Breaking News

Eron prezidenti o'limi Turkiyaga qanday ta'sir qiladi?


Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Eronning marhum prezidenti Ibrohim Raisiy bilan, Anqara, 24-yanvar, 2024.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Eronning marhum prezidenti Ibrohim Raisiy bilan, Anqara, 24-yanvar, 2024.

Prezident Ibrohim Raisiyning o’limi Turkiya-Eron munosabatlari taranglashgan davrga to’g’ri keldi.

Turkiya droni halokatga uchragan vertolyotni topishda yetakchilik qildi. Biroq, ekspertlar nazdida, bunday hamkorlik tomonlar o’rtasida kuchayib borayotgan keskin raqobat fonida yuz berdi.

“Siyosiy va iqtisodiy raqobat davom etmoqda. Biroq Turkiya prezidenti bayonotlari o’ta ehtiyotkor, negativlardan xoli yangramoqda. Hatto motam kuni e’lon qilindi. Bunday ishni boshqalar, arab davlatlari ham qilgani yo’q”, - deydi Yaqin Sharq Texnika universiteti professori Husayn Bog'chi.

Turkiya Eron prezidentining o’limi munosabati bilan motam kunini e’lon qildi. Turli mintaqalarda Turkiya-Eron o’rtasida kechayotgan kurashni parda ortiga yashirishga urindi.

“Turkiya milliy xavfsizligi uchun Janubiy Kavkaz, Iroq va Suriya kelajagi ahamiyatli. Bu hududlarda Eron Turkiya manfaatlariga zid pozitsiyada”, - deydi Marmara universiteti professori Bilgexan Alago'z.

Turkiya armiyasi Iroq va Suriyada PKKning kurd otryadlari bazasiga qarshi yirik operatsiyani boshlash arafasida. Anqara Tehronni bu pozitsiyasini qo’llab-quvvatlamagani uchun doim tanqid qilib kelgan.

Raisiyning o’limi ortidan Eron prezident saylovini o’tkazish payida. Tahlilchilar nazdida, bu Turkiya uchun qulay fursat, xususan, Erondagi ichki ixtiloflar inobatga olinsa.

“Hokimiyat uchun kurash bo’lishi tabiiy. Harbiylar va din peshvolari yetakchi kuch. O’zaro hamkor bu ikki institut o’rtasida ham amalda ixtilof kuchli”, - deydi Bog'chi.

Tahlilchilarga ko’ra, Eron Islomiy inqilob posbonlari korpusining ta’sir doirasi oshsa, Iroq va Suriyada Turkiya manfaatlariga qarshi Eron nazoratidagi proksi kuchlar qudrati oshadi. Bu Turkiya-Eron o’rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytiradi.

“Inqilib korpusining haddan ziyod kerilishi siyosiy iqtidor bilan chatishsa, Yaqin Sharqda muvozanat o’zgaradi, Turkiya xavotiri oshadi”, - deydi Alago'z.

Anqara va Tehron Suriya, Iroq va Sudanda o’z ta’sir doirasini oshirish uchun kurashar ekan, Eronda hokimiyat almashinuvi mintaqa hayotida jiddiy rol o’ynaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG