AQSh va Niderlandiya ketidan shu hafta Yaponiya ham ilg’or mikrochiplar texnologiyasining eksportiga cheklov qo’ydi. Yarimo’tkazgichlar texnologiyasining jami 23 ta turi cheklovlar ro’yxatiga kiritildi - plyonkalarni kremniy plastinalarga joylashtiradigan mashinalardan tortib chiplarning mikroskopik sxemalarini o’chirishga imkon beruvchi moslamalargacha.
Yapon tahlilchisi Yoshiaki Takayamaning aytishicha, ushbu cheklov Xitoyning ilg’or chiplar tayyorlash salohiyatiga salbiy ta’sir qiladi.
“Eng zamonaviy yarimo’tkazgichlarni tayyorlovchi kompaniyalar soni dunyoda o’ta cheklangan ekan, Yaponiyaning ushbu qarori Xitoyga nafaqat ilg’or chiplarni import qilish, balki ishlab chiqarishni ham qiyinlashtiradi”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar o’tgan yil oktabrida o’xshash chora ko’rgan edi. Vashington bu bilan Xitoyning ilg’or texnologiyalardan harbiy maqsadlarda foydalanishini cheklamoqchi.
“Katta Yettilik” guruhining may oyida Yaponiyada o’tgan sammitida ittifoqchi davlatlar Xitoyga iqtisodiy qaramlikdan, jumladan yarimo’tkazgichlar texnologiyalariga tobelikdan qutulish zaruratiga kelishib olgan.
“Bu bilan Xitoyning ilg’or yarimo’tkazgichlarni ishlab chiqarish salohiyati qisqa va o’rta muddatda rivojlanmaydi. U ilmiy va texnologik izlanish va taraqqiyot bobida ortda qolib ketadi”, - deydi Takayama.
Yaponiya e’lon qilgan cheklov 160 mamlakatga taalluqli. Pekin uning bu qarorini qoraladi.
“Xitoyning jiddiy xavotirlariga qaramay, Yaponiya Xitoyga qarshi qaratilgan eksportni nazorat qilish chorasini amalga oshirishga kirishdi”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Nin.
Ba’zilar Pekinning javob choralaridan xavotirda.
“Xitoy muayyan yapon kompaniyalariga nisbatan chora ko’rishi mumkin. AQShning chip ishlab chiqaruvchi “Micron” kompaniyasiga qo’yilgan sanksiyalar kabi. Yoki Yaponiya bilan muayyan mahsulotlar savdosini cheklab qo’yishi mumkin”, - deydi Takayama.
Tahlilchilar nazarida, G’arb davlatlari eksport cheklovlarini o’zaro muvofiqlashtirishi muhimdir. Yaqin kunlarda Qo’shma Shtatlar eksporti man qilingan yarimo’tkazgichlar ro’yxatini yangilashi kutilmoqda.