May oyi oxirida Xarkovdagi “Faktor Druk” matbaa zavodiga raketa bilan zarba berildi.
Zavod egasi “Faktor Druk” korporatsiyasi bosh direktori Serxii Polituchiy voqea joyiga shoshilib, o‘t o‘chiruvchilardan oldin yetib keldi va binoning alanga olishiga guvoh bo’ldi. Uning yetti nafar xodimi halok bo‘ldi, 21 nafari yaralandi.
Ukraina rasmiylarining xabariga ko‘ra, 23-may kuni Rossiya harbiylari Xarkov va qo‘shni Lyubotin shahriga 15 ta raketa bilan hujum qilgan. Ulardan biri Ukrainadagi va Yevropadagi eng yirik matbaa zavodi “Faktor Druk”ga tushib, uning 4000 kvadrat metrli zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan muqovalash bo’limini vayron qilgan.
Zavod Ukrainadagi barcha kitoblarning qariyb 40 foizini, shu jumladan, maktab darsliklarini chop etar edi. Rossiya bosqinidan oldin u Yevropaning 16 ta mamlakati va AQShdan buyurtmalar olib ishlagan.
"Zavod yiliga 50 million kitob, shuningdek, 100 million nusxa jurnal va 300 million gazeta chop etish imkoniga ega edi. Bu matbaa sanoati uchun ulkan zarba”, — dedi Ukraina hukumati agentligi bo‘lmish Strategik aloqa va axborot xavfsizligi markazi rahbari Igor Solovey.
Ukrainaning o'zligini yo'q qilish
Polituchiyning aytishicha, rossiyaliklar ataylab kitob nashriyoti korxonasini nishonga olishgan, chunki to'rtta boshqa raketa ham matbaa yaqiniga tushgan.
Soloveyning so'zlariga ko'ra esa, bu rossiyalik raketalar tomonidan zarba berilgan Xarkovdagi uchinchi nashriyotdir.
“Bu ruslarning ukrain tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumi”, - dedi Ukraina madaniyat va axborot siyosati vaziri vazifasini bajaruvchi Rostislav Karandiyev.
Ukraina Kitob instituti ma'lumotlariga ko'ra, rossiyaliklarning hujumlari va boshqa tajovuzkor harakatlar natijasida 174 ta kutubxona va deyarli 2 million kitob yo’q qilingan.
Vashingtonda joylashgan Smitson instituti ham Ukrainadagi kitob nashriyoti uylarining ommaviy vayron qilinishini hujjatlashtirdi. Ularning ayrimlari madaniy meros sifatida tan olingan edi.
Smitson instituti va uning Ukraina merosini monitoring qilish laboratoriyasi kabi hamkorlari birgalikda Ukrainadagi sharoitlarni kuzatish maqsadida sunʼiy yoʻldosh orqali zondlash va tasvirga olish, shuningdek, yerdagi tadqiqotlardan foydalanmoqda.
Smitson instituti madaniy merosni qutqarish tashabbusi tadqiqot direktori Ketrin Xanson o’zining yaqinda o’tkazgan Ukrainadagi madaniy obyektlarga yetkazilgan zararni baholashga oid hisobotiga ko’ra Ukrainada bosqin boshlanganidan to 2024-yilning 30-apreliga qadar 143 tagacha kutubxona va arxivlar shikastlangan.
Donetsk viloyatida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, madaniy binolarning shikastlanish ehtimoli 20 foizdan ko'proq bo'lsa, boshqa fuqarolik binolari, shu jumladan shifoxonalar 13-14 foiz shikastlangan.
“Xulosa qilish mumkinki, bizning mintaqadagi madaniy inshootlar qasddan nishonga olinmoqda”, - deydi u.
Smitson institutining “Ukraina madaniy meros obyektlariga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar” nomli hisobotida 2022-yil 24-fevraldan 2024-yil 30-aprelgacha boʻlgan davrda Ukrainadagi 28 710 ta madaniy meros obyektidan 2122 tasiga ehtimoliy zarar yetganligi, ularning aksariyati madaniy yodgorlik obyyektlari va ibodat qilish joylari ekanligi aniqlangan.
"Ukraina madaniy meros obyektlariga zarar yetkazish va talon-taroj qilish 1954-yilgi Gaaga konvensiyasiga zid bo’lib, potensial urush jinoyatlari yoki insoniyatga qarshi jinoyatlar bo'lishi mumkin", - deyiladi hisobotda.
Rossiya va Ukraina davlatlari a’zo hisoblangan 1954-yilgi Gaaga konvensiyasiga ko’ra, qurolli hujumlar paytida mamlakatdagi madaniy boyliklarni har ikki taraf hurmat qilishi va himoya qilishi lozim.
Hujumdan so'ng, Rossiyaning Telegram kanallari Xarkovdagi bosmaxona Ukraina armiyasi uchun dronlar ishlab chiqarayotgani haqida ma'lumot tarqatdi, buni Ukraina “Gwara media” faktlarni tekshirish agentligi rad etdi.
2022-yildagi keng ko‘lamli bosqin arafasida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin katta maqola chop etib, unda "Ukrainaning haqiqiy suvereniteti faqat Rossiya bilan hamkorlikda mumkinligini, chunki ular umumiy tarix davomidagi aloqalar tufayli shakllangan “yagona xalq" ekanligini ta’kidlagan edi.
Bosqin paytida, Ukraina hukumati va inson huquqlari tashkilotlari ruslar ukrainalik milliy o'ziga xoslikni ifodalash, jumladan ukrain tilida gapirish yoki o'qish taqiqlangan holatlarni hujjatlashtirgan.
2024-yil mart oyidagi hisobotida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Rossiyaning “Ukraina madaniyati va o‘zligini yo’qotish” uchun rus tili, qonunlari va ta’limini majburiy qo‘llayotganiga oid zo‘ravonlik va qo‘rqitish usullari haqida batafsil ma’lumot beradi.
"Bosqinga qarshi chiqqan yoki o‘zlarini ukrainalik sifatida tanitgan ukrainaliklar natsistlar deb ataldi, - deyiladi hisobotda. - BMTning madaniy huquqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisiga ko’ra, urushni oqlash uchun ukrainaliklarning o’zligi va tarixini inkor etish ularning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini buzish hisoblanadi".
Ukrainadagi kitob nashriyotining poytaxti
Hovard G. Baffet fondi nashriyotni qayta qurish va jihozlarni almashtirishga yordam berishini ma'lum qildi.
Milliarder Uorren Baffetning o'g'li Hovard Baffet o’zining "Amerika Ovozi"ga yozma javobida, Ukraina uchun kamida 8 million dollar sarflashini taxmin qilmoqda. Garchi uning yordami asosan Ukrainadagi fuqarolar ehtiyojlari uchun bo’lsa-da, nashriyotga yordam berish ham muhim ekanini aytadi.
Bosmaxona Rossiya chegarasidan 20 kilometr uzoqlikdagi Xarkov shahrida joylashgan. Bu shahar esa deyarli har kuni rus dronlari va raketa zarbalaridan hujumlarni boshdan kechirmoqda.
"Tarixga nazar tashlasak, Ukraina matbaa imkoniyatlarining katta qismi Xarkovda to‘plangan. Mutaxassislarning fikricha, Xarkovdagi bosmaxonalar umumiy bosma xizmatlar hajmining 80 foizini tashkil etadi", - deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Ukraina Kitob instituti direktori Oleksandra Koval.
19-asr boshidan boshlab, Xarkov universitetining matbaa korxonasi Rossiya imperiyasi tarkibidagi Ukrainaning yetakchi nashriyotlaridan biriga aylangandan beri, shahar kitob nashriyotchilari va yozuvchilarni o‘ziga rom etib keladi.
“Factor Druk” kompaniyasi rahbari Polituchiy zamonaviy kitob nashriyoti yuqori darajadagi mutaxassislikni talab qilishi va bu mutaxassislarning aksariyati Ukrainadagi ikkinchi yirik shahar - Xarkovda yashashini ta’kidladi. U murakkab uskunalarga ega bo‘lgan matbaa korxonasini mamlakatning xavfsizroq hududiga ko‘chirish nihoyatda qimmatga tushishini ham aytdi.
U matbaa zavodini qayta tiklashni rejalashtirmoqda va unga boshqa rus raketasi yoki droni hujum qilmasligidan umidvor.