Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushi bois ukrain madaniyati va san’ati og’ir yo’qotishlarga uchradi. So’nggi ikki yilda yozuvchi, shoir, rejissor, qo’shiqchi va san’atkorlardan iborat 100 ga yaqin odam frontda halok bo’lgan. Mamlakatning 800 dan oshiq madaniy obyektlariga shikast yetgan.
Agar Ukrainada urush bo`lmaganda edi, mamlakatning eng mashhur, taniqli shoiri Taras Shevchenkoga qo'yilgan yodgorlik himoya qobiqlari bilan o'ralmasdan, ochiq namoyishda bo'lardi.
Ukrainaga bosqin natijasida madaniy obyektlar, Taras Shevchenko xiyobonidagi yodgorlik kabi hujumlar qarshisida ojiz, himoya qobig’iga muhtoj qolishdi.
“Biz madaniy yodgorliklarga katta zarar yetkazilgan hudud - Kiyev markazida turibmiz. 2022-yilning 10 oktabrida bu xiyobonga ikki raketa quladi. Atrofdagi oltita muzey shikastlandi”, - deydi Roksana Makar, Madaniy yodgorliklarni asrash bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot vakili.
Bu hujum paytida madaniy yodgorliklar ro’yxatiga kiritilgan, ayni paytda Xanenko muzeyi joylashgan, urushgacha Yevropa, Osiyo va antik san’at namunalari saqlangan XIX asrga tegishli bino ham jiddiy shikastlandi.
“Muzey o’rtasida yig’ilib qolgan tonnalab shisha siniqlarini olib chiqish, muzeyni tozalash uchun bir necha kun kerak bo`ldi. Shishadan hosil bo`lgan chang jamoamiz ko`z yoshlari bilan qo‘shilib ketdi, bu shunchaki metafora emas”, - deydi Xanenko muzeyi direktori Yuliya Vaganova.
Muzey durdonalari shikastlanmadi, jamoa urush boshidanoq ularni xavfsiz joyga olib chiqishga ulgurgan edi.
“Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu kolleksiya qayerda saqlanayotganini ayta olmayman. Ukrainada hozir xavfsiz joyning o’zi yo´q. Ayni paytda bu kolleksiyaga tegishli ayrim durdonalar boshqa davlatlar muzeyida ko’rgazmaga qo’yilgan”, - deydi Vaganova.
Ukraina yodgorliklari laboratoriyasi ma’lumotiga ko`ra, Rossiya bosqinidan buyon 800 dan oshiq madaniy obyektlar shikastlangan.
Bu obyektlarning ayrimlari qayta tiklanishi mumkin, ammo urushda o`lgan madaniyat va san’at vakillari hayotini qayta tiklab bo`lmaydi.
Ko’ngilli faollardan Yevgeniya Talinovskaya 33 yoshida urushda o`lgan ukrain san’atkori, shoir Maksim Krivtsovni shunday xotirlaydi:
“U dunyoni sevadigan odam edi, hatto urushda ham u bu xislatini saqlab qoldi. U soldat emas, orzular bilan yashar edi”.
Krivtsov frontda ham she’r yozishda, suratlar olishda davom etdi. Talinovskaya uning ishlari ko’rgazmasini tashkil qildi.
“Bu ko’rgazmani rejalaganimizda u hali hayot edi. O`z ishlarinibf asl nusxasini o’z dastxati bilan taqdim etdi. Ko’rgazma esa uning o`limidan ikki hafta o`tib ochildi”, - deydi Talinovskaya.
“Pen-Ukraina” tashkiloti ijrochi direktori Tatyana Terenga ko´ra, hozirgacha kamida 95 nafar ukrain san’ati va madaniyati vakillari urushda halok bo`lgan.
“Ular yozuvchilar, fotograflar, rassomlar, rejissorlar, kutubxonachilar, ammo bu raqamlar to`liq emas, chunki ishg`oldagi hududlardan ma`lumot olish imkonsiz”, - deydi u.
“Pen-Ukraina” urushda halok bo`lgan san’atkorlarning asarlari, Xanenko muzeyi esa yashirilgan asarlarning muhofazasi bilan shug’ullanib keladi.
Muzeyda “bo’sh devorlar bo`yicha tur” ham tashkil qilingan. Unda agar urush bo`lmaganda bu devorlarda qanday asarlar ko’rgazmaga qo’yilishi mumkinligi haqida hikoya qilinadi.