Yaqinda Kanada Rossiyaning yadro sektoriga sanksiyalar joriy etdi. “Rosatom”ning shu’ba korxonalari nishonda. Aprelda AQSh ham sanksiya qo’ygan edi, ammo ko’pgina G‘arb davlatlari “Rosatom” bilan aloqalarini davom ettirmoqda.
G'arb qazib olinadigan yoqilg'i borasida Rossiyaga qaramligini kamaytirmoqda. Lekin yadro yoqilg'isiga kelganda, masala qiyinroq.
Amerikaning “Forbes” jurnaliga ko'ra, Rossiyaning "Rosatom" yadroviy energetika korporatsiyasi jahonda boyitilgan uran bozorining 38 foizini nazorat qiladi, umuman global bozorda Rossiya ulushi 46 foizga to’g’ri keladi.
Ukraina rasmiylari bir necha bor G‘arb hukumatlariga murojaat qilib, ularni Rossiyaning atom sanoati, xususan, “Rosatom”ga sanksiyalar joriy etishga chaqirgan. Shu jumladan, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham.
"Ukraina nima uchun Zaporojye atom zavodini ishg'ol etishda va bizning xavfsizligimizni xavf ostiga qo'yishda davom etayotgan “Rosatom”ga nisbatan sanksiyalar qo'llanilmaganini tushunmayapti", - deydi Zelenskiy.
Javob raqamlarda ko’rinadi. “Yevroatom” ma’lumotlaruga ko’ra, Yevropa 2022-yilda uranning qariyb 17 foizini Rossiyadan va 27 foizga yaqinini Rossiyaning ittifoqchisi bo’lmish Qozog‘istondan olgan. Yevropa Ittifoqining Rossiya yadro yoqilg'isiga bo'lgan tobeligi yanada kuchayishi kutilmoqda.
2022-yilda AQSh kompaniyalari Rossiyadan 1 milliard dollarga teng yadro yoqilg‘isi sotib olgan. 2023-yilning aprel oyida AQSh “Rosatom” shu‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritdi.
“Sanksiyalar joriy etila boshlanganida, ya’ni 2014-yilda AQSh hukumati uchun shu ishni bajarib yurgan vaqtlarimda, Rossiyada biznes bilan shug‘ullanayotgan har bir kompaniyani manbalarni diversikatsiya qilishga chaqirgan edim, ruslar ta’sir o’tkaza olmasligi uchun. Yadroviy material manbalarini diversifikatsiya qilishga ancha kech qoldik”, - deydi Atlantika Kengashi mutaxassisi Daniel Frid.
Virjiniya Politexnika universiteti dotsenti Sonya Shmidga ko’ra, G'arb boshqa uran yetkazib beruvchilarni topishi mumkin, ammo uranni boyitishning muqobil usullarini topish qiyin bo'ladi.
“Uranni boyitish bir kechada bajarsa bo’ladigan ish emas. Bu vaqt va sarmoya talab qiladigan va qimmat jarayon. Kapitalistik bozorda allaqachon ana shunday imkoniyatlarga ega ta’minotchini qidirasiz”, - deydi u.
Ukraina esa ana o’sha ta’minotchiga aylanishni istaydi. Energetika vaziri German Galushchenkoning aytishicha, mamlakat 2022-yilda AQShning “Westinghouse” atom energetika kompaniyasi bilan Ukrainaning barcha atom elektr stansiyalarini yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuv imzolagan.
Galushchenko fikricha, Ukraina o‘z yadro yoqilg‘isini taxminan uch yildan keyin ishlab chiqara boshlaydi. Chexiya, Slovakiya, Finlyandiya va Bolgariyani ham yadro yoqilg'isi bilan ta'minlashi mumkin.
"Bu Rossiya monopoliyasidan xalos bo'lishga imkon beradi", - deydi vazir.
Ba'zi Yevropa davlatlari allaqachon Rossiya yadro yoqilg'isidan uzilish uchun choralar ko'ra boshlagan. Finlyandiya Rossiya bilan yangi elektr stansiyasini qurish borasidagi kelishuvini bekor qilgan. Shvetsiyaning hukumatga qarashli “Vattenfall” kompaniyasi esa Rossiyadan yadro yoqilg‘isi sotib olishdan umuman bosh tortdi.
Shunday bo’lsa-da, ko’pgina G'arb davlatlari hali ham Rossiyaning yadro yoqilg'isiga qaram. Bu esa sanksiyalar ta'sirini kamaytiradi. Mutaxassislar fikricha, yechim - muqobil manbalarni topishda va Ukraina ana shu muqobil manbaga aylanishga umid qilmoqda.