2022-yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiyada urushni yoritgan mustaqil ommaviy axborot vositalari ta’qibga uchradi, yuzlab jurnalist mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Ular voqealarni hozir xorijdan turib yoritmoqda.
“Urush boshlanganidan so’ng faoliyati bloklangan har bir mustaqil matbuot ishini qanday davom ettirishni o’ylay boshladi”, - deydi “Novaya Gazeta Yevropa” muxbiri Arnold Xachaturov.
U 1500 dan ortiq jurnalist qatorida surgunda yashashga majbur. “Novaya Gazeta Yevropa” bu yili xorijdagi uchinchi idorasini ochdi – Parijda.
Xachaturov Yevropa va Rossiyadagi voqealarni, jumladan Ukraina urushini yoritib boradi. Rossiyaning ichida urush mavzusi qattiq senzura qilingan.
Uni aylanib o’tishda ijtimoiy sahifalarning roli katta.
“Rossiyadan ma’lumot olish juda qiyinlashgan. U yerda bo’lmaganimiz uchun, bizni “istalmagan tashkilot” deb e’lon qilishgani uchun. Odamlar uchun biz bilan gaplashish juda xavfli”, - deydi Xachaturov.
“Istalmagan tashkilot” maqomini olgan matbuot organlarida ishlovchi muxbirlar huquqiy muammolarga duch kelish, hatto qamoqqa tushish xavfi bilan yuzlashadi.
“Rossiyada mustaqil jurnalistlarga ishlash doim qiyin bo’lgan. Ammo Ukrainada urush boshlanishi bilan vaziyat ancha yomonlashdi. Harbiy senzura mavjud. Istalgan narsa uchun qamoqqa tushish mumkin”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Janna Kavelye.
Rossiyadan qochgan mustaqil muxbirlarga faoliyatini davom ettirishda yodam berish uchun guruh “Svoboda” deb nomlanuvchi sun’iy yo’ldosh telepaketiga “Novaya Gazeta Yevropa” va boshqa axborot kanallarini qo’shgan.
Yevropa Ittifoqi qo’llab-quvvatlayotgan ushbu tashabbus axborotni Rossiyada bir necha million xonadonga yetkazishni maqsad qiladi.
“Televideniye Rossiya xalqiga urush haqidagi fikrini o’zgartira oladigan kuchli vositadir. Buning uchun propaganda emas, haqiqiy faktlarni uzatish kerak”, - deydi Kavelye.
Rossiyalik jurnalist va tahlilchi Galiya Akermanning aytishicha, sovet paytida mustaqil axborot olish hozirgidan ancha qiyin bo’lgan. O’sha paytda odamlar tunda xorijiy radio stansiyalar dasturlarini tinglar edi.
“Ota-onam tinglamasdi biz bilan. Ishlari yo’q edi. Bexabar qolish ular uchun yaxshiroq edi”, - deydi ayol.
Akerman hozir ham Rossiyada aholi chetdan ma’lumot olishga oshiqmasligini aytadi.
“Aholining aksariyati bilishni istamaydi. Chunki Rossiya katta jinoyatga qo’l uryapti. Ukrainaga qarshi jinoyatga, o’z xalqiga qarshi jinoyatga”, - deydi u.
Xachaturov bir kun demokratiya va so’z erkinligi Rossiyada hukm surishiga ishonadi. Buning uchun, deydi jurnalist, u va uning xorijga qochgan hamkasblari kundalik kurashini to’xtatmasligi kerak.