Breaking News

G'arb Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini nima qiladi?


Rossiya milliy valyutasi
Rossiya milliy valyutasi

Rossiya Markaziy banki G’arb moliyaviy institutlari va kompaniyalarida milliardlab dollarga egalik qilgan.

Ukrainaga bosqin boshlangan 2022-yil fevralida G’arb bu aktivlarni muzlatib qo’ydi.

Rossiya aktivlarining 70 foizi – 200 milliard dollardan ziyodi Bryusselda saqlanmoqda.

AQSh, Britaniya va Kanada bu aktivlarni to’liq musodara qilib, Rossiya bosqiniga qarshi kurash xarajatlari uchun Kiyevga berishga undamoqda.

 Xalqaro hayot - 13-may, 2024-yil - G'azo, saylov, Rossiya aktivlari, sun'iy intellekt
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:09 0:00

Biroq Yevropa ehtiyotkor pozitsiyada. 8-may kuni Bryusselda to’plangan Yevropa Ittifoqi elchilari Kiyevga faqat Rossiya aktivlaridan orttirilgan foiz tushumlarini berishga kelishgan.

“Yevropa Ittifoqi asosiy summaga tegmasdan, undan orttirilgan foydani, ya’ni yiliga 7-8 milliard dollarga teng mablag’ni Ukraina ixtiyoriga o’tkazishga qaror qilgan. Bu kichik mablag’ emas, biroq Rossiya yetkazayotgan zarar qiymati oldida choychaqa”, - deydi Yevropa islohot markazi eksperti Yan Bond.

Bitim Yevropa Ittifoqi moliya vazirlarining joriy hafta o’tadigan sammitida imzolanadi. Ittifoq Rossiya jinoyatlari uchun to’g’ridan-to’g’ri badal to’lashi tarafdori. Milliard dollarlik ilk to’lov yoz faslida amalga oshiriladi.

“Mablag’ nafaqat Yevropa ichida, balki uning tashqarisidagi xaridlarga ishlatiladi. Asl muddao - Kiyevga qurollarni tezroq yetkazish”, - deydi Germaniya kansleri Olaf Shols.

Ayrimlar nazdida, Rossiya aktivlarini to’liq musodara qilish uzoq yillik yuridik bahslarga, Xitoy kabi davlatlarning yevrodagi investitsiyalarini sotib yuborishi va valyuta qadrsizlanishiga sabab bo’ladi.

Ba’zilarga ko’ra, Moskva hanuz Rossiyada ishlayotgan G’arb kompaniyalari aktivlarini musodara qilish bilan o’ch oladi.

“Shaxsiy qarashim shunday: bu kompaniyalar Rossiya bozorini tark etishi uchun ikki yillik fursat bor edi. O’z qo’shnilaridan biriga qarshi agressiv urush olib borayotgan davlatda qolishni o’zlari tanladi. Bor bisotidan ayrilsa, demak, ularning omadi chopmagan”, - deydi ekspert Yan Bond.

Yevropa Ittifoqi bitim iyun oyidan kuchga kirishini bildirmoqda.

Bu paytga kelib ittifoqning rotatsiya asosidagi prezidentligi Vengriyaga o’tadi. Ungacha bitim to’liq imzolanmasa, Rossiya bilan qalin aloqaga ega Vengriya hujjatni imzolashga qarshilik qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG