Breaking News

AQShda Rossiyaning "RT" telekanali xodimlariga ayblov e'lon qilindi


AQShda ikki nafar rossiyalik - Konstantin Kalashnikov va Yelena Afanasyeva xorijiy agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni buzganlik va Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi materiallarni tarqatish uchun Tennessi shtatidagi bir kompaniyaga qariyb 10 million dollar yo‘naltirganlik uchun ayblov e’lon qilindi. Bu haqda yaqinda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

AQSh Adliya vaziri Merrik Garlend deydiki, Rossiya hukumatiga qarashli “RT” (Russia Today) telekanali xodimlari Amerika auditoriyasiga Rossiya hukumati yondashuvini aks ettirgan axborot tarqatgan.

"Adliya vazirligi avtoritar rejim mamlakatimizning erkin fikr almashish imkoniyatidan foydalangan holda targ'ibotini yashirincha davom ettirishiga toqat qilmaydi va bu boradagi tergovimiz davom etadi", - deydi Garlend.

Shuningdek, Adliya vazirligi 32 domenning faoliyatini to’xtatdi. Bu domenlar Rossiya hukumati tomonidan boshqariladigan "Doppelganger" xorijiy zararli ta'sir ko’rsatish kampaniyasida qo’llangan. Ular AQShning savdo belgilari to’g’risidagi qonunlarini buzgan.

Dezinformatsiyani o'rganuvchi ekspertlarning ta'kidlashicha, Rossiyaning Amerikada siyosiy bo'linishlarni qo'zg'atuvchi propagandasini to’xtatish uchun avvalo mana shunday moliyalangan kampaniyalarni to'xtatish lozim.

O’zini nufuzli yangiliklar veb-saytiday namoyon etib, targ'ibot ishlarini tizimli ravishda olib borsa, bu asta-sekin natija beradi, deydi Vashingtondagi Atlantika kengashi tadqiqotchilari Roman Osadchuk va Eto Buziashvili.

Federal tergov byurosi (FTB) bayonotiga ko'ra, Rossiyaning "Doppelganger" kampaniyasi doirasida qonuniy media saytlariday faoliyat yurituvchi domenlar yaratilgan, ijtimoiy tarmoqlarda soxta profillar ochilgan, taniqli kishilar - influyenserlar jalb etilgan.

Atlantika kengashi tadqiqotchilarining fikriga ko'ra, "Doppelganger" ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchilar, faollar, taniqli shaxslar, auditoriya postlariga sharhlar qoldirib, ularda soxta yangiliklar saytlariga havolalar bergan.

Osadchukning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, FTBning chora ko’rgani shu bilan Rossiya targ’ibotini toʻxtatadi degani emas. Bu ularni targ’ibotning yangicha usullarini o’ylab topishga majbur qiladi, bu esa ulardan bir oz ko’proq sa’y-harakat va mablag’ talab qiladi.

Osadchuk fikricha, targ’ibot ishlari bilan shug’ullanayotganlarga qarshi chora ko’rilishi boshqalarga ham dars bo’ladi.

"Tadqiqotchilar “Doppelganger” kampaniyasi haqida anchadan beri xabardor. Endi oddiy amerikaliklar va boshqa mamlakatlardagi odamlar ham bu haqda bilishmoqda. Ehtimol ular barcha ma'lumotlar ham ishonchli manbalardan bo’lmasligini tushunishar. Umid qilamanki, bundan buyon ular domen nomlariga, o’qiyogan sahifalari “The Washington Post” yoki “Fox News” emas, balki Kremlga aloqador tashkilotlar tomonidan yaratilgan soxta manbalar ekaniga e’tibor qilishar”, - deydi Osadchuk.

Adliya vazirligi bayonotida yozilishicha, “RT” va uning xodimlari, jumladan Kalashnikov va Afanasyeva Tennessi shtatida joylashgan onlayn kontent yaratish kompaniyasiga 10 million dollar bergan.

Kompaniya bir nechta ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan “TikTok”, “Instagram”, “X” va “YouTube”da ingliz tilidagi videolarni nashr etgan.

Adliya vazirligi kompaniya nomini oshkor etmadi. Taxminlarga ko’ra, bu Tennessi shtatidagi tadbirkor Loren Chen tomonidan asos solingan “Tenet Media”dir. Targ’ibotga AQShning mashhur influyenserlari ham jalb etilgan.

“YouTube” “Tenet Media” kanali va Chen tomonidan boshqariladigan yana to'rtta kanalni o'chirib tashlagan.

Germaniyaning Marshall jamg‘armasi qoshida tashkil etilgan Demokratiyani Ta’minlash Alyansi mutaxassisi Bret Shaferning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya AQShning kontent yaratuvchi kompaniyasini moliyalashtirish orqali axborot kanalini yaratgan. Kanal Moskvadagi konsert zalida sodir etilgan teraktda AQSh va Ukrainani ayblashga doir xabarlarni chop etgan.

O’shanda ushbu hujum uchun javobgarlikni "Islomiy davlat" o'z zimmasiga olgan edi.

Sheferning ta’kidlashicha, ushbu axborot kanalining yopilishi - influyenserlar va kontent yaratuvchlarini hushyor bo’lishga chaqiradi. Ular mijozlarini sinchkovlik o’rganishi, buyurtma ortida kim turganini va ularning maqsadlarini aniqlashga harakat qilishi kerak.

Vashingtonda joylashgan Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi tadqiqotchisi Ben Dubou fikricha, “Tenet Media” bilan shartnoma tuzgan influyenserlar bu bilan o’z kuzatuvchilarini yo’qotmaydi. Shunday bo’lsa-da, endi yangi muxlislar orttirishi biroz qiyinroq kechadi.

“Umid qilamanki, odamlar influyenserlar ishonchli manba bo’la olmasligini endi tushunishadi”, - deydi u.

Adliya vazirligining ayblov xulosasida “RT” bosh muharriri Margarita Simonyanning Rossiya televideniyesiga bergan intervyusidan iqtibos keltiriladi. Unda Simonyan G‘arb auditoriyasiga ta’sir o‘tkazish uchun “RT” ko’plab yashirin loyihalar yaratganini aytgan.

FTB bayonotida keltirilishicha, sanksiyaga uchragan Rossiya kompaniyalarining birida AQSh va boshqa 80 mamlakatlarda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan 2800 kishining ro‘yxati borligi aniqlangan. Ular televidenie va radio boshlovchilari, siyosatchilar, mutaxassislar, blogerlar, jurnalistlar, biznesmenlar, professorlar bo’lib, kompaniya ularni “influyenserlar” deb ataydi.

Ekspertlar AQSh hukumatining choralarini olqishladi.

"Ular jismoniy shaxslarga sanksiya qo'ymoqda, ta'sir qilish zanjirini uzmoqda", -deydi Jons Xopkins universitetida o’qituvchi Olga Belogolova.

"Jazo choralari mutlaqo shart. Aks holda, tajovuzkorlar o'z tajovuzlarini hech qanday qarshiliksiz bemalol davom ettiradi. Javobgarlarni aniqlash uchun tegishli organlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilishi zarur”, - deydi Xelsinkidagi Gibrid tahdidlarga qarshi kurash bo'yicha Yevropa markazi tahlilchisi Yakub Kalenskiy.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSh Adliya vazirligining saylovdan oldin chora ko’rgani ayni muddao. Bu saylovlarga taʼsir koʻrsatishga urinayotgan xorijiy kuchlarga dars bo’ladi, deydi ular. AQSh hukumati ularning har bir xatti-harakatini kuzatyapti, albatta tegishli choralar ko’riladi, degan fikrni bildirmoqda ekspertlar.

Rossiyaning dezinformatsion kampaniyasiga qarshi choralarini bayon qilar ekan, AQSh hukumati ruslar qaysi siyosiy partiya yoki nomzodni qo’llab-quvvatlamoqchi bo’lganini oshkor etmadi.

Ukraina hukumati qoshidagi Strategik aloqa va axborot xavfsizligi markazi rahbari Igor Solovey ham AQSh hukumati qo’ygan qadamlarni olqishladi. U Rossiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga toʻsqinlik qilish borasida yanada ko’proq choralar ko’rilishi kerakligini aytadi.

"X, TikTok yoki Telegram trol fabrikalariga yoki dezinformatsiyaga qarshi kurashga pul sarflashni istamaydi”, - deydi u. Uning fikricha, faqat hukumatlar, davlatlargina ijtimoiy tarmoqlarni bu zararli kontenni bloklashga majburlay olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG