Breaking News

Savdo mojarosi ketidan Polsha Ukrainaga harbiy yordamni to'xtatdi


Polshaning Gdinya porti
Polshaning Gdinya porti

Polsha – G’arb Ukrainaga yuborayotgan qurol-aslaha uchun tranzit nuqtasi va Kiyevning eng yaqin ittifoqchilaridan. Ammo so’nggi payt qo’shnilar orasida aloqalar sovuqlashdi. Varshava Ukrainaga qurol uzatishni to’xtashini aytdi.

Bir milliondan ortiq ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiyning bildirishicha, ortiq qurol jo’natilmaydi.

"Biz Ukrainaga ortiq qurol uzatmaymiz, endi o’zimizni eng zamonaviy qurollar bilan ta’minlaymiz", - deydi bosh vazir.

Polshaning bu bayonoti ko’pchilikni hayratda qoldirdi.

“Juda salbiy yangradi. Oddiy ukrainlar endi polyaklar bizga yordam bermaydi, deb xulosa qiladi”, - deydi “GLOBSEC” tashkiloti vakili Marchin Zaborovskiy.

Polsha Ukrainaga ortiq qurol uzatmayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:39 0:00

Ukrainani qurollantirishda Polshaning roli muhim.

“Ko’proq qurol berishda, boshqalarni da’vat etishda… Polsha tank, qiruvchi samolyotlarini berishini aytib, Germaniyani, Britaniyani ham qurol berishga da’vat etdi”, - deydi Britaniyaning Bat Universiteti eksperti Patrik Beri.

Mojaroga Ukraina g’allasi importi sabab bo’ldi. Polsha, Vengriya va Slovakiya o’z fermerlarini himoya qilish uchun o'tgan hafta import cheklovlarini uzaytirishga qaror qildi.

Buning ketidan Kiyev Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qildi. Prezident Volodimir Zelenskiy BMT minbarida so’zlar ekan, "Yevropada ba'zilar Moskvaga sahna qo’yib berishga yordam berayotgani achinarli”, deya ta’kidladi.

Polsha Prezidenti Andjey Duda Ukrainani cho‘kib ketayotgan odamga qiyosladi.

"Shunday yo’l tutishimiz kerakki, cho’kayotgan odamning bizga zarari yetmasin, agar cho’kayotgan odam bizga zarar keltirsa, unga yordam bermaymiz", - dedi u.

Ukraina qishloq xo'jaligi vaziri polshalik hamkasbi bilan savdo mojarosiga yechim topishga kelishib olganini bildirdi.

Vashington nizo jiddiy emas, deya ishora qilmoqda. Tahlilchilar fikricha esa birdamlik darz ketishi Moskvaga qo’l keladi.

“Bu yaxshi emas va Rossiya buni albatta ko’rib turibdi. Savol shuki, Rossiyaga bo’linish isbotini ko’rsatishda davom etamizmi?”, - deydi ekspert.

Oktabrda Polshada saylovlar o’tkaziladi. Prezident Zelenskiy esa hukumat tarkibini o’zgartirmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, keskinlikni ichki siyosat keltirib chiqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG