Breaking News

Rossiyada "Ozodlik" jurnalistiga qo'shimcha ayblovlar


"Ozodlik" jurnalisti Alsu Kurmasheva Kazan shahridagi sudda advokati bilan gaplashmoqda, 1-dekabr, 2023
"Ozodlik" jurnalisti Alsu Kurmasheva Kazan shahridagi sudda advokati bilan gaplashmoqda, 1-dekabr, 2023

Deyarli 60 kundan beri hibsda o'tirgan Alsu Kurmasheva "xorijiy agent" sifatida ro'yxatdan o'tmaganlikda va soxta xabarlar tarqatganlikda ayblanmoqda.

Rossiyada oktabr oyidan beri hibsda o'tirgan "Ozodlik" radiosi muxbiri Alsu Kurmasheva qo'shimcha ayblovlar bilan yuzlashmoqda.

AQSh va Rossiya fuqaroligiga ega jurnalist armiya va urush haqida soxta xabarlar berganlikda ham ayblanmoqda.

Kurmasheva "Ozodlik"ning Tatar-boshqir xizmatida ishlab kelgan. Organlar uni "xorijiy agent" sifatida ro'yxatdan o'tmaganlikda qoralab, qamoqqa olgan.

"Ozodlik" o'z jurnalistini aybsiz deb hisolaydi. Shunday bo'lsa-da, Qozon shahridagi sud uni besh yilgacha qamashi mumkin.

Yangi ayblovlar jazo muddatiga yana 10 yil qo'shishi mumkin.

"Ozodlik" rahbari Jefri Gedmin muxbir qamalishi va sudlanishini Rossiyada erkin jurnalistikaga qarshi anchadan beri davom etayotgan kampaniyaning bir qismi deya tasvirlab, Kreml har qanday tanqidga toqat qilmasligining yana bir isboti, deya bildirgan. Gedmin Kurmashevani darhol ozod etishga chaqirmoqda.

"Ozodlik" radiosi "Amerika Ovozi" teleradiosi singari AQSh Global Media Agentligiga kiradi.

Kongress tomonidan moliyalanadi, ammo mustaqil axborot vositasi.

AQSh hukumati bu tizimlarni boshqarmaydi, uning faoliyatiga aralashmaydi. Bu muayyan federal qonunlar bilan belgilangan.

Rossiya hukumatiga ko'ra, Kurmasheva 2022-yilda Ukrainaning bosib olinishiga qarshi fikrlar bayon etilgan kitobni tarqatgan.

"Jurnalistika jinoyat emas. Hozirgi sudlov shafqatsizlikdan boshqa narsa emas. Alsu 56 kundan beri qamoqda, oilasidan uzoqda",- deydi Gedmin.

"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti nazarida:

"Alsu Kurmashevaga nisbatan yangi ayblov - mustaqul jurnalistikani jinoyatga aylantirish ... Alsu asossiz qamalib sudlanayotgani yanayam oydinlashdi".

Matbuot erkinligi himoyachilari AQSh hukumatidan Kurmashevani ozod etish uchun jiddiy choralar ko'rishga undamoqda.

Amerikaning "Wall Street Journal" gazetasi muxbiri Evan Gershkovich joriy yilning mart oyidan beri hibsda, ishi sudda. Davlat departamenti uning masalasini yuqori darajada ko'tarib kelmoqda.

Gershkovich josuslikda ayblanmoqda. Uning gazetasi buni inkor etib, jurnalistni Rossiyani yoritib kelgan muxbir, deya tanishtiradi.

Davlat departamentiga ko'ra, Kurmasheva ishi Vashington e'tiborida.

Rossiya hukumati bu masala yuzasidan savollarga javob bermaydi.

Kurmasheva "Ozodlik" radiosi joyrlashgan Pragada yashaydi. U may oyida Rossiyaga oilasini ko'rishga borgan.

Iyun oyida u orqaga qaytayotganida pasporti olib qo'yilgan. Mamlakatdan chiqa olmagan Kurmasheva uzoq kutishga majbur bo'lgan, kuzda esa qamoqqa olingan.

Tatariston Oliy sudi tasdiqlashicha, Kurmasheva kamida 4-fevralgacha hibsda qoladi.

Qozonda faollar bu ishni qoralab, namoyishga chiqqan.

"Alsu Kurmasheva - jurnalist, jinoyatchi emas", - deya hayqirdi matbuot erkinligi tarafdorlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG