy halokatida AQSh sanksiyalarini aybladi


Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning dafn marosimi
Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning dafn marosimi

Eron va Rossiya Prezident Raisiyning o’limiga sabab bo’lgan mash’um vertolyot halokatida AQShning qo’li borligiga sha’ma qilib, sanksiyalarni yumshatishga harakat qilmoqda. Xitoy voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi, ammo mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda noto’g’ri xabarlar tarqalishiga yo’l qo’yib berdi.

19-may kuni yuz bergan vertolyot halokatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon halok bo’ldi. Eron va Rossiya bu falokatdan foydalanib, AQSh qo’ygan sanksiyalarni yo’qqa chiqarishga urinmoqda.

Tehron va Moskva avtoritar rejimlarning ichki va tashqi siyosatini jilovlash maqsadida AQSh va uning ittifoqchilari qo’ygan og’ir diplomatik va iqtisodiy cheklovlar ostida qiynalmoqda. Eron va Rossiya bu sanksiyalar ularning iqtisodini va dunyo miqyosidagi o’rnini faqat mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab kelgan. Biroq mazkur davlatlarning Raisiy voqeasiga munosabati bu qarashlarga zid keladi.

Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri Javod Zarif AQShni ayblab, “Kechagi fojea ortidagi aybdorlardan biri Eronga aviatsiyaning muhim qismlarini sotib olishni taqiqlagan Amerika Qo‘shma Shtatlaridir”, - dedi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham nutqida deyarli shu so’zlarni takrorladi. “AQSh buni inkor etsa ham, haqiqat shundaki, AQSh sanksiyalari qo’yilgan mamlakatlar Amerikadan kelgan uskunalari uchun ehtiyot qismlar ololmayapti. Shu jumladan, aviatsiya sohasida ham”, - dedi u.

“CNN” muharriri Nik Robertsonga ko’ra, Zarifning da'volari asossiz.

“Agar u ta’kidlaganidek, prezident vertolyoti AQSh sanksiyalari tufayli sifatli ehtiyot qismlarning yetishmasligi qurboni bo‘lgan bo‘lsa, nega ishonchsiz deb topilgan vertolyotda prezident va tashqi ishlar vazirining hayotini xavf ostiga qo‘yib uchishdi”, deb yozadi Robertson o’z tahliliy maqolasida.

Xitoydagi rasmiylarning hech biri Eronning AQShga qo’ygan ayblovini qo’llab-quvvatlamadi, ammo “Amerika Ovozi”ning Mandarin xizmati Xitoyga qarashli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy media foydalanuvchilari “AQSh sanksiyalari vertolyot halokatida asosiy rol o’ynadi”, degan xabarlarni tarqatgan.

Ayrim xitoyliklar voqea ortida Isroil turgan bo’lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.

G’arb ijtimoiy tarmoqlarida Raisiyning uchuvchisini Isroil razvedka xizmati “Mossad” agenti - “Eli-Kopter” deya madh etuvchi memlar, GIFlar va qo’shiqlar paydo bo’ldi.

Xuddi shu nom ostida ijtimoiy tarmoqda yangi sahifa ochilib, u yuzlab kuzatuvchilarga ega bo’ldi.

“Associated Fress” deb nomlangan akkauntlardan biri Isroil razvedkasi o'z agenti Eli Kopterning o’limi tufayli motam tutayotgani haqidagi "hazil yangilik”ni ulashdi.

Ba’zilar bu hazilni yangilik deb o’ylab, tarqatishga oshiqdi, jumladan, XAMASni qo’llovchi “Telegram” kanallari ham.

Rossiyaning bosh propagandachisi Vladimir Solovyov o‘zining millionlab tomoshabinlariga Eli Kopter ishtirokidagi “France 24” satirik klipini ko‘rsatib, Isroilni “siyosiy qotillikda” aybladi.

Livanda joylashgan Hizbullohni qoʻllab-quvvatlovchi Al Mayadin media tarmogʻi direktorlar kengashi raisi Gasan Ben Jeddu bu borada boshqa fikrda.

“Halokat tabiiy ravishda sodir bo’lganining ehtimoli katta va shu qatorda Eron prezidentining o’limi turli taxminlarni keltirishi ham tabiiy”, - deydi u.

Eron aviatsiyasining yaxshigina eskirgani hech kimga sir emas.

"Eron aviatsiya sanoati ko'p yillik e'tiborsizlik, kam investitsiya va og'ir sanksiyalar tufayli yangi samolyot sotib olish imkoniyatidan deyarli mahrum bo’lgan", - deb yozgan edi eronlik jurnalist Kurosh Zibariy o’tgan yilda.

Ammo Eron aviatsiya sanoatining ahvoli va Raisiyning o'sha kuni tumanli ob-havoda, tog'li hududda ko’rish imkoniyati yomon bo’lgan sharoitda vertolyotda sayohat qilish qarori alohida masala.

“CNN” muxbiri Robertson Eron harbiy maqsadlarda foydalanadigan ilg'or texnologiya nega vertolyot xavfsizligini ta'minlash uchun ishlatilmaganini savol ostiga oldi.

“Ukraina urushida Rossiya kabi davlatlarga uzoq masofadan o’q otuvchi dronlar eksport qiluvchi, shuningdek, Qizil dengiz kemalarida global suv yo’llari savdosini qo’lida ushlab turgan Yaman hutiylari va Iroq guruhlari kabi nodavlat tashkilotlarga ega mamlakatda nahotki, qulayotgan vertolyotga yordam beradigan oddiy kuzatuv dronlari yo’q edi?” – deya so’raydi u.

“AP” agentligi xabariga ko’ra, Eronning sobiq prezidentlari Mahmud Ahmedinijod va Abulhasan Banisadr ham o’z lavozimida bo’lgan paytda vertolyot halokatidan omon qolgan.

Vashington instituti tadqiqot maslahatchisi Patrik Klauson Londonda islomiy respublikani tanqid qiluvchi “Iran International” teleradiokompaniyasiga aytishicha, Eronda 2000-yildan beri 20 marta aviahalokat bo’lgan va ularda 1700 dan ortiq odam o'lgan.

Halokatga uchragan samolyotlardan 8 tasi AQShda ishlab chiqarilgan.

"20 ta halokat. Aviaxavfsizlik rekordi juda dahshatli”, - deydi Klauson.

Klausonning aviahalokatlar statistikasiga hali 2020-yil yanvar oyida Ukraina xalqaro havo yo‘llarining 752-reysini tasodifan urib tushirgan, bortdagi barcha 176 kishi halok bo‘lgan voqea kirmagan.

Sent-Endryus universiteti qoshidagi Eron tadqiqotlari instituti asoschisi Ali Ansoriy “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida: “Eron havo floti butunligicha afsonaga o’xshaydi. U eskirgan, parvozga layoqatli emas, ammo hamon uchmoqda va umri tugaguncha uchadi”, - deydi.

1979-yilda Tehrondagi AQSh elchixonasiga bo’lgan hujumdan buyon AQSh Eronga, jumladan, uning aviatsiya sanoatiga qator sanksiyalar qo’yib keladi.

AQSh Moliya vazirligi 2019-yilda Eron tijorat aviakompaniyalaridan “terrorizm, qurol dasturlari va boshqa beqarorlashtiruvchi harakatlar orqali mintaqaviy zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish uchun” foydalanishini aytgan edi.

Bunga misol qilib “Axis of Resistance” (“Qarshilik o’qi”) guruhining ittifoqchilari bo’lmish Livanning “Hizbulloh” guruhi va Yamandagi hutiylarga, shuningdek, Suriya prezidenti Bashar Assad hukumatiga qurol yetkazib berish holatlari keltirilgan.

Tehron, shuningdek, Rossiyaga qo’yilgan keng qamrovli sanksiyalarni, jumladan, o'zining aviatsiya sanoatidagi cheklovlarni chetlab o'tish maqsadida, o’z fuqorolik avialiniyalari orqali Ukrainadagi urushda Moskvaga qurol-aslaha yetkazib bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG