1963-yil Toshkentda tug’ilgan Boris Nadejdin Rossiyada prezidentlik uchun da’vogar. U Kiyev bilan eng tez fursatda sulh tuzish va’dasi bilan chiqqan.
Biroq Nadejdin nomzod sifatida ro’yxatga olinmadi.
Markaziy saylov komissiyasi u to’plagan 100 mingdan ziyod imzoning 15 foizini haqiqiy emas deb topdi, Nadejdin nomzodi qabul qilinmasligini bildirdi.
Ekspertlar, bu qarorni Putinni saylovda urushni to’xtatish tarafdori bilan raqib bo’lmasligini ta’minlash chorasi sifatida ko’rmoqda.
“Saylov qo’mitasi shunchaki mexanizm. Hal qiluvchi qarorni boshqalar beradi. Rossiya leytenant-generallar boshqaradigan absolyut feodal davlat. Putin saylovda qatnashmasa ham bo’laveradi”, - deydi siyosiy tahlilchi Dmitriy Potapenko.
Nadejdin 10 yillik o’tmishga ega “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan nomzod sifatida ko’rsatilgan. Prezidet saylovida qatnashishi uchun jiddiy to’siq qarshisida tursa-da, xalq uni qo’llab-quvvatlayotganiga ishonadi.
“100 mingdan ziyod imzo to’plagan shaxsni saylovdan chiqarib tashlash mumkin emas”, - deydi u.
Nadejdin apellyatsiya arizasini topshirib, imzolar haqiqiy ekanini isbotlamoqchi. Biroq saylov Putining urush qarorini savolga tutadigan raqibsiz o’tadigan ko’rinadi.
Aleksey Navalniy va Sergey Udalsov kabi muxolifat liderlari panjara ortida ekan, urushga qarshi o’z pozitsiyasini rasman bildirgan “Yabloko” liberal partiyasi saylov poygasida qatnashmaslikka qaror qilgan.
“30 yildan oshibdiki, odamlarga ularning ovozi hech narsani hal qilmasligi tushuntirilgan. Saylov natijalari oldindan ma’lum. Ovozlar o’zgarish yasamaydi. Barcha siyosatchilar bir xil”, - deydi "Yabloko" partiyasi vakili Nikolay Ribakov.
Ayni damda prezidentlikka rasman nomzod sifatida ultra-millatchi LDPR, “Yangi odamlar” va Kommunistik partiya vakillari ro’yxatga olingan. Boshqa partiyalar esa mustaqil nomzod sifatida qayta saylanish harakatidagi Putinni qo’llab-quvvatlamoqda.
Saylovoldi kampaniyasida “maxsus harbiy operatsiya” deb atalayotgan urush mavzusi yetakchilik qilar ekan, rossiyaliklar ixtiyorida ikkinchi variant yo’q.