Breaking News

Olimpiadada medal olgan rossiyalik sportchilarning aksariyati harbiylar


Prezident Vladimir Putinning Kremlda sportchilar bilan uchrashuvi, 26-aprel, 2022.
Prezident Vladimir Putinning Kremlda sportchilar bilan uchrashuvi, 26-aprel, 2022.

Internetda Rossiya propagandasiga qarshi kurashuvchi NAFO ko’ngilli guruhi 2024-yilgi yozgi Olimpiya o'yinlaridan Rossiyani chetlatish uchun yaqinda axboriy kampaniya boshladi. "Qonli Olimpiada" nomi va xeshtegi ostida memlar va karikaturalar joylashtirmoqda.

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi taqiq taklifini rad etb, Rossiya va Belarusning “betaraf” sportchilariga musobaqalarda ishtirok etish huquqini berdi. Agar sportchi Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo’llab-quvvatlovchi xatti-harakatlarni amalga oshirmagan bo’lsa, u “neytral” maqomi ostida musobaqalarda qatnashishi mumkin.

Shuningdek, qo'mita Rossiya armiyasi yoki razvedka xizmatlariga aloqasi bo’lgan sportchilar 2024-yilgi Parij oʻyinlarida ishtirok eta olmasligini bildirdi.

Prezident Vladimir Putin o’sha kuniyoq rossiyalik sportchilarning Rossiya bayrog‘isiz musobaqalarda qatnashishiga qarshi ekanini ochiq aytdi.

NAFO, “Shimoliy Atlantika Fella tashkiloti” guruhi, Xalqaro Olimpiya qo'mitasining Rossiya sportchilarining “neytral” maqomi ostida musobaqalarda qatnashishiga oid qarorini tanqid qilmoqda.

NAFO “X” ijtimoiy tarmog’ida yaqinda harbiy kiyim kiygan 12 rus olimpiya sportchisining foto kollajini chop etdi.

NAFO, “Shimoliy Atlantika Fella tashkiloti”, ko'ngillilar guruhi bo'lib, ular Ukrainani qo'llab-quvvatlaydi va Rossiya propagandasiga qarshi kurashadi
NAFO, “Shimoliy Atlantika Fella tashkiloti”, ko'ngillilar guruhi bo'lib, ular Ukrainani qo'llab-quvvatlaydi va Rossiya propagandasiga qarshi kurashadi

"Rossiya Olimpiya qo'mitasiga Mudofaa vazirligi homiylik qiladi. Tokiodagi Olimpiadada Rossiya qo’lga kiritgan medallarining deyarli yarmi mamlakat armiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi tarkibida xizmat qiluvchi askarlar, serjantlar, ofitserlarga tegishli”, - deb yozadi guruh.

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'ining aniqlashicha, bu haqiqat.

2020-yilgi Tokio Yozgi Olimpiada o'yinlarida harbiy unvonga ega sportchilar Rossiya terma jamoasining 40 foizini tashkil etgan edi. Harbiy sportchilar Rossiya medallarining 86 foizini qo'lga kiritgan.

Harbiy kiyimdagi 12 nafar rossiyalik sportchining kollaji bloodyolympics.com saytidan olingan ko’rinadi. Sayt ko’ngilli guruhlar tomonidan tashkil etilgan.

Tokiodagi olimpiadada Rossiya qo’lga kiritgan medallarning deyarli yarmi harbiy sportchilar ekani dastlab “Meduza” nashrida fosh qilingan edi.

“Meduza” Latviyada joylashgan rus tilida chop etiluvchi mustaqil nashrdir. 2021-yilda hali musobaqalar davom etayotgan vaqtda nashr “Tokio Olimpiadasidagi Rossiya medallarining deyarli yarmini Rossiya armiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya askarlari, serjantlari, posbonlari va ofitserlari qoʻlga kiritdi” deb yozgan edi.


Biroq Tokio Olimpiadasining yakuniy ma'lumotlari bu raqamlar undan ham katta ekanini ko’rsatgan. Rossiyaning Bombardir.ru sport sayti o'tgan yilning iyulida shunday yozgan:

“Rossiyaning armiyasining markaziy sport klubi sportchilari Rossiya terma jamoasining uchdan bir qismini tashkil etdi va 71 ta medaldan 45 tasini aynan ular qo'lga kiritdi, bu jami 64 foizi degani. Yana 16 ta medalni Rossiya Milliy gvardiyasi sportchilari oldi”.

Umumlashtirib aytganda, Rossiya sportchilari 2020-yilgi Yozgi Olimpiya o'yinlarida jami 71 ta medalni qo’lga kiritilgan bo’lsa, shuning 61 tasi yoki boshqacha aytganda 86 foizi harbiy sportchilarga tegishli.

2020-yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlari uchun Tokioga borgan 335 nafar rossiyalik sportchining 109 nafari Rossiya armiyasida, 26 nafari esa Rossiya Milliy gvardiyasida xizmat qilgan. Bu jami 135 nafar sportchi degani. Bu olimpiadada ishtirok etgan jami rossiyalik sportchilarning 40 foizi degani.

Moskvada joylashgan “Postnews” nashri xabariga ko‘ra esa 2022-yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan Qishki Olimpiada o‘yinlarida qatnashgan 212 nafar rossiyalik sportchidan 78 nafarining Rossiya armiyasi (61) yoki Milliy gvardiya (17) bilan shartnomasi bo’lgan.

Aslida bunday holat sobiq Sovet Ittifoqi davridan beri bor.

“Sportchilar mukofotlarga sazovor bo'lishardi, xizmat bo’limlari uchun shuhrat keltirishardi, so’ng unvonlari oshardi”, — deb yozadi “PostNews”.

Nafaqat NAFO guruhi, balki Ukraina sport idoralari va sportchilari ham Xalqaro Olimpiada qo’mitasidan rossiyalik sportchilarning barchasini Olimpiadaga qo’ymaslikni talab qilmoqda. Ular xuddi shunday murojaat bilan Fransiya prezidenti, Fransiya sport vaziri, Parij meri va Fransiya Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariga ham chiqishgan.

“Olimpiadada ishtirok etishga ruxsat berilgan Rossiya sportchilari “betaraf” emas, balki ular urushning ochiq tarafdorlaridir. Internetda eʼlon qilingan maʼlumotlar buni tasdiqlagan”, — deb yozadi Ukraina sport idoralari va sportchilari.

POLYGRAPH.info tarmog'ining aniqlashicha, NAFO chop etgan foto kollajda ko’rsatilgan rossiyalik 12 olimpiyachining barchasi harbiy unvonga ega.

Rossiya armiyasi markaziy sport klubi saytiga ko’ra, ular quyidagilar:

  • Chana uchish bo’yicha uch karra Olimpiya chempioni Albert Demchenko Rossiya armiyasining zaxiradagi mayori hisoblanadi.

  • Pekinda 2022-yilgi qishki Olimpiya o'yinlarining biatlonchi ishtirokchisi Daniil Seroxvostov armiyada kichik serjant. U Rossiya armiyasi markaziy sport klubida tayyorgarlikdan o’tgan.

  • Snoubordchi Dmitriy Loginov ham Rossiya armiyasi markaziy sport klubi tarkibida 2022-yilgi Qishki Olimpiadada ishtirok etgan. Loginovning rus armiyasi unvoni "praporshchik", ya’ni serjant-mayor darajasiga teng.

  • Suvga sho'ng'ish bo'yicha ikki karra Olimpiya chempioni Dmitriy Sautin podpolkovnik harbiy unvoniga ega, u ham Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a’zosi.

  • Figurali uchish bo'yicha ikki karra Olimpiya chempioni va Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a'zosi Yevgeniy Plushenko Rossiya armiyasida katta leytenant unvoniga ega.

  • Rossiya armiyasi markaziy sport klubi sportchisi va Rossiya armiyasi a’zosi Yevgeniya Burtasova 2022-yilgi Pekin Olimpiadasida biatlon bo'yicha musobaqalarda ishtirok etdi.

  • Rossiya armiyasi markaziy sport klubi biatlonchisi Irina Kazakevich armiyada serjant-mayor unvoniga ega. 2022-yilgi Pekin Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan.

  • Biatlon bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari uch karra bronza medali sovrindori, Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a’zosi Eduard Latipov 2022-yil 29-aprelda armiya leytenanti unvoniga ko‘tarildi.


Latipov lavozimga ko‘tarilganidan so‘ng, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga minnatdorchilik bildirdi:

“Harbiy ruhiyatimiz qiyinchiliklarni yengib, g‘alabalarga erishishimizga yordam beradi. Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarida sport va jismoniy tarbiyaga e'tibor berayotganingiz uchun rahmat. Men armiya a’zosi ekanligimdan faxrlanaman”.

  • Biatlon bo'yicha Olimpiya o'yinlari ikki karra bronza medali sovrindori Aleksandr Loginov Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a'zosi, Rossiya armiyasida leytenant unvoniga ega.

  • Maksim Tsvetkov 2022-yilgi Pekin Olimpiadasining erkaklar o‘rtasidagi biatlon estafetasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. U ham Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a'zosi, armiyada katta leytenant.

  • Balandlikka sakrash bo'yicha Olimpiya chempioni Mariya Lasitskene armiyada kapitan unvoniga ega, Rossiya armiyasi markaziy sport klubi a'zosi. Rossiya Mudofaa vazirligi uni "Harbiy jasorat uchun" medali va Faxriy yorliq bilan taqdirlagan.
  • 2020-yilgi Tokio Yozgi Olimpiada o‘yinlarida gimnastika bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi Nikita Nagorniy Rossiya Milliy gvardiyasi terma jamoasi tarkibida bo‘lgan, serjant-mayor unvoniga ega.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG