Breaking News

AQSh Osiyo mintaqasida yangi savdo kelishuvini tuzmoqchimi?


Kelasi bir necha hafta ichida Bayden ma'muriyati Hind-Tinch okeani mintaqasida iqtisodiy hamkorlik asoslari bo'yicha rejalarini e'lon qilishi kutilmoqda. Qo'shma Shtatlar bir necha oydan beri Xitoy nufuzini cheklashga qaratilgan savdo qoidalarini yaratish ustida ishlab kelayotgan edi.

Donald Tramp prezident bo’lgandan keyin Qo'shma Shtatlar Obama ma’muriyati davrida yo’lga qo’yilgan keng qamrovli Trans-Tinch okeani savdo kelishuvidan chiqqan edi. Oradan besh yil o'tib Vashington yana shu yo’nalishda iqtisodiy hamkorlikni tiklashga urinmoqda.

Oktabr oyida Prezident Jo Bayden shu haqdagi bayonotini e'lon qilgan edi. Unda savdoni osonlashtirish, raqamli iqtisodiyot va texnologiyalar standartlarini yaratish, ta'minot zanjirining barqarorligi, ekologiya va toza energiya, infratuzilma kabi sohalarda umumiy maqsadlarni aniqlash lozimligi ta’kidlanadi.

Ma'muriyat rasmiylarining qayd etishicha, so’nggi haftalarda shu maqsadda olib borilayotgan sa'y-harakatlar o'z samarasini bera boshlagan.

O'tgan hafta Vashington Xalqaro Savdo Assotsiatsiyasi tomonidan o'tkazilgan tadbirda AQShning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo'yicha savdo vakili o'rinbosari Sara Bianchi rasmiy rejani qabul qilish uchun hali yana qilinadigan ishlar borligini aytdi.

Qoidalarni yozish imkoniyati

“Maʼmuriyat Hind-Tinch okeani mintaqasidagi faoliyatlari haqida ishoralar bera boshlagani muhim, – dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Milliy tashqi savdo kengashi prezidenti Jeyk Kolvin. – Mintaqadagi iqtisodiy ittifoqchilar bilan bir qator masalalar bo'yicha hamkorlik qilishga e’tibor qaratilgani bizni quvontiradi".

"Biz uzoq vaqt davomida Bayden ma'muriyatida Hind-Tinch okeani mintaqasida raqamli va elektron tijorat qoidalarini yozish imkoniyati borligini aytib keldik va ular buni boshlaganidan juda xursandmiz."

Ma'muriyatning maqsadi prezident tilga olgan barcha masalalarni qamrab oluvchi umumiy kelishuv tuzish bo’lmasligi mumkin. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining xalqaro biznes bo'yicha eksperti Uilyam Reynsh kabi ekspertlarning taxmin qilishicha, muzokaralar davlatlar bilan alohida-alohida o’tkazilishi mumkin. Tomonlar ishchilar uchun yaxshi sharoit yaratish talablari va ekologiya majburiyatlarini o’z zimmasiga olmasdan turib raqamli iqtisodiyot standartlari va ta'minot zanjirining barqarorligi bo'yicha muzokaralar olib borishi mumkin.

Piterson Xalqaro Iqtisodiyot institutining katta ilmiy xodimi Gari Xafbauer kabi boshqa ekspertlar ma'muriyat o'z oldiga qo'ygan ko'plab maqsadlarga qanchalik erisha olishini savol ostiga olmoqda. Chunki, deydi ular, Vashinton AQSh bozoriga kirishga eng ko’p qiziqayotgan mamlakatlarga eshiklarni lang ochmaydi. Buning uchun ham demokratlar, ham respublikachi qonunchilar orasida mashhur bo'lgan tarif rejimlarini demontaj qilish kerak bo'ladi.

Taklif qilish uchun ko'p narsa yo'q

Bozorga kirish qoidalariga jiddiy o'zgarishlar kiritilmasligi boshqa davlatlar uchun to'siq bo'ladi, deydi ekspert Reynsh "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Osiyoning kichik davlatlari, ehtimol, Xitoy reaksiyasini yengish uchun yetarlicha muhim afzalliklarni koʻrmasa, Pekin qarshilik ko’rsatishi mumkin bo’lgan bunday loyihalarga qoʻshilmaydi. Biz bozorni ochishni takliflar paketidan olib tashladik. Endi ma’muriyatga savol: Taklif stolida o’zi nima bor?" – deya qo’shimcha qiladi u.

Reynshning ta'kidlashicha, ma'muriyat mavjud savdo kelishuvlariga o'zgartirishlar kiritish uchun Kongressga murojaat qilishni rejalashtirmayotganligi haqida oldindan ishora bermoqda. Bu orqali ular ko’p narsa kutmaslikni oldindan aytayotgandek, deydi kuzatuvchilar.

Quruq va’dalardan nariga o’tilmasligi mumkin

Piterson instituti xodimi Xafbauerning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, ma'muriyat o'z hamkorlaridan ko'p va’dalarni olishi dargumon, chunki jiddiy o'zgarishlarga olib keladigan imtiyozlar taklif qilinmayapti.

AQShning savdo siyosati: O’tgan to’rt yil va kelajak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

"Qo'shma Shtatlar boshqa mamlakatlarni yaxshi mehnat standartlariga rioya qilishga majburlamoqchi. Bu, shubhasiz, xitoy millatidagi fuqarolarini kamsituvchi Vyetnam va balki Malayziya haqida. Ular zimmasiga ekologik talablarni qo’yishga ham urinishadi", - deydi Xafbauer.

Uning fikricha, ma'muriyat rivojlanayotgan mamlakatlarni "eng yaxshi sa'y-harakatlarini" qilishga va'da beradigan noaniq tildan boshqa biror narsaga ko'ndira olmaydi.

" Agar AQSh bozoriga kirish bo'yicha qandaydir imtiyozlar bo'lmasa, ular bu masalalarda ijrosi majburiy bo'lgan biror narsaga rozi bo'lmaydi. AQSh esa bunday qilmoqchi emas", - dedi Xafbauer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG