Bayden ma’muriyati AQSh sanksiyalarini aylanib o’tishga harakat qilayotgan Xitoyning yanada ko’proq kompaniyalarini qora ro’yxatga qo’shishi mumkin. Bu ro’yxatga tushganlar Amerika texnologiyasi va komponentlarini xarid qila olmaydi.
Tijorat vaziri Jina Raymondoning ta’kidlashicha, hozirda qator tekshiruvlar o’tkazilmoqda, qaysi kompaniyalar ro’yxatga tushishi yaqin orada ma’lum bo’ladi.
“Ular [Xitoy] sanksiyalardan qochishning yangi yo’llarini qidirishyapti, xususan, yangi kompaniyalar ochish orqali. Juda agressiv harakat qilyapmiz va hushyormiz”, - deydi Raymondo.
Imkoniyat bo’lganda, deydi vazir, AQSh eksport bo’yicha cheklovlarini ittifoqchilari bilan ham muvofiqlashtiradi.
Tramp ma’muriyati ham qora ro’yxatdan keng foydalanib, 2019-2020 yillarda unga “Xuavey” (Huawei), chiplar ishlab chiqaruvchi “SMIC” va dronlarga ixtisoslashgan “DJI” kabi kompaniyalarni kiritgan.
AQShning amaldagi hukumati bu siyosatni davom ettirib, 2021-yilning noyabrida ro’yxatni kengaytirdi. Xitoyning o’nlab kompaniyalarini AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosiy manfaatlariga tahdid deya belgilanib, ro’yxatga qo’shildi. Ba’zi hollarda bu kompaniyalar Xitoy qurolli kuchlariga kvant sohasida yordamlashayotgani sabab qilib ko’rsatilgan.
O’tgan yilning dekabrida AQSh Tijorat vazirligi Xitoy Harbiy tibbiyot akademiyasi va uning 11 ta tadqiqot institutini qora ro’yxatga kiritgan.
Vazir Jina Raymondo “Apple” kompaniyasi ayrim zavodlarini Xitoydan ko’chirishi haqidagi so’nggi xabarlarga ishora qildi.
“Xuddi shunday rejasi borligini Xitoyda o’nlab yillardan buyon ishlayotgan boshqa AQSh kompaniyalaridan ham eshityapman”, - deydi u.
Joriy yil fevralida Tijorat vazirligi Xitoyning 33 kompaniyasini “tasdiqlanmagan ro’yxatga” qo’shdi. Ya’ni AQSh eksportchilari bu kompaniyalarga mahsulot sotish uchun qo’shimcha talablarga javob berishi kerak.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasiga ko’ra, “AQSh milliy xavfsizlikni keng talqin qilib, Xitoy korxonalarini har tomonlama bostirish va cheklash uchun davlat hokimiyatini suiiste’mol qiladi”.
Facebook Forum