Breaking News

Eron amerikalik mahbuslarni ozod etishi mumkin


Eron Janubiy Koreyada muzlatilgan milliardlab dollar pullarining qaytarilishi evaziga Tehrondagi Evin qamoqxonasidan besh amerikalikni mehmonxonada uy qamog’iga o’tkazishga qaror qildi. Ularning ikki fuqarolikka ega amerikalik eronliklar ekani ma’lum.

Xalqaro hayot - 11-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:36 0:00

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ushbu xabarni ijobiy baholab, endi fuqarolarini vataniga qaytarish kerakligini aytdi.

“Erta xulosa qilgim yo’q, chunki ularni uylariga qaytarish uchun yana ancha ishlar qilish kerak. Eng yomon tushlaridan uyg’onishlarining boshlanishi bu”, - dedi rasmiy.

Blinken Tehronning bu qarori Eronga qo’yilgan sanksiyalarning yumshatilishiga olib kelishi haqidagi taxminlarni inkor etdi.

“Bu hech bir holatda sanksiyalarning yumshatilishiga olib kelmaydi. Amerikaliklarni ozod etish uchun Eron pullarini cheklangan hisob raqamlariga o’tkazib, ular faqat gumanitar maqsadda sarflanishini nazorat etamiz. Bu sanksiyalardan holi holat”, - dedi Blinken.

AQShning Strategik va xalqaro izlanishlar markazining tahlilchisi Jon Alterman qamoqdagilardan biri uning do’sti ekanini aytadi.

“Siamak Namoziyni 1990-yillardan beri taniyman. U halol inson, AQSh va Eron o’rtasidagi ziddiyatlarni kamaytirishga ko’p harakat qilgan. Ammo bu ishlari uchun sakkiz yil Evin qamoqxonasiga tashlanib mukofotlangani achinarlidir. U va boshqalarning tez orada oilalari bilan qovushishidan xursandman”, - deydi ekspert.

Aksariyat kuzatuvchilar amerikalik mahbuslarning ozod etilayotganini olqishlamoqda. Biroq ba’zilari nazarida, Janubiy Koreyada 6 milliard dollarga teng muzlatilgan pullarning Eronga qaytarilishidan ayrim davlatlar noto’g’ri xulosa chiqarishi mumkin.

“Amerikaliklarni ozod etish uchun pul to’lashimizning oqibatlari qanday bo’lishi mumkin? Masalan, ayni damda Rossiyada Evan Gershkovich saqlanmoqda. Bugun uning narxi ancha ko’tarilib ketdi deb o’ylayman. Xitoyda josuslik haqida qonun qabul qilindi. Davlat departamenti Xitoyga bormoqchi bo’lgan fuqarolar garovga olinishi mumkinligi haqida ogohlantirish chop etdi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Richard Goldberg.

Amerikalik jurnalist Evan Gershkovichning Rossiyada josuslik ayblovi bilan qamalganiga uch oydan oshdi. AQSh uning josus ekanini inkor etgan holda uning asossiz ushlab turilayotganini bildirmoqda, muxbirni ozod etishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG