AQSh Senati yarimo’tkazgich sanoatiga 52 milliard dollar miqdorida subsidiya ajratish tomon yana bir qadam tashladi. Mamlakatni, deydi qonunchilar, pandemiya davrida ro’y bergan ta’minotdagi uzilishlardan himoya qilishimiz kerak.
Ko’rib chiqilayotgan qonun loyihasi, shuningdek, Xitoy bilan poygada AQShning raqobatbardoshligini oshirishni ko’zlaydi.
Yarimo’tkazgichlar, oddiy qilib aytganda chiplar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonining muhim elementlari sanaladi. Ular xususan kompyuterlar, uyali telefonlar va avtomobillar uchun zarur. Chiplar tanqisligi ko’plab sohalarda ishni sekinlashtirgan.
Shu hafta Senatda to’liq ovozga qo’yilishi kutilayotgan qonun loyihasi AQShda chip korxonalari qurishni rag’batlantiradi. Agar loyihani Vakillar palatasi ham ma’qullasa, Prezident Jo Bayden unga qo’l qo’yishi kutilmoqda.
Senatda demokratlar sardori Chak Shumer deydiki, loyiha “inflyatsiyaga qarshi kurashish, AQShda ishlab chiqarishni oshirish, xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga” qaratilgan.
“Uni qabul qilmasak, Amerika juda ko’p sohalarda orqada qoladi. Birinchi raqamli iqtisodiyot va innovator degan o’rnimizni ham boy berishimiz mumkin”, - deydi u.
Senator Jon Kornin:
“Agar bir yil davomida AQSh ilg’or yarimo’tkazgichlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo’lsa, yalpi ichki mahsulotimiz 3,2 foizga qisqarishi, 2,4 million odam ishidan ayrilishi mumkin”.
Subsidiya olish uchun kompaniyalar uni o’z aksiyalarini qayta sotib olishga, aksiyadorlarga dividend to’lashga sarflamaslikka, hujjatda ro’yxati keltirilgan mamlakatlarda ishlab chiqarishni kengaytirmaslikka rozi bo’lishi shart. Shartlarni buzgan kompaniyalardan mablag’ qaytarib olinadi.
Ikkinchi urinish
AQSh Kongressi yarimo’tkazgich sanoati uchun ilgari ham yordam ajratishga harakat qilgan. O’tgan yili 250 milliard dollarlik loyiha Senatdan o’tib, Vakillar palatasida matni o’zgartirilgan va oxir-oqibat ovozdan o’tmagan edi.
Palata spikeri Nensi Pelosiga ko’ra, muhokamadagi yangi qonun yaxshi to’lanadigan 100 mingta ish o’rni yaratadi.
“Iste’molchilar uchun xarajatlarni kamaytirish, 21-asr iqtisodiyotini qurish uchun zarur bu. Xorijiy ishlab chiqaruvchilarga qaramlikni kamaytirish milliy xavfsizlik bilan ham bog’liq”, - deydi u.
Facebook Forum