“Katta Yettilik” sammitida qatnashayotgan AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani qo’llashda foydalanish tashabbusini ko’tarmoqda.
“Katta Yettilik” a’zolari bunga qarshi emas. Italiyadagi sammitda Rossiya aktivlaridan olinadigan daromad hisobiga Ukrainaga 50 milliard dollarlik yordam ajratishga doir kelishuv muhokama qilinyapti.
Hozircha bu kelishuv haqida ko’p narsa ma’lum emas. Tafsilotlari 15-iyungacha davom etadigan sammit yakunlari ortidan ochiqlanishi kutilmoqda.
Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushadigan daromad foizlari evaziga qoplanishi maqsad qilingan bu kredit tasdiqdan o’tgach, yaqin oylarda Ukrainaga yetkazila boshlanishiga doir ma’lumotlar ham mavjud.
Muhokamasi anchadan buyon davom etayotgan bu masala Moskva tomonidan keskin norozilikka uchradi. Rossiyada ham mos ravishda xorij davlatlariga tegishli aktivlarni musodara qilishga doir qonunchilik ishlab chiqildi.
Rossiyaning Yevropa Ittifoqi, AQShdagi aktivlari Ukraina urushi ortidan muzlatilgan. Bu mablag’larni Ukrainaning urush tufayli vayronaga aylangan shahar-qishloqlarini, infratuzilmasini qayta tiklash uchun sarflash zarurligiga doir chaqiriqlar yangrayotgan edi.
Ammo mulk daxlsizligiga doir xalqaro qonunchilik bu aktivlarning Ukraina foydasiga ishlatilishiga to’siq bo’lib turgan edi.
AQSh tashabbusida Ukrainaga ajratiladigan 50 milliard dollarlik kredit ham bevosita Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini emas, balki ajratilajak kreditni shu aktivlardan olinadigan foiz daromadi hisobiga qoplashni nazarda tutadi.
Bu AQSh va Yevropa jamoatchiligida Ukrainaga yordam ajratish masalasi tobora munozarali tus olayotgan bir sharoitda Ukraina uchun muhim ko’mak manbasi bo’lishiga umid qilinyapti.
AQShning Ukrainaga ko’magi bilan bog’liq mojaro, xususan 61 milliard dollarlik yordam paketining kechikishi Ukraina frontidagi vaziyatni jiddiy keskinlashtirdi.
“Katta Yettilik” sammiti arafasida Prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan Bayden yordam paketining kechikishi oqibatidagi qaltislikni eslatib o’tdi, yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so’radi, Ukrainani qo’llab-quvvatlash davom etishini aytdi.
Rossiyaning Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh hududida muzlatilgan aktivlarining umumiy qiymati 280 milliard dollar atrofida baholanadi. Ukrainadagi urush ortidan muzlatilgan bu aktivlar urush to’xtatilishi yoki tinchlik muzokaralari ortidan Rossiyaga qaytarilishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Urush uchinchi yildirki davom etyapti. Hozirgacha Ukrainaning o’nlab shaharlari, yuzlab qishloqlari, sanoati, infratuzilmalari vayron qilindi.
Jahon bankining so’nggi hisobotiga ko’ra, Ukrainani shahar-qishloqlarini qayta qurish, mamlakatni tiklash uchun kelasi 10 yilda 500 milliard dollar atrofida mablag’ talab etiladi.