Eronda 22 yashar Mahsa Aminiy ismli kurd ayolning Tehron politsiyasi mahkamasida jon berganiga bir yil bo’ldi. Bugun Qo’shma Shtatlar Aminiyning o’limidan so’ng Eronda avj olgan namoyishlarni bostirishda qo’li bor 18 mulozimni qora ro’yxatga kiritdi.
Ular orasida xavfsizlik idoralari rasmiylari, qamoqxona tizimi rahbari, hukumat a’zolari va davlat matbuoti vakillari bor.
AQSh Kongressi ham Aminiyni xotirladi.
“Qadr-qimmat, hurmat va o’zgarish talab qilgan xotin-qizlar qattiq ta’qibga uchradi, natijada 600 dan ortiq eronlik nobud bo’ldi, salkam 22 ming odam hibsga olindi. Bunday xatti-harakat va mansabni suiiste’mol qilishni oqlab bo’lmaydi”, - deydi demokrat vakil Din Fillips.
Muxolif respublikachi qonunchilar nazarida, Eron inson huquqlari bilan bog’liq muammolarini hal qilmadi, qamoqdagi besh amerikalikning ozodligi evaziga Bayden Eronning muzlatilgan olti milliard dollarini unga qaytarmoqda.
Vashingtonlik tahlilchi Behnam Ben Taleblu Oq uyning bu qarorini tanqidga oldi.
“So’nggi garov puli to’lovlari Kongressni chetlab o’tadigan kichikroq va qog’ozga tushmaydigan kelishuvga yo’l ochib berishi mumkin”, - deydi u.
Oq uyga ko’ra, Eronga qaytarilayotgan pul bevosita hukumatga uzatilmaydi, Qatardagi maxsus hisob raqamlariga o’tkazilib, uning sarflanishi qattiq nazorat etiladi.
“Eronga, rejimining inson huquqlarini poymol etishiga qarshi turishda, uning xorijdagi beqarorlashtiruvchi harakatlari, terrorizmga xayrixohligiga qarshi turishda davom etamiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi.
Kongressda qonunchilarga hisobot bergan tahlilchilarning aytishicha, sobiq prezident Donald Tramp Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuvdan chiqib xato qilgan.
“Diplomatiya, muzokaralar, muzlatilgan pullarni qaytarish – bundan boshqasi ish bermaydi”, - deydi Stimson markazi eksperti Barbara Slavin.
Kongressda har ikki partiya qonunchilari kelishib, MAHSA qonunini qabul qildi. Unda Bayden ma’muriyatidan Eron rahbarlariga sanksiyalar qo’yish talab qilinadi.