Polsha sobiq prezidenti Lex Valensa amerikalik qonunchilarni Ukrainaga harbiy yordamni tiklashga undash uchun yaqinda Vashingtonga tashrif buyurdi va “Amerika Ovozi”ga intervyu berdi.
80-yillarda Polshada kommunistik rejimga qarshi kurash boshida turgan “Birdamlik” harakati asoschisi, Nobel mukofoti sovrindori Valensa fikricha, Rossiyada siyosiy rejimni o’zgartirish uchun imkoniyat bor.
Uning aytishicha, Rossiya Ukrainaga hujum qilishda davom etarkan, xalqaro hamjamiyat bu davlatga harbiy yordam ko’rsatishni to’xtatmasligi kerak.
"Odamlarga tinchlik urushdan afzal ekanligini tushuntirish uchun sa’y-harakatlarni ham oshirish darkor", - deydi u.
Amerika Ovozi: Amerika xalqi va Kongressiga nimalarni bildirmoqchisiz?
Lex Valensa: Bu galgi tashrifimning eng muhim mavzusi - Ukraina. Ukraina hozir ko’p azob chekyapti va dunyo unga yordam berishi lozim.
Amerika Ovozi: "Birdamlik” harakati 1989-yil Polshada kommunistik boshqaruv ustidan g'alaba qozongan. Qiyoslaydigan bo’lsak, u paytdagi kurash hozirgi Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashidan farq qiladimi?
Lex Valensa: Dunyo azaldan bo'lingan, ammo rivojlana borgan sari uning tuzilmalari ham kattalashib boryapti. Faqatgina Rossiya va Xitoy eski yechimlarga sodiq turibti, o'z tuzilmalarini kuch bilan kengaytirishga harakat qilyapti. Yevropa Ittifoqi va NATO kabi tashkilotlarimizning kengayishi esa ixtiyoriy ravishda amalga oshayapti.
Men hozir ko’ndalang qo'yayotgan masala shundan iboratki, mavjud bu ikki yondashuvdan qay biri g'alaba qozonadi - eskisimi yoki yangisi? Biz kuch-qudratni kamroq, axborotni ko’proq ishga solishimiz kerak. Tinch yo'llar bilan, amallar va so'zlar bilan bahslashaylik, tanklar bilan emas.
Amerika Ovozi: Ikki yil oldin ko’pchilik Ukraina Rossiya armiyasiga dosh bera olmaydi degandi. Ukraina bosqinga bunday javob berishini kutganmidingiz?
Lex Valensa: Ukraina bag’oyat muhim vazifa bilan ro’baro’ keldi. Ukrainlar jasoratli xalq. Biz buni ular bilan oldin jang qilganimiz uchun ham bilamiz. Ammo o'tmishdagi o'xshash mojarolar bizga bu yomon usul ekanligini isbotlagan. Shuning uchun biz aka-ukalardek Ukraina bilan birdammiz, hamjihatlikda harakat qilyapmiz.
Amerika Ovozi: Urush boshlanganining birinchi kunlaridan Polsha Ukrainaning eng yaqin ittifoqchilari safida edi. O'tgan yil yangragan keskin siyosiy bayonotlar inobatga olinsa, Ukraina-Polsha munosabatlari hozir qanday ahvolda?
Lex Valensa: Bilasizmi, millionlab mehmon kelganda, nizodan qochib bo’lmaydi. Qochqinlar muammosi ko'lamini hisobga oladigan bo’lsak, ikki davlat o’rtasidagi mojaro nisbatan kichik.
Polsha Yevropa Ittifoqiga kirishga muvaffaq bo'ldi. Shuni anglaganmizki, Yevropa Ittifoqiga “qochish”ga ulgurmaganimizda, biz Rossiya bilan urush holatida bo'lardik. Shuni tushunganimiz uchun ham Ukrainani yanada ko’proq qo'llab-quvvatlaymiz. Ukraina bu jihatdan “bizning o’rnimiz”ni egallagan.
Amerika Ovozi: G'arb Ukraina bu urushda qat'iy g'alaba qozonishi va Rossiya yutqazishini ta'minlash uchun yetarlicha harakat qilyaptimi?
Lex Valensa: “Birdamlik” harakati qanday g‘alaba qozonish kerakligini ko’rsatib bergan. Bahsda yutib chiqish uchun urush boshlash emas, axborot siyosatidan foydalanish kerak. Ruslar ukrainaliklarga qarata o‘q uzayotgani uchun ham biz harbiy usullarni quvvatlashda davom etishimiz kerak. Kurash davom etadi.
Ammo odamlarga tinchlik urushdan afzal ekanligini tushuntirish uchun sa’y-harakatlarni ham oshirish darkor. Rossiya tomonidagi barcha harbiy yo'qotishlarni qayd etishimiz kerak. Halok bo’lgan askarlarning qo'shnilariga to'g'ridan-to'g'ri xabar yuboraylik: "Mana, qarang qo'shningiz urushda o’ldi. Navbatdagisi siz. Ehtimol, ertaga o'g'lingiz ham qurbon bo’lar, chunki siz yashayotgan tuzum yaxshi emas”.
Ukraina bu safar Rossiyani yutib, mag‘lub etsa ham, ruslar kuch to’plab, 20 yildan keyin yana bizga hujum qiladi. Ammo biz ruslarga o‘z tizimini o‘zgartirishiga yordam bersak, ular boshqa bizga hujum qilishmaydi. O’z agressiyasi orqali Putin butun dunyoni o’ziga qarshi birlashtirgan ekan, buyuk g’alabani qo’lga kiritish uchun hozir har qachongidan ulkan va qulay imkoniyat bor. Kuch bilan emas, siyosat bilan.
Amerika Ovozi: Mixail Gorbachyov davrida siz G‘arbni Rossiya bilan muzokaralarda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgansiz. Ukrainadagi urushni, hatto hududlaridan voz kechish evaziga bo’lsa-da, tugatishni yoqlab, Rossiya bilan kelishib olishga undayotganlarga nima deysiz?
Lex Valensa: Ukrainani bunga majburlay olmaymiz. Bunday qaror muammoga yechim bo’lolmaydi. [Natsistlar yetakchisi Adolf] Gitler bilan ham o’xshash holatda edik. Rossiyani to'xtatishimiz kerak. Ha, hozir kuch ishlatishimiz kerak, chunki bu kurash. Ammo kelajakda so‘z va axborot siyosatiga ko‘proq e’tibor qaratishimiz lozim. Agar hozir Ukrainani murosa qilishga, yeridan voz kechishga majbur qilsak, juda katta xato bo‘ladi.
Suhbat “Amerika Ovozi”ning Ukrain xizmati tomonidan o’tkazildi.