Rossiyada urushga qarshi siyosatchi Boris Nadejdin 15-17 mart kunlari bo’lib o'tadigan prezidentlik saylovida qatnasha olmaydi. Uning nomzodi rad etilgani - Kremlning Ukrainadagi urush borasida jamoatchilikning har qanday qarshiligiga toqat qilmasligiga jiddiy ishora.
Markaziy saylov komissiyasining bu qarori Vladimir Putinning yana bir muddatga saylanishini osonlashtiradi.
Komissiya a’zolari bilan gaplashgan Nadejdin ulardan qaror berishni kechiktirishni so'ragan. Rad javobini olgach, u Rossiya Oliy sudiga shikoyat arizasi bilan chiqdi.
Nadejdin, Moskva yaqinidagi shaharning mahalliy qonunchisi, kamida 100 ming tarafdor imzosini to'plashi kerak edi. Rossiya parlamentida vakillari bo’lmagan siyosiy partiyalardan nomzodlarga shunday talab qo’yilgan.
Saylov komissiyasi Nadejdin saylovoldi tashviqotidan yiqqan 9000 dan ortiq imzoni yaroqsiz deb, uni ro’yxatga olish arizasini rad etdi. Saylov qoidalariga ko'ra, nomzodlar topshirgan imzolarning 5 foizidan ortig’ini olib tashlash mumkin emas.
60 yoshli Nadejdin ochiqchasiga Ukrainadagi urushni to‘xtatish va G‘arb bilan muloqot boshlashga chaqiradi. O'tgan oy mamlakat bo'ylab minglab rossiyaliklar uning nomzodini qo'llab-quvvatlovchi hujjatlarni imzolash uchun chiqqan edi.
“Ortimda men uchun imzo qo‘ygan yuz minglab Rossiya fuqarolari turibdi” , - deydi u.
Saylovda Putin mustaqil nomzod sifatida qatnashadi. Bu degani saylovoldi kampaniyasida kamida 300 ming imzo toʻplashi kerak. Saylov komissiyasi uning kampaniyasi to’plagan 315 000 imzodan atigi 91 tasini olib tashlab, Putinni tezda ro’yxatga oldi.
Putinga qarshi chiqishi mumkin bo’lgan muxolifat vakillarining aksariyati qamoqqa tashlangan yoki xorijga qochgan. Mamlakatdagi mustaqil ommaviy axborot vositalarining aksariyati taqiqlangan.
Saylovda qatnashish uchun ro‘yxatga olingan yana uch nomzod parlamentdagi partiyalar vakillari bo’lib, ulardan tarafdorlar imzosini yig’ish talab qilinmagan: Kommunistik partiyadan Nikolay Xaritonov, Liberal-demokratik partiyadan Leonid Slutskiy va “Yangi Odamlar” partiyasidan Vladislav Davankov.
Bu partiyakar Kreml siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Xaritonov 2004-yilda Putinga raqib sifatida ikkinchi o'rinni egallagan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko’ra, Kreml Nadejdinni “raqib” sifatida ko‘rmaydi.
Nadejdin o‘z tarafdorlarini taslim bo‘lmaslikka chaqiryapti.
“Ko‘pchilik ishonolmaydigan bir voqea yuz berdi: fuqarolar Rossiyada o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini sezishdi. Siz Rossiya buyuk va erkin davlat boʻladi, deb butun dunyoga eʼlon qilish uchun uzun navbatlarda turdingiz. Markaziy saylov komissiyasining majlislar zaliga har biringizning vakilingiz sifatida bordim”, - dedi Nadejdin internetdagi bayonotida.
Nadejdin saylovga qo’yilmagan urushga qarshi nomzodlardan ikkinchisidir. Dekabrda saylov komissiyasi Yekaterina Duntsovani hujjatlaridagi imlo xatolarni pesh qilib, uning nomzodini tasdiqlashdan bosh tortgan edi.
Yekaterina Duntsova, Tver viloyatidan jurnalist va sobiq qonunchi, o'tgan yili Putinga qarshi saylovda qatnashish rejasini e'lon qilgan.
U Rossiyaning "tinch, do'stona va hamma bilan hurmat tamoyili asosida hamkorlik qilishga tayyor" mamlakat bo’lishini aytib, Ukrainadagi janglarni tezda tugatishga, Moskva va Kiyevni muzokara stoliga o’tirishga chaqirgan edi.
O’tmishda Putinning nutqlarini yozib bergan, hozirda siyosiy tahlilchi Abbas Gallyamov fikricha, Nadejdinni saylovga qoʻymaslik qarori aslida jamiyatda Putinni quvvatlovchilar ko’p emasligini ko’rsatadi.
"Hukumat qoshidagi sotsiologlar doimiy ravishda ovoza qiladigan Putinning dabdabali mashhurligi, Peskov muntazam ravishda gapiradigan "milliy rahbar atrofida birlashish" g’oyasi aslida o’ta sun'iy va mo’rt tizimdir. U reallikdan batamom uzilgan", - dedi Gallyamov.