AQSh Savdo vazirligi tomonidan e'lon qilingan ma'lumotga ko'ra, Qo'shma Shtatlar o’tgan bir yil ichida rekord darajada savdo kamomadini qayd etgan. Bu esa pandemiya cheklovlari ortidan kuchli iqtisodiy o'sish yuz berganidan va iste'mol talabi yanada oshganidan dalolat beradi.
2021-yili AQShda import hajmi eksportdan 859,1 milliard dollarga ko'p bo’lgan. Bu 2020-yilga nisbatan 27 foizga yuqori va shu paytgacha kuzatilgan eng katta bir yillik ko'rsatkichdir.
Birgina dekabr oyida eksport va import o’rtasidagi tafovut 80,7 milliard dollardan ko'proqni tashkil etgan.Bu sentabr oyida o'rnatilgan 80,8 milliard dollarlik bir oylik rekorddan biroz kam. Dekabr oyida mamlakatning umumiy importi 308,9 milliard dollarni tashkil etgan; eksport esa 228,1 milliard dollarga yetgan.
Iqtisodiy salomatlik belgisi
Savdo kamomadi ko'pincha salbiy ma'noga ega bo'lsa-da, iqtisodchilar, odatda, uni iqtisodiy o’sish belgisi sifatida ko'radi. Bu ayni paytda mamlakatga investitsiyalarning sof oqimini ham ifodalaydi.
Shveysariyaning Bern universiteti qoshidagi Jahon savdo instituti boshqaruvchi direktori, iqtisodchi Jozef Fransuaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQShda qachon iqtisodiyot faollashsa, defitsit yanada kuchayadi.
Kuchli AQSh iqtisodiyoti xorijiy sarmoyani jalb qiladi, yangi ish o'rinlari yaratishga yordam beradi va iste'molni oshiradi. Ehtiyojlarning aksariyati xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qaratilgan, deydi Fransua.
"Siz ko'proq sarmoya jalb qilyapsiz, chunki odamlar AQSh iqtisodiyoti yaxshilangani uchun ko'proq pul kiritishni xohlaydi. Natijada savdo taqchilligi yomonroq ko'rinadi, ayniqsa, tovarlar uchun. Xullas, ko'plab ish o'rinlari yaratilsa va COVID inqirozidan xalos bo'linsa, siz avvalgi darajaga qaraganda kamomadda o'sishni ko'rasiz”, - deya qo’shimcha qildi u.
Fransua, shuningdek, AQShdagi savdo taqchilligi Amerikada ishchi o’rinlari kamayishiga hissa qo’shadi, degan tushuncha noto’g’ri ekanini aytadi.
“Agar taqchillik katta boʻlsa, ish oʻrinlarini yoʻqotasiz, degan gʻoya shunchaki haqiqatga zid, - deydi u. - Iqtisodiyot yaxshilanganda, defitsit kattalashadi. Yana shuni yodda tutingki, siz ko'proq sarmoya kiritishni xohlaysiz. Bu ish o'rinlarini yaratadi. Agar sizda savdo kamomadi bo'lmasa, sof sarmoyaga ega bo'lolmaysiz".
Bayden ma'muriyati iqtisodiy yaxshilanishni kutmoqda
Milliy Xavfsizlik Kengashi so’zlovchisining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Oq uy seshanba kuni e'lon qilingan savdo raqamlarini AQSh iqtisodiyotidagi ijobiy o’zgarishlarning bir qismi sifatida ko'radi. Ma’muriyat shu bilan birga eksport hajmini oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlarga ham ishora qiladi.
"2021-yil davomida eksportimiz ham pandemiya tufayli 2020-yilda kuzatilgan pasayishdan chiqdi", - deya qo’shimcha qildi u. - Masalan, Prezident Baydenning birinchi 11 oyi davomida Amerika qishloq xo'jaligi eksporti rekord darajadagi 160 milliard dollarga yetdi. Mamlakatning o’zida bu sektor 342 milliard dollarlik umumiy qiymat va 1,2 milliondan ortiq ish o'rinlari yaratdi”.
Milliy Xavfsizlik Kengashi vakili, shuningdek, Bayden ma'muriyatining AQSh tovarlarini chet elga ko'proq sotishga qaratilgan sa'y-harakatlarini eslatib o'tdi.
"Aytish kerakki, savdo taqchilligi Amerikaning farovonligini yoki Amerikaning dunyodagi ta'sirini belgilamaydi, - dedi matbuot kotibi. - Aslida taqchillikning so'nggi paytlarda o'sishi, birinchi navbatda iqtisodiy tiklanishning kuchliligi va ma'muriyat ta'minot zanjiridagi uzilishlarni hal qilish uchun qilgan sa'y-harakatlarining belgisidir".
Xitoy bilan kamomad kattaligicha qolmoqda
Xitoy AQSh savdo taqchilligining yagona yirik manbai bo'lib qolmoqda. 2021-yilda umumiy kamomadning 355,3 milliard dollari yoki umumiy defitsitning 41 foizi Xitoyga to’g’ri kelgan. Bu ko'rsatkich 2020-yildagi 310,3 milliard dollardan ko'p.
2021-yilda ikkinchi o’rindagi eng katta savdo kamomadi Meksika bilan bo'ldi. U AQShga import qilinganidan 108,2 milliard dollarga ko'proq mahsulot va xizmatlar eksport qilgan. Lekin bu 2020-yildagi 113,7 milliard dollarlik kamomaddan pastroq.
AQSh Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ham sof taqchillikka ega; bu hududdan eksport qilganidan 219,6 milliard dollarga ko'p mahsulot va xizmatlar import qilgan. Bu 2020-yilga nisbatan 19,1 foizga ko’p. Umumiy defitsitda Yevropa ulushi o’zgarishsiz qolgan: 26 foiz.
Xitoy bilan savdo ziddiyatlari davom etmoqda
AQSh rasmiylari Xitoy 2020-yil yanvar oyida Tramp maʼmuriyati tomonidan muzokara qilingan Birinchi bosqich savdo bitimida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini haligacha bajarmaganidan hafsalasi pir boʻlmoqda. Bitim boshlangan savdo urushidagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan.
Shartnomaga ko'ra, Xitoy hukumati AQShdan xaridlar miqdorini 2020-yilgacha bo'lgan darajadan 200 milliard dollarga oshirishga va'da bergan edi.
Seshanba kuni Piterson Xalqaro Iqtisodiyot instituti tomonidan e'lon qilingan tahlil shuni ko'rsatdiki, o'shandan beri Xitoyning AQSh tovarlarini sotib olish darajasi bu va'dalardan ancha pastligicha qolmoqda.
"Xitoy kelishuv bo'yicha sotib olishi kerak bo’lgan AQSh tovarlarining atigi 57 foizini xarid qilgan. Bu hatto savdo urushi boshlanishidan avvalgi import darajasidan ham past, - deya ta'kidlanadi tahlilda. - Boshqacha qilib aytganda, Xitoy Tramp kelishuvida va'da qilgan qo'shimcha 200 milliard dollarlik eksport mahsulotining hech birini sotib olmadi".
Seshanba kuni Oq uyda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining aytishicha, Bayden ma'muriyati AQSh Savdo vakili idorasi orqali ushbu masala bo'yicha "o’z tashvishlarini bildirgan".
"Xitoy o'z majburiyatlarini bajarishi mumkinligini ko'rsatishi kerak", - deya qo’shimcha qildi Psaki.
Facebook Forum