Breaking News

Ukrainalik bokschi vatan himoyasi uchun Olimpiada orzulari va hayotini qurbon qildi


Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan ukrainalik bokschi Maksim Galinichev (chapda), 2018-yil, 18-oktabr.
Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan ukrainalik bokschi Maksim Galinichev (chapda), 2018-yil, 18-oktabr.

Maksim Galinichev Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. O’sha paytda u eng kuchli ikki jangchidan biri edi. Oltin medal olmagani sabab Maksim jangni mag'lubiyat deb hisobladi, lekin bu unga yorqin kelajak uchun yo’l ochib berdi.

Galinichev raqibini keyingi safar yengishni reja qilib qo’ydi. U qiziga ham o’zini himoya qilishi uchun boks sport turi asoslarini o‘rgatishga ahd qildi. O’zi esa Parijdagi Olimpiadada Ukraina uchun oltin medal yutishni maqsad qildi.

Galinchev bu rejalari bilan 2021-yil dekabr oyida Ukraina boks federatsiyasi veb-saytiga bergan intervyusida bo’lishdi. Bu paytda esa Rossiya qo'shinlari Ukraina chegaralari yaqinida bosqinga hozirlanayotgan edi.

Jangdan oldingi qo'rquv haqidagi savolga u shunday javob berdi:

“Qo'rquv odamga turlicha ta'sir qilishi mumkin. Ba'zilarni u falaj qiladi. Ba'zilar esa yanada erkin bo'ladi, - degandi u o'shanda. - Agar o'zingizni va tanangizni boshqara olsangiz va o'zingizni to'g'ri yo'lga solsangiz, qo'rquv chekinadi”.

Biroq u bu falsafani Parijdagi Olimpiada ringida isbotlay olmaydi.

Galinichev askar bo‘lib yollanib, 2023-yil mart oyida 22 yoshida frontda halok bo‘ldi. U urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan 400 dan ortiq sportchidan biri bo’lib, jasadi haligacha topilmagan.

Ukrainalik sportchi vatan himoyasi uchun jangga kirdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

Ukrainadagi eng istiqbolli bokschilardan biri sifatida Galinichevni urushdan olib qolish mumkin edi. Ukraina yozgi o'yinlar oldidan Olimpiada o'yinlarida qatnashuvchi sportchilarning ko'pini chet elga mashg'ulotlarga jo'natgan. Lekin hamma ham buni xohlamadi. Ba'zilar o'z yurti sharafini sport maydonida emas, balki jang maydonida himoya qilishni afzal ko'rdi.

Rossiyaning bosqinidan keyin Galinichevning qo'rquvga munosabati o'zgarmadi, ammo uning maqsadlari o'zgardi.

Bu 2022-yil aprel oyida o’z tug'ilgan joyi Sumiy viloyatidan Kiyevga keyingi Yevropa chempionatiga tayyorlanishni rejalashtirib, safar qilgan paytda sodir bo'ldi. Rossiya mintaqadan endigina chekingan edi. Maksim yo'l bo'ylab qisqa muddatli okkupatsiya paytida Rossiya qo'shinlari tomonidan vayron qilingan shahar va qishloqlarni ko'rib ketdi, deydi uning murabbiyi Bogdan Dmitrenko.

“Mening kichkina qizim bor. U okkupatsiya ostida, tajovuzkor ruslar orasida yashashini xohlamayman”, - degandi Galinichev yana bir murabbiyi Vladimir Vinnikovga.

“Men Maksim, sen Ukraina boksining vakilisan, sen Ukraina sharafini, bayrog’ini, madhiyasini himoya qilasan. Bu ham juda muhim, dedim”, - deydi Vinnikov.

“Siz meni ahdimdan qaytara olmaysiz. Men bu qarorni qabul qildim. Otishni o'rganaman”, - dedi unga Galinichev.

“Boks uning uchun hali ham muhim edi, lekin u ko'proq narsani xohlardi”, - deydi uning umr yo'ldoshi Polina Ixrak.

Rossiya qo'shinlari chekingan bo'lsa-da, chegaradosh hudud bo'lgan Sumiyga hali ham hujumlar bo’lib turar edi. U mashg‘ulot o‘tkazgan Xerson Rossiya qo’l ostida edi va u yerda ukrainaliklarning uqubatlari haqida xabarlar kelishda davom etardi.

"U Xersondagi do'stlari, murabbiylari mashg'ulot o'tkazish u yoqda tursin, yashash imkoniyatidan ham mahrum bo'lgan bir paytda, Yevropaga ketishni tasavvur qila olmasdi", - deydi Ixrak.

2022-yil may oyida, 21 yoshida, Galinichev havo-desant qo'shinlariga qo'shildi, deb xabar beradi Ukraina Boks federatsiyasi. Yil oxiriga kelib u Baxmut yaqinida jarohat oldi. Oyog’iga snaryad parchasi shu qadar chuqur kirib ketgan ediki, shifokorlar parchani olib tashlay olmadi.

Davolanish davrida Galinichev o'z murabbiyi bilan vaqt o'tkazdi, lekin urushda ko'rgan narsalarini muhokama qilishdan qochardi. Hamma uning armiyadan ketishiga umid qilgan edi, ammo Galinichev bitmagan jarohatlari bilan yana jang maydoniga qaytdi.

“U o'zini quroldosh do’stlari qatoriga qaytishi kerak deb o'ylardi, jang maydonida unga ehtiyoj bor edi” - deydi Ixrak.

Galinichev va Ixrak oxirgi marta 2023-yilning 9-martida video aloqa orqali muloqot qilishgan. Keyin esa muloqotsiz kunlar haftalarga aylandi. Galinichev va uning komandiri Irxakning qo'ng'iroqlariga javob bermadi.

Ayol rus Telegram kanallarini kuzatib, jang maydonida o‘lganlar va yaradorlar aks etgan suratlar orasidan uning yuzini qidira boshladi. Bitta fotosurat, o’rmondagi jasad surati tanish ko’rindi.

“Onasi uni darhol tanidi, lekin men Maksimning o’limini tan olishdan bosh tortdim”, - deydi Ixrak.

Maksim Galinichev 2023-yil 10-martda hozir deyarli butunlay Rossiya tasarrufi ostidagi Luganskda o‘ldirilgan edi.

Yaqinda otasi mashg'ulot o'tkazgan sport zalida bo'lib o'tgan xotira tadbirida to'rt yoshli Vasilisa mitti qo’llariga ulkan qo'lqop kiyib boks ringi atrofida xursand bo'lib sakradi.

Endi Galinichev qiziga jang qilishni o'rgatmaydi, lekin u boshqacha yo'l tuta olmas edi.

“Odamlar frontga afsuslanish uchun emas, vaziyatni oʻzgartirish uchun boradilar, - deydi Ihrak. - U hech qanday ikkilanishsiz frontga qaytib ketdi”.

Ukraina uchun jang qilib halok bo'lganlar orasida to'pponchadan o'q otish bo’yicha Yevropa chempionatida kumush medalni qo'lga kiritgan Ivan Bidnyak, Ukraina terma jamoasi a'zosi Yegor Kixitov, o‘limidan 10 oy o‘tib jasadi aniqlangan 22 yoshli dzyudochi Stanislav Gulenkov va 2016-yilgi Rio olimpiadasida Ukrainani himoya qilgan og'ir atletikachi Aleksandr Peleshenko ham bor. Rossiyaning Dneprga raketa zarbasi natijasida akrobatika bo‘yicha murabbiy Anastasiya Ignatenko, uning turmush o‘rtog‘i va ularning 18 oylik o‘g‘li ham halok bo‘lgan.

2017-yilda Galinichevni shug'ullantirgan murabbiy Vinnikovning aytishicha, agar bosqin uning rejalarini buzmaganida, bokschi Parij o'yinlarida o'z mamlakatini himoya qilishiga va vatani uchun medal sohibi bo’lishiga shubha yo’q edi.

U ulkan salohiyatga ega edi: 2017-yilgi yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatining oltin medali, 2018-yilgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining kumush medali, 2021-yilgi 22 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatining kumush medali bunga yorqin dalolat.

Shostka shahridagi bo'sh kvartirasida ota-onasi xonani u erishgan yutuqlar bilan to’ldirgan. 2010-yildan 2021-yilgacha olingan kubok va medallar javonda chiroyli tarzda joylashtirilgan.

Uning surati burchakda sham, bolalikdagi suratlari, ikona va gullar bilan birga turibdi. Boks qo‘lqoplari esa yoniga qo’yilgan.

Galinichevning ota-onasi endi u yerda yashamaydi. Urushdan keyin ular Chexiyada yashamoqda. Ixrak esa Germaniyaga ko'chib o'tishni o'ylamoqda.

Uning murabbiyi Dmitrenko Galinichevning suratlarini papkalarga tartib bilan joylashtirib qo’ygan, shuningdek, hanuzgacha ular bir-biriga yozgan xabarlarning arxivini saqlab yuradi. U urushdan oldin Galinichevning yutuqlarini maqtagan paytarni esladi

Maqtovlarga javoban Galinichev: “Hammasi hali oldinda”, - degan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG