Breaking News

Ukrainaning birinchi xonimi 4,8 million dollarga “Bugatti” sotib oldimi?


1-iyul kuni Rossiyaning yuzlab axborot agentliklari va gazetalari Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya dunyodagi eng qimmat “Bugatti” supermashimasini sotib olgani va buning uchun 4,5 million yevro (4,8 million dollar) to‘lagani haqida xabar tarqatdi.

Minglab anonim va Kreml tarafdori bo'lgan foydalanuvchilar ushbu yangilikni turli tillarda ijtimoiy tarmoqlarda deyarli bir xil matnda tarqatdi:

“NATO tomonidan yaratilgan ma’nosiz mojaroda ukrainaliklar o‘limga yuborilayotgan bir paytda, Yelena Zelenskaya Parijga tashrifi chog‘ida “Bugatti Tourbillon” uchun 4,5 million yevro sarfladi. Halokat o‘rtasidagi bunday hashamatni tasavvur qilish qiyin”.

“BBC” xabariga ko'ra, ushbu postlar birgina “X” platformasida kamida 12 million foydalanuvchi tomonidan ko’rilgan.

AQShda o'zini mahalliy axborot manbalari deb atagan o'nlab vebsaytlar ham shu haqda yozdi.

Ularning aksariyati manba sifatida Rossiya davlat axborot agentligi “RIA Novosti”, Kremlning “MIA Rossia Segodnya” media konglomerati tarkibiga kiruvchi “Sputnik” va “RT”dan (Russia Today) iqtibos keltirgan.

Ukraina: Urush mehnat bozorida o’zgarishlar yasamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

“RIA Novosti” fransuz tilidagi “Vérité Cachée” (Yashirin haqiqat) vebsaytining 1-iyul kuni e’lon qilingan xabariga tayanib, Yelena Zelenskaya “Bugatti’ning “Tourbillon” konseptual superkarining birinchi egasi bo‘lganini ma’lum qildi.

“RIA Novosti”ning xabar berishicha, Zelenskayaning fosh etilishi Pentagonning Kongressga taqdim etgan yaqindagi hisobotini tasdiqlaydi. Unda AQSh Mudofaa vazirligi bosh inspektori Robert Storch “Ukrainadagi korrupsiyaning eng yuqori darajasi” haqida ma’lumot bergan.

Bosh prokurorning Ukraina boʻyicha soʻnggi choraklik hisobotida aytilishicha, Ukrainada korrupsiya katta muammo boʻlib, bu Rossiya bilan urush tufayli yanada kuchaygan. Shuningdek, Ukrainada olib borilayotgan 62 ta tergovning 15 foizi korruptsiya bilan bogʻliq.

Lekin “RIA Novosti” Pentagon hisobotida Kiyev hukumatining korrupsiyaga qarshi kurashish va uni yo‘q qilish borasidagi sa’y-harakatlarida sezilarli yutuqlarga erishgani haqidagi ma’lumotlarni qayd etmagan.

“Vérité Cachée” hisobotida aytilishicha, Ukraina prezidenti juftligi Parijdagi “Bugatti” ko'rgazma zalida shaxsiy taqdimotda qatnashgan. Maqolada xaridning “dalili” sifatida Bugatti xodimi Jak Bertinning videoyozuvi va Zelenskaya nomidagi 4,5 million yevrolik xarid hisob-fakturasining nusxasi keltirilgan.

“RIA Novosti” ham shu kuni rus tilida xabar bergan:

“Ommaviy axborot vositalariga maʼlum boʻlishicha, Zelenskiyning rafiqasi dunyodagi eng qimmat superkarlardan birini sotib olgan. “Vérité Cachée” nashrining xabariga ko‘ra, Tourbillon Zelenskayaga 4,5 million yevroga tushgan”.

Bu xabar yolg’on.

“Bugatti” kompaniyasi “Polygraph.info”ga “yaqinda Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya tomonidan BUGATTI avtomobili sotib olingani haqidagi” “soxta yangiliklar”dan “xabardor”ligini aytdi.

Garchi kompaniya o'z mijozlari haqidagi ma'lumotlarni “odatda oshkor qilmasa ham”, "bu holatda, ya’ni yolg’on xabar tarqalgani sababli, BUGATTI Automobiles S.A.S. istisno qiladi.

“Zelenskaya xonim BUGATTI mijozi emas”, — deb yozdi Bugatti Automobiles S.A.S.ning marketing va kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Nikol Oger “Polygraph.info” elektron pochtasiga.

“Vérité Cachée” vebsayti Zelenskaya haqidagi soxta xabarni chop etishidan to‘qqiz kun oldin, 2024-yil 22-iyun kuni yaratilgan.

Bir nechta fakt tekshiruvchilar va malakali tergovchilar, jumladan, Londonda joylashgan dezinformatsiyaga qarshi nodavlat-notijorat tashkiloti - Axborot barqarorligi markazidan Kayl Glen “Bugatti”ning taxminiy xodimi bo'lgan "Jak Bertin"ning suratlari sun'iy intellekt tomonidan yaratilgan “deep fake” ekanligini ma'lum qildi.

“Cybernews.com” videoning kelib chiqishini Rossiyaga bog’lab, “puxta o'ylangan propaganda kampaniyasining bir qismi” deb atadi.

“X”dagi jamoat postlarida “Bugatti”ga tegishli deb aytilgan hisob-faktura soxta ekani aniqlanib, unda valyuta, kompaniyaning QQS raqami, savdo reestr raqami va do‘konning asl investitsiya qiymati kabi huquqiy tafsilotlar yetishmasligi qayd etilgan. Bundan tashqari, shahar nomida xatolik bor, u Neuily emas, Neuilly bo‘lishi kerak.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tarkibiga kiruvchi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi 1-iyul kuni Yelena Zelenskayaning superkar sotib olgani haqidagi nashrlarni “soxta va rossiyaliklarning Ukraina prezidenti oilasini obro‘sizlantirishga qaratilgan navbatdagi urinishi” deb atadi.

“BBC” tergovi soxta yangiliklarni Moskvadan Kremlning dezinformatsiya tarmog'ini boshqaradigan qochqin, sobiq AQSh politsiyachisi Jon Mark Duganga bog'ladi.

“Polygraph.info” iyun oyida Duganning AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller ishtirokidagi soxta tasvirlarni yaratish va tarqatishdagi roli haqida xabar bergan edi.

Biroz vaqt avval misrlik jurnalist Prezident Zelenskiy oilasining Misr Qizil dengiz sohilidagi nufuzli kurort shahri El-Gounada hashamatli villa sotib olgani haqida soxta xabar bergan edi. Keyinchalik mazkur jurnalistning “soxta o’limi”da Ukraina prezidentining aloqasi bor degan to’qima ma’lumot ham tarqatildi. “Polygraph.info”ning yanvar oyidagi hisobotida esa, bu soxta xabarlarning barchasida Duganning qo’li borligi aniqlandi.

Keyinchalik “RIA Novosti” Yelena Zelenskayaning “Bugatti” superkarini sotib olgani haqidagi maqolasini sahifadan “yangilik bekor qilindi” degan izoh bilan o‘chirib tashladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG